Huquq himoyachilaridagi halollik hissi. Toshkent davlat yuridik universitetida boshlangan yangi hayot haqida

15:59 15 Fevral 2019 Jamiyat
884 0

Arxiv foto

Xalqdan hech narsani yashirib boʻlmaydi. Biri boʻlmasa boshqasi, albatta, xabar topadi...

Bundan olti-yetti yil avval xizmat safaridami, yozgi taʼtildami biror hududga yoʻlimiz tushsa, ish joyimizni ichikilab surishtirgan suhbatdoshimiz biroz havas va ochiqcha hasad aralash: “Oʻ-oʻ, zoʻr joyda ishlar ekansiz-u, bitta bolani oʻqishga joylash koʻkida falon ming deyishadi, sizlarga maosh ham kerak emasdir, a?” deganida har qancha gʻazablanmaylik, tilni tishlashga majbur boʻlardik. Axir “boʻrining yesa ham, yemasa ham ogʻzi qon” deydilar.

Shukrki, bugun hamyurtlarimiz men va hamkasblarimga boshqa gapni aytmoqda: “Sizlarning universitetingizga kirish ham, oʻqish ham rosa qiyin deyishyapti. Oʻzlashtirmaganlar, kimni bolasi boʻlmasin, “otchisleniya”ga tushyapti ekan. Avvalgidek, “kirvolsa boʻldi – bitiradi” degan gaplar yoʻq boʻlibdi... shular rostmi?”

Xalq hamma narsani biladi, sezadi. Shu tufayli ham oʻzbekning dilbar shoiri Omon Matjon kamtarlik ila “El bilsa boʻldi...” degandi.

Demak, maqolamiz Toshkent davlat yuridik universitetida kechayotgan bugungi qizgʻin jarayonlarning bir qismini aks ettirish orqali oʻsha elni qoʻshimcha maʼlumotlardan xabardor qilishga bagʻishlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev aholining huquqiy savodxonligini oshirish, yuridik taʼlim sifatini tubdan yuksaltirish, buning uchun esa Toshkent davlat yuridik universiteti faoliyatini har tomonlama takomillashtirish masalasini shaxsan nazoratiga olgani – sohada olib borilayotgan islohot va ijobiy oʻzgarishlarning samaradorligini taʼminlamoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2017 yil 28 apreldagi “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi, 2018 yil 13 apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosi toʻla va toʻkis taʼminlanishiga qaratilgan eʼtibor bir kun boʻlsin susayayotgani yoʻq.

Mazkur hujjatlarga binoan mamlakatdagi barcha darajadagi yuridik taʼlimning tayanch dargohiga aylangan universitetning ilmiy, pedagogik, maʼnaviy-maʼrifiy salohiyati sezilarli ortganini nafaqat respublikamiz, balki xorij mutaxassislari ham eʼtirof etishmoqda. Bu yerda milliy oliy oʻquv yurtlari orasida birinchi boʻlib oʻqitishning modulli kredit tizimi muvaffaqiyatli joriy etildi. Talabalarning professional yurist boʻlib yetishishiga xizmat qiladigan fanlar saralanib, ularning soni optimallashtirildi, yangi fanlar kiritildi. Har bir maʼruza, amaliy mashgʻulot va seminarning barcha jihatdan qiziqarli oʻtishini taʼminlaydigan zamonaviy pedagogik texnologiyalar faol qoʻllanilayotgani evaziga darslar oʻz nomiga yarasha mazmun, salmoq kasb etayotir. Toʻla kapital taʼmirdan chiqarilib, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan auditoriyalardagi mashgʻulotlarni universitet rahbariyati, oʻquv boshqarmasi mutasaddilari xohlagan paytda kuzatishi, oʻrganishi mumkin. Universitetning barcha binolarida, axborot-resurs markazida bepul Wi-Fi hududlari tashkil etilgani talabalarning mashgʻulot va sinovlarga puxta tayyorgarlik koʻrishini taʼminlamoqda.

Modulli kredit tizimining nafaqat talabalar, balki professor-oʻqituvchilar faoliyati, oʻz vazifasiga boʻlgan munosabatiga koʻrsatayotgan ijobiy taʼsirini his qilmaslik mumkin emas. Bu tizim, taʼkidlanganidek, mashgʻulotlar sifati va samarasini keskin oshirishi barobarida, talabalar bilimini baholashda ham obyektivlik taʼminlanishining kafolati boʻlyapti. Aksariyat nazorat turlari – sinov va imtihonlarning yozma shaklda oʻtkazilib, talaba ismi-sharifi yashirilgan holda tekshirishga berilishi, tekshirish jarayoni ham maxsus xonalarda, kuzatuv kameralari ostida oʻtkazilishi har qanday qingʻirlikning, tanish-bilishchilikning payi qirqilishini taʼminlayapti.

Bu degani – oʻqishdan, izlanishdan, puxta bilim olishdan talabaning oʻzi manfaatdor, aks holda uni qayta imtihon topshirish, unda ham boʻlmasa, kursda qolib, yana bir necha yil oʻqish, demakki, shunga yarasha yana shartnoma pulini toʻlash kutib turibdi, deganidir. (Har semestr va yil yakuniga koʻra, bir necha oʻnlab talabalarning oʻqishdan chetlatilayotgani, ularning ayrimlari daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilganda, barcha sudlar universitet qarorini tasdiqlayotgani ham soʻzimiz isbotidir.)

Shuning uchun ham bir paytlar huvillab yotadigan universitet kutubxonasining barcha oʻquv zallari, hatto yoʻlaklarda, foyelarda tashkil etilgan Wi-Fi hududlari yil – oʻn ikki oy talabalar bilan toʻla, tirband. Axborot-resurs markazida boʻlsa, nafaqat milliy huquqshunoslikning, balki dunyo yuridik fanining eng sara adabiyotlari, fan tarixiga oid noyob kitoblar, badiiy adabiyotlar talabalar va professor-oʻqituvchilar ixtiyorida.

Universitet rahbariyati zamonaviy taʼlim sifatini taʼminlashda xorijiy tajribaning oʻrni va ahamiyati gʻoyat muhim ekanidan kelib chiqib, chet elning koʻplab nufuzli oliy oʻquv yurtlari, ilmiy markazlari bilan yaqindan aloqa oʻrnatgan. Bugungi universitet 17 ta xorijiy oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasasi hamda uchta xalqaro tashkilot bilan oʻzaro manfaatli shartnoma, kelishuv va memorandumlarga ega. Ular orasida Buyuk Britaniyaning Huquq universiteti, Germaniyaning Shpayer shahridagi Germaniya maʼmuriy fanlari universiteti, AQSHning Boston kolleji Huquq maktabi, Fransiyaning Tuluza I universiteti, Yaponiyaning Nagoya, Osaka universitetlari, Xitoyning Shimoli-gʻarbiy, Shimoliy Xitoy, Shanxay siyosat va huquq universitetlari, Rossiya Federatsiyasining Oliy sudlov Rossiya davlat universitepti, Ural davlat yuridik universiteti singari nufuzli oliy oʻquv yurtlari bor. 2016-2018 yillar mobaynida TDYUning 100 nafar pedagog-xodimi xorijiy xizmat safariga yuborilib, yirik ilmiy anjumanlarda maʼruzalar oʻqishdi, u yerdagi ijobiy tajribalarni oʻrganib qaytishdi. Oʻz navbatida xorijlik professorlar, ekspertlarning TDYU oʻqituvchilariga, talabalariga seminar-treninglar, mut-kortlar, taʼlimning interaktiv usullari boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilishi muntazam tashkil etilyapti.

TDYU talabalaridan tashkil topgan guruhlar ilk marotaba 2017 yilda F.Djessap (Jessup Moot Court Competition) nomli xalqaro tanlovda hamda 2018 yilning 23-29 mart kunlari Avstriyada oʻtkazilgan Villem Vis (Willem C.Vis Moot) nomli xalqaro tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etdilar. Oʻz navbatida Yaponiyaning Nagoya universitetidan 20 nafar talaba, M.Auezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston davlat universiteti va Kaspiy universiteti magistr va doktorantlari TDYUda stajirovka oʻtashdi. Ayni paytda universitetda 13 nafar xorijiy talaba shartnoma asosida tahsil olayotgan boʻlsa, TDYUning oʻnlab talabalari Yaponiyaning Nanzan, Ritsumeykan, Nagoya, Osaka, XXRning Szyandzin universitetlarining taʼlim grantlarini qoʻlga kiritishdi.

2018/2019 oʻquv yilining 2-semestridan boshlab TDYUda AQSHning Street Law Inc va “White & Case” tashkilotlari bilan hamkorlikda “Street Law” loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ayni maqsadda universitet oʻqituvchilari AQSH va Rossiya taʼlim muassasalarida malaka oshirib qaytishdi. Mazkur loyiha doirasida TDYUning yuqori kurs talabalari, magistrlari tomonidan yuridik kollejlar va maktablarda yurisprudensiya boʻyicha dars mashgʻulotlari olib boriladi.

Bularning hammasi universitet faoliyatining xalqaro andozalarga tezroq moslashishiga, bu yerdagi ilm dunyoga, dunyo ilmi esa universitet auditoriyalariga kirib kelishiga xizmat qilyapti.

Universitet professor-oʻqituvchilari koʻplab yangi qonunlar loyihalarining tayyorlanishi, ekspertizadan oʻtkazilishi, yirik davlat dasturlarining ishlab chiqilishida ham faol ishtirok etmoqdalar. Ularning davlat boshqaruv idoralariga, vazirlik va qoʻmitalar, xorijiy loyihalarga tez-tez ishga taklif etilayotgani TDYUdagi oʻqituvchi kadrlar tanlovi sifatidan darak beradi. Eng eʼtiborlisi – Prezidentimiz Farmoni bilan keyingi yillarning oʻzida ustoz murabbiylardan Z.Esanova, O.Oqyulov, N.Skripnikovlar “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist”, M.Ahmedshoyeva esa “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi” unvonlari bilan taqdirlanishi universitetdagi ishlarga berilgan yuksak bahodir.

Bugungi yuridik universitetning har bir kursida ingliz tilida tahsil beriladigan kamida ikkitadan guruh boʻlib, bu guruhlar talabalari aksariyat adabiyotlarni shu tilda oʻqishadi, barcha nazorat ishlarini shu tilda yozishadi.

Universitet ahlining maʼnaviy-maʼrifiy talab va ehtiyojlari qondirilishiga ham alohida diqqat qaratilgan. Biror hafta yoʻqki, universitetning kichik va katta anjumanlar zalida qandaydir maʼrifiy tadbir uyushtirilmasa. Taniqli olimlar, shoir-yozuvchilar, sanʼatkorlar, sport yulduzlari bilan samimiy, rasmiyatchilikdan holi ijodiy uchrashuvlar, faxriylar bilan yoshlar muloqotlari, “Eng zukko kitobxon”, “Huquq bilimdonlari”, “Zakovat” singari doimiy tanlovlar talabalarning intellektual darajasini yuksaltirishda muhim omil boʻlayotir. Guruhlarga biriktirilgan murabbiylar tomonidan talabalar bilan olib borilayotgan individual ish yoshlar oʻrtasidagi har turli koʻngilsizliklarning oldini olayotgani ham ayni haqiqat.

Universitetda fidoyilarcha halol mehnat qilayotgan professor-oʻqituvchilarni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish ishiga jiddiy eʼtibor qaratilgan. Har bir xodimga, uning ish koʻlami, faoliyati sifati, talabalar eʼtirofi inobatga olingan holda belgilanadigan oylik ustama haqlar ularni oʻz ustida muntazam ishlab, bildirilgan ishonchni oqlash yoʻlida tinimsiz mehnat qilishga ragʻbatlantirmoqda. Binobarin, iqtidorli yosh oʻqituvchilarning Toshkent shahriga doimiy propiskaga qoʻyilishiga, imtiyozli kredit asosida arzon uy-joylar bilan taʼminlanishiga alohida eʼtibor qaratilyapti. Bu nafaqat ularning maishiy turmushi yaxshilanishi yoʻlidagi, balki mamlakatda yuridik ilmning rivoji uchun koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikdir, desak ayni haqiqatdir.

Qisqacha aytganda, koʻplab oliy oʻquv yurtlaridan TDYUga oʻtib ishlash istagini bildirayotgan mutaxassislar soni tobora ortib borayotgani ham bu dargohdagi ilmiy, pedagogik, maʼnaviy-maʼrifiy muhitning sogʻlomligidan, malakali mutaxassislar qadrlanayotganidan darak bersa, ajab emas.

Albatta, universitet ahli qoʻlga kiritilayotgan yutuq va muvaffaqiyatlarga mahliyo boʻlish, ular bilan maqtanishdek noxush kayfiyatdan juda ham yiroq. Buni rektorat, dekanatlar, kafedralarda oʻtkazilayotgan yigʻilishlarda qoʻyilayotgan masalalar va ular boʻyicha olib borilayotgan muhokamalarning naqadar jiddiyligi, belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan monitoring tizimi, professor-oʻqituvchilar va talabalarning universitet ichki tartib-qoidalariga amal qilishi yuzasidan oʻrnatilgan muntazam nazoratning taʼsirchanligidan ham bilish-sezish mumkin. Zero, Toshkent davlat yuridik universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan umummamlakat hayotiga joriy etilayotgan muhim qoida – tanqidiy tahlil, qatʼiy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik muhiti doimiy amaldadir.

Rahmon QOʻCHQOROV, TDYU dotsenti v.b., filologiya fanlari nomzodi

Dilnavoz TOJIBOYEVA, TDYU katta oʻqituvchisi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?