Hunarmand ayollar yanada koʻpayadi

15:56 24 Avgust 2018 Jamiyat
292 0
Foto: Dinara Chirkova / “Xalq so‘zi”.

Ayman bugungi tadbirda juda katta hayajon bilan qatnashdi. Endi uning ham shogirdlari boʻladi, u ham kimgadir kerakli, foydali ish qilyapti. U yaratgan asarlarni koʻpchilik faxr bilan, iftixor bilan, hayrat bilan tomosha qilyapti. U bugun oʻzini qoʻlidan ish keladigan, avvalo, oilasiga, jamiyatga foydasi tegadigan kerakli inson ekanini chin dildan his qildi.

Ayman bolaligidan nogironlik aravachasiga mixlangan. Ammo, taqdirning bu hukmi uning irodasini buka olmadi. Aqli joyida, qoʻllaridan ish keladi. Nega endi hayotdan norozi boʻlib umr oʻtkazish kerak? U hunarga, quroqdoʻzlikka mehr qoʻydi. Oʻrgandi, yuragidagi bor havaslarni, goʻzallikka oshuftalikni jo qildi yaratgan asarlarida. Goʻzallik hech qachon eʻtiborsiz qolmaydi. Sekin asta u tikkan quroq yostiqlar, quroq koʻrpalarni nafaqat mahallaning qizlari, balki yon-atrofdan soʻrab keladigan boʻlishdi. Bugungi tadbirkorlik haftasida ham Ayman Qosimova usta hunarmand sifatida taklif etildi.

Foto: Dinara Chirkova / “Xalq so‘zi”.

Xotin-qizlar qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi hamda Ixtirochi ayollar markazi hamkorligida Qibray tumanida tashkil etilgan Xotin-qizlarning innovatsion tadbirkorlik haftaligi doirasida 400 nafardan ziyod tadbirkorlik va hunarmandlik faoliyatini boshlamoqchi boʻlganlar ishtirok etdi. Aniqrogʻi, muntazam ishga ega boʻlmagan, uyda oʻtirgan xotin-qizlar koʻproq jalb etildi. Bugungi kunda aynan oʻz hunari ortidan yaxshigina daromad qilayotgan, uyda oʻtirib, xonadonining kam koʻstini taʻminlayotgan hunarmand va tadbirkor ayollar ular uchun mahorat darslarini oʻtkazishdi. Aymanga oʻxshagan hunarmandlar esa hunari kimgadir naf keltirib, uyda ishsiz oʻtirgan ayollar, qizlar uchun foydasi tegayotganidan juda xursand boʻlishdi.

— Bu haftalik loyihasi Qibray tumanida ilk marotaba tashkil etilyapti, — deydi Xotin-qizlar qoʻmitasining boʻlim boshligʻi, texnika fanlari doktori, professor Karima Norqulova. — Tumanning 83 ta mahallasidan xotin-qizlarni yigʻib, ularga hunar va tadbirkorlik sirlarini oʻrgatish bilan birga, bankdan kelgan mutaxassislar ham jalb etildiki, kredit olish boʻyicha dastlabki tushunchalar hamda maʻlumotlar yetkazilyapti. Bundan tashqari, bir hafta davomida mohir hunarmandlarimiz tomonidan mahorat darslari tashkil etiladi. Usta va shogirdlarga sertifikatlar topshiriladi. Tuman Bandlikka koʻmaklashish markazi tomonidan Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi tashkil etiladi. Ishtirokchilar haftalik tugaganidan soʻng ham oʻzaro ustoz-shogird anʻanalarini davom ettirishga kelishib olindi.

Foto: Dinara Chirkova / “Xalq so‘zi”.

Haftalikning tantanali ochilish marosimida Bosh vazir oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etdi. Respublika “Hunarmand” uyushmasi bilan qoʻmita oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi.

Haftalik sabab oʻnlab, yuzlab xotin-qizlar kasbga, hunarga, tadbirkorlikni boshlash imkoniga ega boʻlishadi. Bu juda katta raqam boʻlmasada, shuncha oila bekasi, qizi yangi hunar oʻrganib, muntazam daromadga ega boʻladi, degani. Qibraydagi tashabbus muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, u butun respublika miqyosida ommalashtirilishi nazarda tutilyapti.

Munisxon KARIMOVA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?