Hududlarda maktablarni taʼmirlash va jihozlash hokimiyatlar tomonidan amalga oshiriladi

16:44 13 Sentyabr 2019 Jamiyat
71 0

Mamlakatimizda taʼlim tizimidagi islohotlar aniq reja asosida olib borilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalq taʼlimi tizimida qaysi tashkilot nimaga javobgarligini belgilab bergan.

“Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonining uchinchi bandida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari xalq taʼlimi muassasalarini qoʻllab-quvvatlash va ularning infratuzilmasini rivojlantirish masalasida har tomonlama koʻmaklashish, xususan:

tegishli hududda umumtaʼlim muassasalariga yordam koʻrsatishni tashkil etish va muvofiqlashtirish, shu jumladan oʻqituvchilar va ushbu soha xodimlarining maqomini yaxshilashga va oshirishga yordam berish;

xalq taʼlimi muassasalariga koʻmaklashish masalalari boʻyicha vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning hududiy boʻlinmalari rahbarlarining hisobotlarini belgilangan tartibda eshitish;

nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlariga berish uchun boʻsh yer uchastkalari (har bir hududda yiliga 50 lotdan kam boʻlmagan) roʻyxatini tasdiqlash va ulardan doimiy foydalanish huquqini “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida realizatsiya qilish;

xalq taʼlimi muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital va joriy taʼmirlash, ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani (trotuarlar, yoʻllar va boshqalar) zarur holatda saqlash boʻyicha buyurtmachi funksiyasini amalga oshirish;

xalq taʼlimi muassasalarini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, zarur sanitariya-gigiyena sharoitlari va boshqa kommunal xizmatlar bilan uzluksiz taʼminlash;

tumanlar (shaharlar) kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektor rahbarlari bilan birgalikda xalq taʼlimi muassasalarini oʻquv yiliga va kuz-qish mavsumiga oʻz vaqtida va samarali tayyorlash tadbirlarini amalga oshirish;

umumtaʼlim muassasalarining xavfsizligini taʼminlash, shu jumladan hududlar atrofini oʻrash, huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha inspektorlarni biriktirish, videokuzatuv kameralari, yongʻinga qarshi signalizatsiya tizimlarini, kirish yoʻllarida qoidabuzarliklarni qayd etuvchi qurilmalarni oʻrnatish chora-tadbirlarini koʻrish;

xalq taʼlimi muassasalari hududining va koʻchmas mulkining butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda taʼminlash;

umumtaʼlim muassasalarini rivojlantirish uchun investitsiyalarni va homiylik yordamini jalb qilishga koʻmaklashish.

xalq taʼlimi muassasalaridagi mavjud muammolarni tez va samarali hal qilish boʻyicha boshqa choralar koʻrilishini tashkil etish uchun shaxsan javob beradi.

Shu bilan birga, 2018-yildan boshlab, maktablarni jihozlash mahalliy hokimiyatlar masʼulligi belgilangan.

"Obod qishloq” dasturi doirasidagi maktablarni qurish, taʼmirlash va jihozlash ishlari deyarli toʻliq mahalliy hokimiyatlar mablagʻi hisobiga amalga oshirilmoqda. Yillar davomida mahalliy byudjetdan qoʻshimcha pul ajratish imkoni boʻlmaganiga taʼmirlanmagan maktablar taʼmirlanib, qoʻshimcha binolar qurilmoqda. Albatta, qayerdadir bu jarayonda vaqtidan kechroq ishga tushirish holati boʻlishi mumkin. Buni muammoga aylantirish oʻrniga, oʻsha maktablarga yordam berish choralari koʻrilishi kerak.

Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?