Hukumat mobil aloqasidan foydalanish kimlar uchun majburiy?

10:16 27 Dekabr 2018 Jamiyat
749 0

2019 yilning 1 aprelidan hukumat mobil aloqasidan foydalanish xizmat vazifalarini bajarish vaqtida majburiy hisoblanadi.

Raqamli iqtisodiyot, blokcheyn, innovatsion yechimlar – ushbu tushunchalar hayotimizga tobora chuqurroq kirib bormoqda. Ularning turmushimizga singib borishi – mamlakatimizdagi texnologik rivojni jadallashtiradi, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda raqamli texnologiyalarning tezkor surʼatlarda tatbiq etilishini taʼminlaydi, investitsiyalar oqimini oshiradi, va eng asosiysi – avvalo,aholi uchun qulay sharoitlarni yaratishni taʼminlaydi. Shu bilan birga, axborot xavfsizligi haqida unutmaslik lozim.

Oldinga qoʻyilgan maqsadlarni amalga oshirishning asosiy shartlaridan biri – xavfsiz kommunikatsion platformaning joriy etilishidir. Oʻzbekistonda hukumat mobil aloqasini yaratish - bu borada muhim qaror sanaladi. Mazkur ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yilning 13 dekabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi davlat boshqaruviga raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat hamda axborot tizimlarini joriy etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi farmoni hamda boshqa hujjatlarga asosan amalga oshirilmoqda.

Hukumat mobil aloqasini joriy etish doirasida hozirgi vaqtda YUMS mobil operatori tomonidan maxsus tarif rejalari ishlab chiqmoqda. Ular yillik abonent toʻlovi asosida oʻz ichiga oylik daqiqa, megabayt va SMSlarni qamrab oladi. UMS kompaniyasining tajribasidan maʼlumki, mazkur yechim foydalanuvchilar nuqtai nazaridan qaraganda – hamyonbop, foydali va qulaydir.

Lola FILATOVA, “UMS” MCHJning tijorat boʻyicha direktori:

– Hukumat aʼzolari hamda davlat organlari xodimlarini mobil aloqa bilan taʼminlash UMS mobil aloqa operatori faoliyatining strategik yoʻnalishi sanaladi. Mazkur yangilik doirasidagi tarif rejalari dekabr oyining oxiriga qadar joriy etiladi. Ayni vaqtda zarur tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Davlat organlari xodimlarining yangi tizimga ulanishi bosqichma – bosqich amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

Hukumat mobil aloqasining muhim jihati abonentlarga hukumat korporativ messenjeri – UzChatga maxsus kirish huquqi berilishidadir. Mazkur ilova Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan yaratilgan va u messenjerlar yaratish borasida ilk innovatsion ishlanma sanaladi. Ilova barcha kerakli funksiyalarga ega boʻlib, qator muhim oʻziga xosliklarga ega.

Tasvirda koʻrib turganingizdek, OʻzChat – jamoaviy video konferensiyalar tashkil etish imkonini beradi. Bunda guruh qatnashchilari soni 256 nafargacha yetishi mumkin. OʻzChatning barcha funksiyalaridan xorijiy mamlakatlarda boʻlgan fuqarolar ham toʻliq foydalanishlari mumkin. Ushbu qulayliklar ishbilarmon doira vakillari ishtirokidagi video yigʻilish va konferensiyalarni qatnashchilarning geolokatsiyasidan qatʼiy nazar, ONLAYN rejimida amalga oshirish imkoniyatini yaratadi. Messenjer orqali yuboriladigan maʼlumot, ovoz va videolar kriptografik himoyaga ega hamda Oʻzbekiston va uning tashqarisida konfidensiallikni taʼminlaydi.

Temur SOLIYEV, Loyiha boshqaruvi Milliy agentligining bosh mutaxassisi:

– Abonentlar uchun aloqani tashkil etishda Oʻzbekiston hududida joylashgan serverdan foydalaniladi va abonentlarning muloqot trafiklari mamlakat tashqarisiga chiqib ketmaydi. Serverdagi maʼlumotlar shifrlangan holda saqlanib, hattoki messenjer administratori bu axborotni kuzata olmaydi.

2019 yilning 1 aprelidan hukumat mobil aloqasidan foydalanish davlat organlari, tashkilotlar, joylardagi davlat boshqaruvi organlari, Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari xodimlari uchun xizmat vazifalarini bajarish vaqtida majburiy hisoblanadi. Aloqaning ilk foydalanuvchilari – Oʻzbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki xodimlaridir.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?