Hurriyat bayrogʻi

17:27 18 Noyabr 2019 Madaniyat
393 0

To boshimda shu bayroq bor – koʻnglim baland togʻ boʻldi,

Orzularim gulga kirib, shovullagan bogʻ boʻldi.

Zulmat bosgan yuragimga yogʻdu sochdi yulduzlar,

Inja, nozik hiloli ham toʻlib, oydin moh boʻldi.

Taʼzim aylab, labim bossam, yuksalaman, shu bayroq

Olam uzra hilpiragan kundan vaqtim chogʻ boʻldi.

Hurriyatning shamolida koʻrkam raqsin koʻrolmay,

Choʻlpon, Fitrat, Qodiriyday zotlar bagʻri chok boʻldi.

Oʻroq-bolgʻa zarbasidan sachragan qon dogʻlari

Erk tugʻining toʻlqin-toʻlqin epkinidan pok boʻldi.

Qullik bitdi. Tojdor boʻlib, shu bayroqning ostida

Shohsupaga chiqqan oʻzbek oʻgʻlonlari shoh boʻldi.

Nodir boʻldim men ham elda, oqdi sevinch yoshlarim,

Koʻzyoshlarim rangin shoda – moviy, yashil, oq boʻldi!

2019-yil 18-noyabr

Nodir Jonuzoq


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?