Hududlarda “Isteʼmolchi kutubxonasi” loyihasi amalga oshirilmoqda

11:36 05 Oktyabr 2020 Jamiyat
363 0

Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiya tomonidan “Isteʼmolchilar uyi” hamda “Isteʼmolchi kutubxonasi” loyihasi ishlab chiqilgan boʻlib, jamiyatda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Besh muhim tashabbus”ni hayotda izchil tatbiq etish maqsadida qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida hozirgacha barcha viloyatlar hududlarida – Oltiariq, Qiziltepa, Rishton, Sariosiyo, Uzun, Bogʻdod, Fargʻona, Koson, Olot, Dehqonobod va Margʻilonda 11 ta barcha qulayliklarga ega boʻlgan, koʻrkam va shinam majmualar bunyod etildi. Yil oxiriga qadar yana 9 ta ana shunday maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari ishga tushiriladi. Ularda yuzga yaqin yosh oʻgʻil va qizlarning ish bilan taʼminlanishiga erishildi.

3-oktyabr kuni Fargʻona shahrida ham zamonaviy uslubda qurilgan, oʻziga xos innovatsion yechimga ega va 5 mingdan ortiq kitoblarga ega boʻlgan “Isteʼmolchilar uyi” binosining tantanali ochilishi boʻlib oʻtdi.

Kutubxona fondidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va isteʼmolchilik sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlar, siyosiy-iqtisodiy qoʻllanmalar, maʼrifiy, badiiy, ilmiy ommabop kitoblar, respublikamizda nashr qilinadigan qiziqarli va ijtimoiy-siyosiy gazeta-jurnallar oʻrin olgan.

Bundan tashqari, isteʼmolchilarning huquqiy savodxonligini mustahkamlash maqsadida Federatsiya hamda Toshkent davlat yuridik universiteti hamkorligida ishlab chiqilgan 16 turdagi yuridik adabiyotlar turkumi ham taqdim etiladi. Ilk bora 100 ming donadan iborat elektron kitoblar bazasini ham shakllantirilib, qaysiki oʻquvchi pandemiya sharoitida uyidan turib, kitoblarni buyurtma qilishi va elektron formatda arzon narxda masofadan turib xarid qilishi mumkin.

Shu bilan birga, kutubxonada zamonaviy “Book cafe” va bepul WiFi tizimi hamda internet orqali zarur adabiyotlarni topish va xarid qilish imkonini beruvchi “eReader” elektron oʻquv qurilmasi ham oʻrnatilgan.

Qolaversa, majmuadan 5 muhim tashabbus doirasida xotin-qizlar uchun bepul chevarlikka oʻrgatish markazi, maktabni tugatib, biroq ishsiz yurgan yosh yigitlar uchun esa hunarmandchilik boʻlimi ham oʻrin olgan. Bundan tashqari, hozirda yosh farzandlarimiz katta qiziqish bildirayotgan milliy cholgʻu asboblarini yasash va oʻrgatish boʻlimini ham ish boshlayapti.

Ular shahardagi barcha maktablarning musiqa fani oʻqituvchilari bilan bevosita hamkorlikni yoʻlga qoʻygan boʻlib, ushbu darsni amaliyot shaklida haftaning muayyan soatida bu yerda oʻtishlari mumkin boʻladi. Bu orqali bir tomondan mazkur fandan oʻz bilimlarini mustahkamlashsa, boshqa tomondan milliy cholgʻu sozlarni yasash sirlarini oʻz koʻzlari bilan koʻrib mehrlari yana-da joʻsh urishi tabiiy.

Bundan tashqari, “Isteʼmolchilar uyi” binosida esa, fuqarolarning isteʼmolchilik huquqlari buzilganda ularning ariza va murojaatlari ham qabul qilinadi.

Bir soʻz bilan aytganda, bu kabi maskanlar yosh oʻgʻil-qizlarimizning ham maʼnaviy tafakkurini boyitish, ularni kasb-hunarga oʻrgatish, yashirin salohiyati va isteʼdodini kashf etish uchun beqiyos imkoniyatlar beshigi boʻlib xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?