Hukm oʻzgarishsiz qoldirildi, ammo shikoyat qilish huquqi bor

09:37 13 Avgust 2019 Jamiyat
92 0

“Jahon.uz” saytida eʼlon qilingan “Yoshlar ittifoqi “Buyuk kashfiyotlar bilan band! Toshkentdagi Angliya maktabining yosh talabasi besh yilga qamaldi” sarlavhali maqola Oliy sudda oʻrganib chiqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Maqolada Farruh Rahmanberdiyev Toshkent shahridagi “International School of Finance and Technology” Angliya xalqaro maktabi 1-bosqich talabasi 2018-yil 11-dekabr kuni soat 08:50 larda “KONTABRIK” MCHJga tegishli boʻlgan “Kobalt” rusumli 01 043 LEA davlat raqamli avtomashinasini tegishli hujjatlar asosida Yashnobod tumani hududida boshqarib kelayotib yoʻlning oʻng chetida toʻxtab turgan piyoda M.E.ni avtomobilning oldi oʻng qismi bilan urib yuborib, yoʻl-transport hodisasini sodir etgani, natijada piyoda tan jarohati olib, 4-son shahar klinik shifoxonasiga olib borilganda vafot etgani, sud talabaga ogʻir jazo tayinlangani, Yoshlar ittifoqi esa bu masalada jim ekanligi haqida soʻz yuritilgan.
Mazkur holat boʻyicha tergov-surishtiruv harakatlari olib borilgan. Jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tuman sudining joriy yil 2-maydagi hukmiga koʻra, F.Rahmanberdiyev Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilib, 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyat ehtiyotsizlik oqibatida sodir etiladigan uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar turkumiga kirib, muayyan huquqdan mahrum qilib, yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
F.Narsupiyevning kassatsiya shikoyatiga shu yil 4-iyul kuni jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasi sudlov hayʼati mazkur ishni kassatsiya tartibida koʻrib chiqib, birinchi instansiya sudi jazo tayinlashda sudlanuvchining shaxsini, ijtimoiy holatini, jabrlanuvchining qonuniy vakiliga moddiy yordam berilmaganligini, sudlanuvchiga nisbatan qonun doirasida ogʻirroq jazo tayinlashni soʻrab sudga murojaat qilganligini hisobga olib, adolatli ravishda modda sanksiyasi doirasida ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan, deb hisoblab, hukmni oʻzgarishsiz qoldirgan.

JPKning 498, 510-moddalarida qayd etilgan shaxslar ish boʻyicha qabul qilingan sud qarorlaridan norozi boʻlgan taqdirda qonunda belgilangan tartibda Oliy sudga nazorat tartibidagi shikoyat qilish huquqiga ega ekanligi maʼlum qilinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?