Hukumat Davlat dasturining 2020-yil uchinchi choragida bajarilishi yuzasidan hisobot berdi

14:56 28 Oktyabr 2020 Siyosat
247 0

Hukumat Davlat dasturining 2020-yil uchinchi choragida bajarilishi yuzasidan hisobot berdiHukumat Davlat dasturining 2020-yil uchinchi choragida bajarilishi yuzasidan hisobot berdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020-yil 28-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida Vazirlar Mahkamasi taqdim etgan “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining 2020-yil uchinchi choragida bajarilishi yuzasidan hisoboti muhokama qilindi.

Mazkur muhokama Oliy Majlis Qonunchilik palatasining “youtube.com”dagi rasmiy sahifasida toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatildi.

Taʼkidlanganidek, Davlat dasturini amalga oshirishni taʼminlashda makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning bardavom rivojlanishini taʼminlanish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, jozibador investitsiya muhitini yaratish, respublika hududlarining ijtimoiy rivojlanish darajasini koʻtarish, mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi.

Joriy yilning 9 oyi yakuni boʻyicha jami 284 ta banddan iborat Davlat dasturining 173 ta bandi ijrosini taʼminlash nazarda tutilgan. Shundan hisobot davrida 99 ta band toʻliq bajarilgan, 15 ta bandning ijro muddati belgilangan tartibda uzaytirilgan, 53 ta band esa bajarilmoqda, 6 ta bandning ijrosini taʼminlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Hukumat tomonidan parlamentga taqdim etilgan hisobotda keltirilishicha, joriy yilning yanvar-sentyabrida yalpi ichki mahsulotning oʻsishi 0,3-0,5 foizni, jumladan, sanoat – 98,6-99,0 foizni, xizmatlar – 99,5 foizni, qishloq xoʻjaligi – 102,9 foizni, qurilish ishlari – 107,9 foizni tashkil qilgan.

Pandemiya sharoitida aholining muhtoj qatlamini moddiy va nomoddiy qoʻllab-quvvatlashni tizimli amalga oshirish maqsadida joylardagi 4 ta sektor (hokim, prokuror, ichki ishlar va soliq organlari rahbarlari), fuыarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, keng jamoatchilik vakillari hamda mahalliy kengash deputatlari bilan birgalikda ehtiyojmand, moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalar roʻyxati – “temir daftar” tashkil etildi.

Koronavirusga qarshi kurashish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirishga 2 trillion 719 milliard soʻm ajratildi. Ushbu mablagʻlar dori vositalari va tibbiy buyumlar, himoya vositalari va test tizimlari bilan taʼminlash hamda karantinda saqlash, tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, respublika sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan himoya choralarini amalga oshirish xarajatlariga yoʻnaltirildi.

Oʻtgan davr mobaynida davlat dasturlari asosida aholini ish bilan taʼminlash va ularning oʻz daromad manbaini shakllantirish borasida mamlakatimiz Prezidentining 2020-yil 9-yanvardagi qaroriga asosan investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga hozirgi kunga qadar 43,6 mingta ish oʻrni tashkil etildi.

Pandemiyaning salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida, davlatimiz rahbarining tegishli Farmonlariga asosan soliq organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan 5,4 trillion soʻmlik imtiyoz va yengilliklar qoʻllanildi.

Shuningdek, karantin talablari bosqichma-bosqich yumshatilib, tadbirkorlik subyektlari faoliyati va ish oʻrinlarini saqlab qolish va tiklanishi uchun imtiyoz, imkoniyat va preferensiyalar berilishi natijasida yil boshidan 54 mingta, oʻtgan bir oy davomida 8,2 mingta yuridik maqomga ega boʻlgan oʻrta, kichik tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi. Buning natijasida 90,5 mingta yangi ish oʻrni yaratildi.

Hukumat taqdim etgan hisobot, unda keltirilgan har bir raqam va tahlillar deputatlar tomonidan atroflicha koʻrib chiqildi. Ayniqsa, siyosiy partiyalar fraksiyalarining yigʻilishlarida Davlat dasturida belgilangan muhim ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy vazifalar, chora-tadbirlarning ijrosi holati xalq vakillarining jonli, qizgʻin muhokamalariga sabab boʻldi.

Xalq vakillari amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda, koronavirus pandemiyasi bois, yuzaga kelgan obyektiv sabablar tufayli Davlat dasturi ayrim bandlarining bajarilishi kechikayotgani, baʼzi vazifalar ijrosi hozirda taʼminlanmaganini qayd etdilar.

Xususan, bugungi kunda mamlakatimizda tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgan zamonaviy avtomobil yoʻllari tarmogʻini rivojlantirish, xalqaro standartlarga muvofiq yoʻl infratuzilmasini yaxshilashni nazarda tutuvchi “Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilgacha avtomobil yoʻllarini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish” boʻyicha boshlangan ishlar oʻz yakuniga yetmagan.

Shu bilan bir qatorda, xususiy tibbiyotni yana-da rivojlantirish, ushbu jarayonga chet el investitsiyalarini keng jalb qilish, Ilm-fan sohasini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish kabi vazifalarni nazarda tutuvchi bir qator normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishini tezlashtirish maqsadga muvofiq ekanligi taʼkidlab oʻtildi.

Davlat dasturining joriy yil uchinchi choragidagi ijrosiga oid hisobot yuzasidan har bir siyosiy partiya fraksiyasi oʻz nuqtayi nazarini, fikr-mulohaza va takliflarini bayon qildi. Hukumatga Davlat dasturi ijrosini toʻla taʼminlash boʻyicha takliflarini ilgari surdi.

Xususan, OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari koronavirus pandemiyasi davrida tadbirkorlik subyektlari har tomonlama qoʻllab-quvvatlanib, samarali faoliyat yuritishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilgani, ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, mamlakat aholisi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olishga katta eʼtibor qaratilganini eʼtirof etdilar.

Shu bilan birga har bir band, belgilangan vazifaning tag-zamirida xalqimizning turmush sharoitini yaxshilashdek muhim maqsadlar turgani aytilib, ularning ijrosini kechiktirmasdan, oʻz vaqtida ado etish lozimligi taʼkidlandi.

“Milliy tiklanish” DP fraksiyasi vakillari dasturda koʻzda tutilgan, taʼlim-tarbiyaning asosiy boʻgʻini hisoblangan maktablarning qurilish-montaj ishlarini tahlil qilgan holda, bu boradagi harakatlarni jonlantirish lozimligini qayd etdilar. Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan davlat dasturini amalga oshirishda maktablarni qurish, taʼmirlash, rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilayotgan boʻlsa-da, mazkur qurilish-taʼmirlash ishlarida maktab oshxonalari koʻzda tutilmayotganligi deputatlar tomonidan koʻrsatib oʻtildi.

Oʻzbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzolarining fikricha, davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz muddatida va puxta bajarilishini taʼminlash boʻyicha Hukumat tomonidan muntazam muhokamalar oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyilgani davlat boshqaruvi organlari hamda xoʻjalik birlashmalari rahbarlarining masʼuliyatini yana-da oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga ijrosi taʼminlanmagan bandlarga ham eʼtibor qaratilib, aksariyat vazifalarning bajarishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, ijro etish holatining kechikkanligi yoki yetarlicha asosga ega boʻlmay vazifalar muddati uzaytirilgani jamiyat taraqqiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatishi taʼkidlandi. Shu bois, Davlat dasturida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash, barcha vazifalar boʻyicha belgilangan hujjat loyihalarini ishlab chiqishni jaddalashtirish lozimligi qayd etildi.

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari pandemiya davridagi qiyinchiliklarga qaramay, Hukumat tomonidan Davlat dasturi ijrosini taʼminlash boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilganini, xususan, partiya elektorati boʻlgan jamiyatdagi ehtiyojmand qatlam manfaatlarini taʼminlash boʻyicha samarali chora-tadbirlar koʻrilayotganini eʼtirof etdilar.

Shu bilan birga kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha meʼyoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari, ekspertlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokini taʼminlash zarurligiga eʼtiborni qaratdilar.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi aʼzolari hisobot davrida energiya va boshqa resurslarni tejaydigan texnologiyalarni, shu jumladan qayta tiklanadigan energiya manbalari va ilgʻor texnologiyalarni joriy etish orqali energiya samaradorligiga erishishga jiddiy eʼtibor qaratilayotganini alohida qayd etib oʻtdilar.

Shu bilan bir qatorda aholini toza va sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash bugungi kunning kechiktirib boʻlmas dolzarb masalasi sanalishidan kelib chiqib, Respublika miqyosidagi barcha suv resurslari hisobi va hisobotini yuritishning yagona tizimini tashkil etish hamda Ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish muddatlarining uzaytirilganini tanqid ostiga olib, ularni oʻz vaqtida samarali va sifatli bajarilishi lozimligini taʼkidladilar.

Palatadagi barcha fraksiyalarining hisobot yuzasidan bildirgan fikr-mulohazalari eshitilgach, deputatlar Vazirlar Mahkamasining hisobotini maʼqulladilar hamda Hukumatning tegishli faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar aks etgan qaror qabul qildilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?