Hukumat hisobotiga qaysi fraksiya eʼtiroz bildirdi?

19:06 22 Aprel 2020 Siyosat
262 0

Vazirlar Mahkamasining Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2020-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotida iqtisodiyot tarmoqlaridagi oʻsish surʼatlari koʻrsatkichlari qanday tahil etildi? Bu boradagi vazifalarga erishishda Hukumatning aniq strategiyasi nimalardan iborat?

Siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalarining videokonferensaloqa tarzida tashkil etilgan yigʻilishlarida deputatlar Hukumatning ushbu masala yuzasidan hisobotini eshitishdi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari hisobot davrida qulay investitsiya muhiti evaziga iqtisodiyotga jalb etilgan jami investitsiyalar hajmi 158,9 foizga va qurilish ishlari hajmi 7,5 foizga oʻsishi kuzatilganiga eʼtibor qaratishdi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, bugungi kunda dunyoning 200 dan ortiq mamlakatiga tarqalgan koronavirus pandemiyasi sababli, iqtisodiyot tarmoqlaridagi oʻsish surʼatlari sekinlashdi. Shu bois Prezident boshchiligida Hukumat tomonidan joriy yilning oʻtgan davri mobaynida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida iqtisodiyot tarmoqlari hamda sohalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash yuzasidan barcha choralar koʻrildi.

Mamlakat rahbarining topshiriqlaridan kelib chiqib, yuborilayotgan soʻrovlarga oʻz vaqtida va asoslantirilgan javoblarni berish, bu borada Oliy Majlis palatalari bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani eʼtiborga molik. Jumladan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yilning I choragi boʻyicha vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar va boshqa tashkilotlarning soʻrovlar hamda murojaatlar bilan ishlashga oid faoliyati tahlil qilingan.

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yigʻilishida taʼkidlanganidek, joriy yilning birinchi choragida kreditlash hajmlari oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 16 foizga oshib, jami 30 trln. soʻm miqdorida kreditlar ajratilgan. Banklar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatining uzluksizligini taʼminlash maqsadida qisqa muddatli — aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun kreditlar ajratishga alohida eʼtibor qaratilib, bu yoʻnalishdagi kreditlar 3 trln. soʻmdan ortiqni tashkil etadi.

Fraksiya aʼzolari onlayn muhokamalar jarayonida taʼlim, madaniyat, sogʻliqni saqlash, sport va turizmni yana-da rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash borasida belgilangan chora-tadbirlarning ijro etilishi holatiga alohida eʼtibor qaratishdi.

Maʼlum qilinishicha, mamlakatimizda pandemiya fonida turizm xizmatlarini koʻrsatish hajmi keskin pasaygan. Xususan, 2019-yilning yanvar-mart oylarida 1 380 ming nafar xorijiy fuqaro tashrif buyurgan boʻlsa, 2020-yilning I choragida tashrif buyuruvchilar oqimi 12 foizga kamaygan. Shuningdek, hisobot davrida turizm xizmatlari hajmi 202 mln AQSH dollarini tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 17,8 foizga kamaygan.

Soʻzga chiqqanlar Davlat dasturining birinchi chorakdagi ijrosi yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari eʼtirof etganidek, Davlat dasturi 284 ta banddan iborat boʻlib, uning 163 ta bandida normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Deputatlar hisobotni koʻrib chiqishda Hukumat tomonidan Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz muddatida va puxta bajarilishini taʼminlash boʻyicha Bosh vazir oʻrinbosarlari, maslahatchilari huzurida muntazam muhokamalar oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyilganiga eʼtibor qaratishdi. Taʼkidlanganidek, bu, albatta, davlat boshqaruvi organlari hamda xoʻjalik birlashmalari rahbarlarining masʼuliyatini yana-da oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Davlat dasturidagi aksariyat vazifalarning bajarilmay qolayotgani yoki muddati uzaytirilgani eʼtirozlarga sabab boʻldi. Xususan, dasturning 57-bandi, yaʼni yuridik fan va taʼlimni takomillashtirish, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish boʻyicha vazifa bajarilmagan. Bu esa deputatlar tomonidan tegishli masʼullarning oʻzaro hamkorligi yetarlicha taʼminlanmagani natijasi, deya baholandi.

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yigʻilishida Davlat dasturining joriy yil birinchi choragidagi ijrosi bilan bogʻliq masala atroflicha koʻrib chiqildi.

Hisobotda keltirilganidek, joriy yilning birinchi choragida yalpi ichki mahsulot oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 4,6 foizga oʻsishi kutilmoqda.

Hukumat tomonidan Davlat dasturida belgilangan 7 ta band muddatidan avval ijro etilgan.

Fraksiya aʼzolari dastur asosida ijtimoiy sohada amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalarga alohida eʼtibor qaratdi.

Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish jarayonida turli xayriyalarni ehtiyojmand oilalar, yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa yordamga muhtoj qatlamiga yetkazib berish maqsadida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzurida Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi tashkil etilgani, u bugungi kunda samarali faoliyat yuritayotgani deputatlar tomonidan alohida eʼtirof etildi.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi aʼzolari muhokamalar jarayonida koronavirus bilan bogʻliq murakkab vaziyat butun dunyo iqtisodiyotiga, juda koʻplab sohalardagi oʻsishga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatayotgani, Prezidentimizning koʻrsatma va topshiriqlari asosida mamlakatimizda umumiy vaziyatning barqarorligini taʼminlash uchun barcha zaruriy choralar koʻrilayotganini alohida qayd etishdi.

Hisobot davrida 63,6 mingta yangi ish oʻrni tashkil etilib, 85 ming nafardan ortiq ishsiz fuqaro boʻsh ish oʻrinlariga joylashtirilgani taʼkidlandi.

Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha 228 ta tibbiyot muassasasida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Fraksiyalar yigʻilishlarida, shuningdek, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid bir qator qonun loyihalari ham koʻrib chiqildi.

Ziyoda ASHUROVA.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?