”Hunarmand” uyushmasi Jahon hunarmandlar Kengashining aʼzosi boʻldi

12:06 15 Mart 2019 Jamiyat
381 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi ”Hunarmand” uyushmasi “World Craft Council (Jahon hunarmandlar Kengashi)ning aʼzosi boʻldi. Bu haqda Uyushma Axborot xizmati “Xalq soʻzi”ga maʼlum qildi.

Ushbu tashkilot 1964 yilda Belgiyada nodavlat-notijorat tashkilot sifatida tashkil etilgan va boy madaniy merosni asrab-avaylash va rivojlantirish uchun seminarlar, konferensiyalar va koʻrgazmalar oʻtkazish orqali butun dunyoda hunarmandchilik tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlaydi.

”Hunarmand” uyushmasi bilan WCC tashkiloti oʻrtasida olib borilgan muzokaralar natijasida (WCC-APR) prezidenti Gada Kaddumi mamlakatimiz rahbariyati tomonidan oʻzbek milliy hunarmandchiligini rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan eʼtiborni yuqori baholadi hamda oʻzbek hunarmandchilik maktablari, anʼanalari, qadriyatlari va avloddan avlodga oʻtib kelayotgan usta-shogird maktablariga katta qiziqish uygʻotganligini bildirdi.

WCCga aʼzo boʻlish oʻzbek hunarmandlarining xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun, shuningdek, ularning xorijdagi koʻrgazmalarini tashkil etish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Mamlakatimizda 2019 yil sentyabr oyida Qoʻqon shahrida Birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali oʻtkaziladi. Ushbu festivalni oʻtkazilishini qoʻllab-quvvatlagan Gadad Kaddumi yirik anjumanni tashkillashtirilishida qatnashishi va WCCga aʼzo davlatlardan hunarmandlarning faol ishtirok etishini bildirdi. Muzokaralar yakunida Qoʻqon shahriga jahon hunarmandlar shahri maqomini berish boʻyicha hamkorlikdagi ishlarning boshlanishi haqida kelishuvga erishildi.

Gada Kaddumi aprel oyida Oʻzbekistonga tashrif buyurib, ”Hunarmand” uyushmasi rahbariyati bilan uchrashish koʻzda tutilmoqda. Hamkorlikni kengaytirish, kelgusida Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtadigan xalqaro festivalga tayyorgarlik koʻrish va yurtimiz hunarmandchiligi bilan keng tanishtirish rejalashtirilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?