Huquqiy ong va madaniyatni oshirishning yangi usullari joriy etiladi

22:42 09 Yanvar 2019 Jamiyat
605 0

Prezidentimizning jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirishga oid Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining telegrammdagi https://t.me/huquqiyaxborot kanalida maʼlum qilindi.


Xoʻsh, Farmon bilan qanday yangiliklar joriy etilmoqda?


Hujjatga muvofiq, jamiyatda huquqiy ong hamda huquqiy madaniyatni yuksaltirish “shaxs — oila — mahalla — taʼlim muassasasi — tashkilot — jamiyat” prinsipi boʻyicha tizimli va uzviy tashkil etiladi.


Xususan, Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 1 yanvargacha qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi hamda qoʻshimcha huquqiy maʼlumotlar yetkazish tizimini oʻz ichiga oladigan Oʻzbekiston Respublikasining Milliy huquqiy internet portali, shuningdek, 2019 yil 1 iyulgacha aholiga bepul maslahat berish portalini oʻz ichiga olgan Advice.uz huquqiy axborot tizimi yaratiladi.


“Huquqiy targʻibot ishlari aʼlochisi” koʻkrak nishoni taʼsis etiladi. Kelgusida mazkur nishon bilan huquqiy madaniyatni yuksaltirishga hissa qoʻshgan shaxslar taqdirlanadi.


Farmonga koʻra, Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

 

Konsepsiya doirasida bolalar uchun maxsus huquqiy portal yaratiladi.


Shuningdek, oilada huquqiy savodxonlikni oshiradigan, har bir elementar huquqiy bilimlarni oʻrgatishga qaratilgan va kundalik hayotdagi muhim masalalar yuzasidan huquqiy qoʻllanma bepul tarqatiladi.


Mahallalarda “Huquqiy axborot kuni” tashkil etiladi.


Taʼlimning barcha bosqichida “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini oʻrganish” hamda “Inson huquqlarini oʻrganish” maxsus oʻquv kurslari boʻyicha oʻrgatish joriy etiladi.


Yoshlar orasida “Street law” (“Koʻcha huquqi”) loyihasini joriy qilish uchun huquqshunos talabalar, yuridik kollejlar oʻquvchilari, nodavlat tashkilotlar vakillaridan iborat koʻngillilar guruhi shakllantiriladi.


Yoshidan kelib chiqib huquqiy savodxonlikning minimal talablari tasdiqlanadi.


Aholini qiziqtirgan huquqiy mavzular yuzasidan “Soʻrov boʻyicha huquqiy targʻibot” loyihasi amalga oshiriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?