"Хurjunimda soʻzlar bugʻlanaverib, Bulutga aylanib ketadi oxir".

11:30 10 Mart 2020 Madaniyat
909 0

“Xalq soʻzi” gazetasi yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tahririyat rasmiy veb-sayti Madaniyat rukni ostida “Yosh ijodkorlar gurunggi” ni tashkil etdi. Unda yosh shoir, nosir va tarjimonlarning ijodiy ishlari eʼlon qilib boriladi. Marhamat, oʻqing, bahra oling.

Navbatdagi ijodkor farg'onalik yosh tarjimon Nozima Habibullayeva.

Nozima HABIBULLAYEVA — 1996-yil Fargʻona viloyatida tugʻilgan. Oʻzbekiston davlat konservatoriyasini tamomlagan (2019). “Moviy qoʻshiq” nomli sheʼriy toʻplami oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi tomonidan 10 ming nusxada chop etilgan. Zomin respublika yosh ijodkorlar seminari ishtirokchisi. Rus, turk va ozar tillaridan tarjimalar qilib boradi. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori (2020). Hozirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Oliy adabiyot kursi tinglovchisi.

Exo

P. VASKO

Boʻm-boʻsh xona –

Qotib qolgan vaqt,

Ichimga berkina boshlayman.

Akkillaydi menga qarab shift,

Va men unga suyak tashlayman.

Torayib keladi burchaklar,

Gilam bosh koʻtarar baqirib,

Xuradi, horiydi devorlar,

Suyakla siylayman har birin.

Suyakla siylayman har birin…

Boʻm - boʻsh xona –

Uvillaydi vaqt.

Boʻm-boʻshman (suyagim qolmagan!)

Yuzlab javoblarda qichqiriqqa aylanaman.

Qaytaraman!

Qaytaraman!

Qaytaraman!

Aks sado oʻlmagan!

Oʻlmagan!

Oʻl-ma-g-a-a-n!

Suhbat

Ayt, nega voz kechib nafis oqimdan,

Pishqirib boryapsan toshmoqqa mahtal,

axtar

sohilingdan chiqmoq yoʻlini,

devorlar tirsillab ketsin yorilib,

Senga qanday choʻzay yordam qoʻlini -

Qayerdan chiqarib yuboray Erkka?

Qonim-ay, ozodlik istaysan,

yoʻq- yoʻq!

Sen oʻpich kutyapsan quyoshdan

ammo,

Buning oqibatin bilmaysan hamon,

yomon,

Kul boʻlar, kul, Quyoshning labi!

Tushungin, men seni tushungan kabi.

Toshlanma. Ogʻirlab boryapman, toki

Yengilmasdan yengil uchgil halinchak,

Va beshak,

aylangan boshim misoli,

boʻgʻzimdan qaytguvchi yoshim misoli

charxpalak boʻlasan vujudim uzra.

Izlan

Meni izla...

Bilaman,

erk berdim erksizligimga,

Dahl etib sarhadli cheksizligimni

Chaqib borayotgan alvon ilonim.

Oqaver,har qancha oʻzingga tomon,

Toʻxtama!

Davom et,

davom et,

davom!

Himoya

Koʻzlarimga diqqating qarat,

Olovlarni koʻmganman

qaynoq

Kulgularing atirgulini

lablaringdan olaman uzib.

Men sohilga aylanyapman boq,

Koʻnglingdagi ilk bahor uzra,

Hatto, quvonch koʻzyoshlaringda

tomchilarning sarhadi menman.

Erkinligim shundan iborat.

Ijozatga tushmaydi izim,

Haqiqatning barmoqlari-la

qazirkanman oʻzimni oʻzim

Dildan

dilga oʻtib boraman.

Himoya qilaman,

koʻzlaringdagi

osmonning eng kichik darchasigacha.

Zaminning kaftimiz ichra chizilgan

parchasigacha...

Qara,

Navqiron olmalar quvonchi sinar,

Toʻkilar bulbulning qoʻshiqlaridek,

Boʻgʻzingni arralab borar jazava.

Kesilgan daraxtlar taxlamlarini

Ortmoqlab borarkan yogʻoch arava.

Bir chora topaman! Zora topaman....

Hechkimga bermasam koʻzing shamsini.

Bularning bari

ho-ov ochlik mahali

burda non misoli azizdir menga.

Mudofaa saqlarkan toki jonimni,

Yemayman, hechkimga bermam nonimni!

***

Yana VASKO

O, koʻzlaring nurafshon koʻcha,

unda yoʻq poyon.

Gavharida qaldirgʻoch yashar

entikkancha janubga tomon.

Yaprogʻini toʻkolmas daraxt,

Undan hurkak koʻksing titrogʻi.

Osmon moviy soʻzingga toʻlgan,

Quyosh - qulogʻim.

Ketish

Bu yerda emasman,

Bu yer mendamas.

Joylasha olmadik bir- birimizga.

Mayli, kiravering,

Mayli, qidiring,

Siqib oling hamma yoʻqliklar sizga!

Qaydadir qobirgʻam tegirmon boʻlib

yanchayotir boʻshliq donalarini.

Arzon orzularning yongandan qolgan

Qoldigʻi kuldonda tutaydi gʻarib

Bu yerda emasman.

Chayqalib yotadi bogʻlangan qayiq

Qizil toʻlqinlarni allalab sokin.

Hurjunimda soʻzlar bugʻlanaverib

Bulutga aylanib ketadi oxir.

Bu yerda emasman,

Bu yer mendamas

Joylasha olmadik bir-birimizga.

Endi uzoq ketdim,

Qaygadir yetdim.

Yoʻqligim

Sizga!

***

Nelli ZAKS

Oqshom qayda boʻlsa shundasan,

bunda

Birgasan,

dunyoga qoʻl siltgan ilmlar ichra.

Uzoqdan

barmogʻing titrogʻi uchrab

tegsayoq boʻyalar kema ustuni:

Qanotlanar kema,

ranglanar dengiz...

Nomaʼlum dengizning xaritasini

musiqaga joylab simirib yotar

sening quloqlaring- chigʻanoqlaring.

Poydevor, koʻpriklar...

Buyoqdan

uyoqqa qadar choʻzilgan

Ehtimol, juda joʻn topishmoq

Ammo,

Javob topganlar oʻlgan...

Rus tilidan

Nozima HABIBULLAYEVA tarjimalari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?