“Human” xususiy bandlik agentligiga berilgan litsenziya toʻxtatildi. Nega?

09:36 18 Sentyabr 2019 Jamiyat
839 0

“Human xususiy bandlik agentligi” MCHJga Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish faoliyati bilan shugʻullanish uchun berilgan litsenziyaning amal qilishi vaqtinchalik toʻxtatildi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi maʼlum qildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga koʻplab fuqarolar tomonidan norozilik mazmunidagi murojaatlar kelib tushganligi va ushbu murojaatlar oʻrganib chiqilganda fuqarolar “Human xususiy bandlik agentligi” MCHJga toʻlagan pullarini qaytarib olish yuzasidan bir qator muammolarga duch kelganligi aniqlandi.

Unga koʻra fuqarolar va “Human xususiy bandlik agentligi” MCHJ oʻrtasida xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangan boʻlib, shartnomada Germaniya va Chexiya davlatlarida 6-8 oy ichida ishga joylashtirish koʻzda tutilgan.

Biroq Agentlik oʻziga yuklatilgan majburiyatlarini vaqtida bajarmagan. Fuqarolar toʻlov qilingan pullarni qaytarib berilishini talab qilgan boʻlsa-da, ularga pullar hanuzgacha qaytarib berilmaganligi aniqlandi.

Shu munosabat bilan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-sentyabrdagi 725-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha faoliyatni litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomining 45 va 46-bandlariga muvofiq, “Human xususiy bandlik agentligi” MCHJ litsenziyasining amal qilishi 10 ish kuni muddatiga toʻxtatilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

“Human” xususiy bandlik agentligidan shu muddat ichida fuqarolar pulini qaytarish talab etiladi. Aks holda litsenziyani bekor qilish masalasi koʻrib chiqiladi.

Shu fursatdan foydalanib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi fuqarolarni xususiy bandlik agentliklari bilan shartnoma imzolagan vaqtda eʼtiborli boʻlishga, shartnoma shartlarini toʻliq oʻrganib chiqish lozimligini eslatadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?