“Humo arena”ning tantanali ochilish marosimi bugun 17:00 da boshlanadi

15:07 15 Mart 2019 Sport
649 0

Bugun oʻzbek sporti muxlislari orziqib kutgan kun yetib keldi. Gap shundaki, yana birozdan soʻng poytaxtimizdagi “Afrosiyob” va “Beshyogʻoch” koʻchalari tutashgan joyda “Humo arena” muz saroyining ochilish marosimi boʻlib oʻtadi. Bugun ushbu tarixiy voqelik avvalidan rasmiy matbuot-anjumani boʻlib oʻtdi.

Ushbu anjuman 2 qismdan iborat boʻlib, dastlabki qismida oʻzbek sporti mutasaddilari jurnalistlar va yigʻilgan mehmonlarning qiziqtirgan savollariga javob berishdi. Unda Oʻzbekiston MOQ nomidan tashkilot Bosh kotibi Jasur Matchanov ishtirok etdi.

“Xokkey bizda avvaldan rivojlangan. Biroq soʻnggi yillar xokkey va boshqa bir qator qishki sport turlari biroz eʼtiborimizdan chiqib qolgandek edi. Qishki sport turlaridan xalqaro maydondagi natijalarimiz maqtanarli boʻlmasligiga sabab shugʻullanish uchun yetarli sharoit boʻlmagan. Qolaversa, qish oʻlkamizda 2 oy davom etadi. “Humo arena” foydalanishga topshirilgach, yilning istalgan vaqtida qishki sport turlari bilan shugʻullanish uchun sharoit boʻladi”, – deydi Jasur Matchanov.

Shuningdek, anjumanning ikkinchi qismida muz saroyining tantanali ochilish marosimiga taklif qilingan jahon sportning yulduzlari ishtirok etishdi. Ular orasida Aleksandr Yakushev, Vitaliy Proxorov kabi xokkey yulduzlari, muz ustida nafis uchish boʻyicha Olimpiada chempioni Tatyana Navkadek faxriylarni misol tariqasida keltirib oʻtishimiz mumkin.

“Humo arena”ning ochilishi, aminmanki, Oʻzbekistonda xokkey va qishki sport turlari taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadi. Bunday zamonaviy sport inshootida shugʻullanadigan har qanday yoshlar kelajakda yetuk sportchi boʻlib yetishishiga ishonaman. Chunki u yerdagi sharoitlarni har yerda ham uchratavermaymiz”, – deydi Aleksandr Yakushev.

“Humo arena”ning tantanali ochilish marosimi bugun 17:00 da boshlanadi. Mazkur tadbirni yoritish uchun 300 dan ziyod mahalliy va xorijiy OAV ishtirok etishadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?