Hunarmandlarning an’anaviy ko‘rgazma-savdosi qachon bo‘lib o‘tadi?

12:34 06 Iyul 2018 Jamiyat
288 0
Foto: handicraftman.uz

Joriy yilning 7-8 iyul kunlari poytaxtimizdagi G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida “Mustaqil yurt hunarmandlari” X an’anaviy ko‘rgazma-savdo o‘tkaziladi. Bu haqda muxbirimiz Mavjuda Xolmatova xabar berdi.

O‘zbek xonadonida biror hunarning boshini tutmagan kishini topish qiyin. Ayniqsa, yurtimizning har bir hududida hunarmandlikning bir qator turlari mavjudki, ularning tarixi olis ming yilliklarga borib taqaladi. Rishtonu Buxoro qo‘ligul kulollari bilan mashhur bo‘lsa, Marg‘ilon matodo‘zlari, Chust pichoqchilari, Nurotayu Samarqand kashtado‘zlari bilan mashhur. Ayniqsa, Buxoro zardo‘zligiyu Surxon palaklarining dovrug‘i dunyoga ma’lumu mashhur. Ko‘rgazma-savdo kunlari barcha viloyat va shaharlardan usta hunarmandlar o‘zlari yaratgan san’at asarlari va turli xil sovg‘abop mahsulotlari bilan ishtirok etadi.

— Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan ushbu tadbir yoshlarni milliy an’analarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, hunarmandlar va xalqaro ekspertlarning ma’lumot va tajriba almashinuvlariga imkoniyat yaratish bilan bir qatorda hunarmandlarimizni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga ham xizmat qiladi,- deydi uyushma matbuot xizmati rahbari Nilufar Hotamova. — Shuningdek, ko‘rgazma doirasida hunarmandlarning mahorat darslari namoyishi, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar, konsert dasturlari ham namoyish etiladi.

Ko‘rgazmaga keng jamoatchilik va xalqaro diplomatik korpus vakillari, elchixonalar, turli vazirlik va idoralar xodimlari, mahalliy aholi hamda chet ellik sayyohlar taklif qilingan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?