Huquq va gʻururning erkak-ayoli boʻlmaydi

13:07 03 Iyul 2020 Siyosat
268 0

Bugungi kunda har qanday jamiyatning asosiy “koʻzgusi” – xotin-qizlar ekanligi shubhasizdir. Chunki jamiyatning ijtimoiy tuzumi qanday boʻlishidan qatʼiy nazar, oʻsha jamiyat aholisi turmushining farovonlik darajasi, oilalar barqarorligi, kelajak avlod – farzandlar tarbiyasi, iqtidori, jamiyatdagi intellektual salohiyat, maʼnaviyat va madaniyat, maʼrifat, qoʻyingki, barcha jabhalarda erishilgan yutuqlar shu jamiyat taraqqiyotiga xotin-qizlarning qoʻshadigan hissasi va oʻsha jamiyatning ayollarga munosabati bilan belgilanadi.

Mamlakatimizda ayollarning oʻz iqtidorlarini namoyon qilishi, qobiliyatiga yarasha ishlashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ana shu imkoniyatlardan foydalanish darajasi esa unga bogʻliq. Agar ayol oʻzini nafaqat ayol, balki inson sifatida jamiyatdagi oʻrnini anglasa, unga tabiat ato etgan qobiliyatni toʻgʻri yoʻnaltira olsa, faqat oila qurishni emas, balki halol mehnati bilan jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishi lozimligini hayotining maqsadi deb bilsa, bu ayol albatta oʻz hayotidan qanoatlana oladi, rozi boʻlib yashaydi. Agarki faqat oilani hayotining asosiy maqsadi qilsa, pirovard natijada namoyon qilinmagan qobiliyat, foydalanilmagan imkoniyat, erishilmagan yutuqlar u uchun armon boʻladi va qalbida barcha narsaga erisha olgan ayollarga nisbatan hasad tuygʻusi shakllanadi, bu uning gʻazabnok boʻlishiga olib keladi.

Bugungi oʻzbek ayoli kim: boshqaruvchimi yo boʻysunuvchi, ergashuvchimi yo ergashtiruvchi? Zamonaviy oʻzbek ayoli portretini qanday chizgʻilar bilan boyitish mumkin? Ayollarning kuchli jins vakillari bilan tengma-teng huquqqa ega boʻlish jarayoni yurtimizda XX asr boshlaridan avj oldi. Sababi, farzand tarbiyalayotgan onalarning oʻzlari ham ziyoli boʻlishi lozimligini koʻpchilik tushuna boshlagan edi. Ayollarimiz ham oilani, ham kasb-hunarni birdek boshqarib, jamiyat uchun kerakli shaxslarga aylandilar. XIX asr oxiri XX asr boshlarining yetakchi maʼrifatparvarlari M. Behbudiy, A.Fitrat, A.Avloniy xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni borasida keng fikrlar bildirganlar. Masalan, Fitratning “Oila” asarida shunday fikrlar bor: ― Ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligi milliy ozodlik, erk uchun zarur: ayollar faqat uy-roʻzgʻor, bola tarbiyasi bilan band qolmasligi kerak”, - deydi.

Yer yuzi aholisining ellik uch foizini ayollar tashkil etadi. Shuning uchun ham gender muammolari bugungi kunning dolzarb masalalaridan biriga aylangan. Mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Ular ijtimoiy-maʼnaviy, siyosiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalarida samarali va faol mehnat qilib kelishmoqda. Asosiy qonunimiz - Konstitutsiyada ham xotin-qizlarning barcha sohalarda teng huquqli ekanligi eʼtirof etilgan. Hukumat tomonidan chiqarilayotgan qaror va farmoyishlarda ayollar, oilalar, farzandlar manfaati hamisha ustuvor boʻlib kelmoqda. Bu saʼy-harakatlar ayollarning jamiyat hayotida faolligi orqali oʻz ifodasini topayotganligi ham ayni haqiqat. Xotin-qizlarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda eʼtibor kuchaytirilayotganligining yana boshqa jihatlari ham bor. Xususan, ularning huquqiy madaniyati va huquqiy savodxonligini oshirish, iqtisodiy faoliyatni keng yoʻlga qoʻyish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish masalalari davlatning muhim maqsadlari qatoridan joy oldi.

Ayolning har qanday ishga masʼuliyati ikki hissa kuchli. Qayerda boʻlmasin, taʼlim tizimimi, sogʻliqni saqlash, transport sohasimi va boshqa boʻlishidan qatʼiy nazar ayol oʻz vazifasini ortigʻi bilan bajara oladi. Bir zamonlar ayollarga zaifa, ojiza deyishgan. Bu soʻzlar hozir ham onda sonda uchrab turadi. Fikrimizcha, hech bir davrda ayol ojiza boʻlgan emas va hozir bunday emas. Ayolga hurmat va ehtirom koʻrsatish, uni asrash va ulugʻlash xalqimiznnng koʻp ming yillik tarixi davomida shakllangan mentalitetining muhim sifatlaridan biri boʻlib, turmush tarzimizning oʻziga xos xususiyati sifatida saqlanib qolmoqda. Markaziy Osiyo xalqlarining dunyoga mashhur “Alpomish”, “Qirq qiz” kabi eposlari, oʻzbek xalq ertaklarida ayollarning mardligi va jasorati, ularning aql-zakovatda erkaklardan qolishmasligi yorqin ifodalangan.

Tenglik, inson rivojlanishi konsepsiyasi bilan bogʻliq holda barcha odamlarga moddiy va maʼnaviy ehtiyojlarni qondirishda teng imkoniyatlar yaratilishini koʻzda tutadi, va, avvalambor, bu hol taʼlim, sogʻliqni saqlash, bandlik va jamiyatning siyosiy hayotida ishtirok etish imkoniyatlariga taalluqlidir. Imkoniyatlar tengligi, avvalo, moddiy farovonlik darajasi, ijtimoiy mavqe, eʼtiqodi, jinsi va qaysi millatga mansubligidan qatʼiy nazar inson huquqlari va asosiy erkinliklari tengligiga asoslanadi, Inson Huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasida (1948-yil) qayd etilganidek, inson qadr-qimmati “ozodlik, adolatlilik va umumiy tinchlik asosidir”.

Asosiy huquq va erkinliklarning yoʻqligi inson va jamiyat tanazzuliga olib kelishi, ijtimoiy va siyosiy tartibsizliklar, zoʻravonlikning yoyilishi va ixtiloflar tugʻilishi uchun shart-sharoit yaratishi mumkin. BMTning inson rivojlanishi muammolariga oid hujjatlarda taʼkidlanganidek, “hech bir jamiyatda xotin-qizlar erkaklarnikidek imkoniyatlarga ega emas. Bundan tengsiz maqom xotin-qizlarning inson salohiyatini rivojlantirishga qoʻshayotgan salmoqli ulushi bilan ushbu jarayon beradigan imtiyozlardagi ulushining kichikligi oʻrtasidagi nomutanosiblikning saqlanib qolishiga olib kelmoqda”. Shu munosabat bilan inson rivojlanishi va demokratlashtirishga doir ustuvor muammolar muqarrar ravishda erkaklar bilan xotin-qizlar oʻrtasidagi tenglikka erishish bilan bogʻliq masalalarga borib taqaladi, va natijada, xotin-qizlar maqomini oshirish va ularning haq-huquqlarini kengaytirish zarurati vujudga keladi.

Oʻzbekiston, Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida birinchilardan boʻlib xotin-qizlarga erkaklar bilan teng huquqlar berilishi borasida qator tadbirlarni amalga oshirdi. 1995-yilda Oʻzbekiston Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida konvensiya(CEDAW)ni ratifikatsiya qildi. Uning qator moddalari milliy qonunchilikka kiritildi. Shu munosabat bilan, jinslar tengligiga erishish boʻyicha tegishli dasturni ishlab chiqish va amalga oshirish eng dolzarb muammoga aylanmoqda. Bu uzoq muddatli maqsad boʻlib, u madaniy, ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy meʼyorlarda jiddiy prinsipial oʻzgarishlarni va mutlaqo yangi tafakkurning shakllanishini taqozo etadi.

Erkaklar va xotin-qizlarning biologik farqlarini mutlaqlashtirish jarayoni shunga olib keldiki, inson faoliyatining koʻplab sohalari sunʼiy ravishda “ayollarga xos” va “erkaklarga xos” turlarga boʻlina boshlandi. Bu esa fan mazmunining oʻzida ham aks etdi. Yangi (gender) konsepsiyasi biologik jins bilan (inglizchasiga – sex) ijtimoiy jins (inglizchasiga – gender) farqlanishiga hamda jinslar orasidagi ijtimoiy munosabatlar faqat erkaklar va xotin-qizlarning biologik oʻziga xosligi bilan belgilanmasligi, ijtimoiy rollar birligi, fiziologik farqlardan sezilarli ravishda kengligini anglashga qurilgan.

Gender tenglik XXI asrda rivojlanish sohasida BMT maqsadlariga erishish borasida prinsipial jihatdan ahamiyatli omildir. Shunga muvofiq tarzda gender yondashuvlarning takomillashtirilishi va joriy etilishi ijtimoiy adolat, inson rivojlanishining teng huquqliligi va barqarorligiga erishish yoʻlida asosiy masala boʻlib qolmoqda. BMT tomonidan qoʻyilgan masalalarning samarali tarzda ijro etish yoʻllarini izlash yangi gender yondashuvlarni ishlab chiqishga olib keldi.

Aholining turli guruhlarining oʻzlarining ijtimoiy rollari va oʻziga xos talablariga mos ravishda rivojlanish boʻyicha faoliyatda ishtirok etishiga nisbatan gender yondashuvning qoʻllanilishi rivojlanishning gender strategiyasini ishlab chiqishi imkonini berdi va unga quyidagi tarkibiy qismlar kirdi:

  • xotin-qizlar ehtiyojlarini ustun tartibda koʻrib chiqish va hisobini yuritish (ayniqsa, madaniy meʼyorlar va qadriyatlar, ularning faoliyatda teng ishtirokini cheklab qoʻygan taqdirda);
  • jamiyatda xotin-qizlar ahvolini erkaklarning ahvoliga nisbatan aniqlash va yaxshilash;
  • xotin-qizlar tomonidan oʻz ahvolini, talab va ehtiyojlarini anglash;
  • xotin-qizlar ahvolini yaxshilashga xalal beruvchi toʻsiqlarni aniqlash;

      • xotin-qizlar faoliyat sohalarini kengaytirish, ular tomonidan anʼanaviy erkaklar rollari va kasb-korlarining oʻzlashtirilishi;

  • oʻtmishdagi kamsitishning bevosita yoki vositali oqibatlarini bartaraf etish;
  • xotin-qizlarning nochor guruhlarini ustun ravishda rivojlantirish.

Gender tengligi – ayollar va erkaklar, qizlar va oʻgʻil bolalar uchun teng huquq, masʼuliyat, imkoniyat, qadriyat va natijalardir. Gender tengligi faqat ayollarga taalluqli masala boʻlmasdan u, erkaklar huquq va majburiyatlarini ham anglatadi. Chunki jamiyat xar ikki jinsdan gender normalari va standartlariga muvofiq harakat qilishni kutadi. Tenglik ayollar va erkaklar bir xil boʻlib qolishini bildirmaydi. Lekin ularning huquqlari, masʼuliyati va tengligi oʻzlari qiz yoki oʻgʻil bola boʻlib tugʻilganlariga bogʻliqdir. Gender tengligi ayollarning ham, erkaklarning ham manfaatlari, ehtiyojlari va ustuvorliklari hisobga olinganligini koʻrsatadi.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekistonda xotin-qizlarini eʼzozlash, jamiyatdagi rolini oshirish davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Shu maqsadda xotin-qizlar manfaatini ifodalovchi qator huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, 2019-yilda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi. “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidan. Ayollarga koʻplab ijtimoiy imtiyozlar joriy qilindi. Ana shunday chora-tadbirlar tufayli ayollarimiz bugungi kunda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning, davlat va jamiyatda kechayotgan hayotbaxsh oʻzgarishlarning faol ishtirokchisiga aylandilar.

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoni gender tenglikning amaliy dasturi boʻlishiga shubha yoʻq. Farmon bilan besh boʻlimdan iborat Milliy strategiyaning hamda 78 banddan iborat Yoʻl xaritasining tasdiqlanishi Oʻzbekistonda inson huquqlarini ragʻbatlantirish, himoya qilish va ularga rioya qilishning aniq maqsad va manzillarini tizimli choralar bilan belgilab berdi. Jumladan, davlat organlarida, nodavlat va xususiy tashkilotlarda, ayniqsa, qarorlar qabul qilish bilan bogʻliq yuqori lavozimlarda ayollarning teng vakilligini taʼminlash siyosatini takomillashtirish, jamoatchilik ongida erkaklar va ayollarning oʻrni haqidagi tushunchalarni oʻzgartirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni amalga oshirish kabi masalalar ikki toifa vakillarining huquqlarini tenglashtirib, gʻururlarini yuksaltiradi.

Ayol qadrini qanchalik yuqoriga koʻtarishga muyassar boʻlsak, milliy gʻururimiz, maʼnaviyat va madaniyatimiz yana-da yuksalishi, oilalarimiz barqarorligi taʼminlanishi, halol va pok, fidoyi, vatanparvar, jamiyatga foyda keltiruvchi, millatimizni butun jahonda koʻz-koʻz qiluvchi farzandlarimiz soni kundan-kunga koʻpaya borishi tabiiy holdir. Zero, har tomonlama faol va oqila, dono, izlanuvchan, zamonaviy ayol mehnatidan, salohiyatidan nafaqat uning oilasi, balki butun jamiyat manfaatdor boʻlishi chin haqiqatdir va biz qurayotgan jamiyatning ogʻir yukini dadil koʻtarib, uning poydevorini mustahkamlab turadigan asosiy kuch – jamiyatimizdagi har bir oila, har bir inson, har bir fuqaro, shu jumladan, xotin-qizlar ekanligini unutmasligimiz kerak.

Gulruh AGZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va 

fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?