Humo Arena qachon ochiladi?

18:11 11 Fevral 2019 Jamiyat
380 0

Fevral boshiga kelib poytaxtimizda barpo etilayotgan zamonaviy Humo Arena muz saroyidagi ishlarning 80-85 foizi yakunlandi. Bu yerda qariyb 4000 kishi mehnat qilyapti.

Shunday qilib Humo Arena shu yil bahor faslida ochilishi rejalashtirilyapti. Bu haqda Dunyo boʻylab telekanalida berilgan syujetda aytib oʻtildi.

Ushbu sport majmuasi qurilishi 2017 yilda boshlangan edi. Avvaliga koʻp funksiyali muz saroyini 2018 yil uchinchi choragida foydalanishga topshirish moʻljallangan edi. Keyin bu muddat 2018 yil oxiriga qoldirildi.

Xabar berilishicha, ayni paytga kelib ishlarning 80-85 foizi yakuniga yetgan. Bunda 4000 mingga yaqin mehnatkashlarning katta hissasi bor. Markaziy arena oʻziga 12 ming kishini sigʻdira oladi. Bu yerda qishki sport turlari(xokkey, short-trek, figurali uchish va kyorling) boʻyicha musobaqalar oʻtkazish, koʻrgazmalar va forumlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Kompleks yetti qavatdan iborat boʻlib, ulardan biri yerostida joylashadi. Umumiy maydoni 82,2 ming kv.metr, balandligi 40 metr. Uning yaqinida 1600 ta avtomobil uchun moʻljallangan toʻrt qavatli turargoh bunyod etilyapti.

Qurilish ishlari bilan buyurtmachi tashkilot Wind Rose MCHJ shugʻullanmoqda.

Loyihaga Germaniya, Rossiya, Avstriya, Ispaniya, Fransiya, Italiya va boshqa davlatlardan oʻnga yaqin sherik kompaniyalar taklif etilgan. Ular metall konstruksiyalari, akustika, oʻrindiqlar, muz, kommunikatsiyalar va boshqa yoʻnalishlarda faoliyat olib borishmoqda.

Loyihaning umumiy qiymati 1,5 trln. soʻm boʻlib, shundan 185 mln. AQSH dollarini xorij investitsiyasi tashkil etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?