Hozirgi vazirimizni xalqparvar, deb eshitganman. Ammo boʻlib oʻtgan holatlar ularning isteʼfo vaqti yetib kelganini koʻrsatayapti - Kusherbayev

20:20 15 Iyun 2020 Jamiyat
1958 0

Joriy yilning 13-iyun kuni Andijon viloyati Ichki ishlar boʻlimi maʼmuriy binosida Jinoyat qidiruv boʻlimi vakillari tomonidan qiynoqqa solingan fuqaro A.Abdukarimov shifoxonada jon berdi.

Bosh prokuratura mazkur holat yuzasidan uch nafar Ichki ishlar xodimi qamoqqa olingani va jinoyat ishi qoʻzgʻatilganini maʼlum qildi. Ichki ishlar vazirligi IIBning 5 xodimi lavozimidan ozod etilib, 19 nafariga nisbatan jazo tayinlangani haqida xabar berdi.

Mazkur voqea yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbаyev oʻz munosabatini bildirib oʻtdi.

"Turli axborot manbalarida berilayotgan qiynoqlar bilan bogʻliq maʼlumotlar bu kabi salbiy illatlar afsuski tizimda uzoq yillar davom etib bugungi kunlarga ham ulanib ketayotganligini koʻrsatmoqda: samarqandlik ayolning yechintirilishi, ichki ishlar binosida odamning oʻlib qolishi, andijonlik fuqaroning qiynoqlarga solinishi, Bosh prokuratura tergovchilarining “Bekobod ishi” doirasida odamlarni shavqatsiz qiynoqqa solishi va kuni kecha Andijonda qiynoqlar oqibatida bir insonning oʻlishi aslida inson huquqlarini taʼminlashni boʻyniga olgan idoralarning ayrim “psixologik buzilgan” shaxslaridan oddiy odamlarni himoya qiladigan alohida kuchli tuzilma zarur boʻlib qolganligini koʻrsatmoqda. Balki ombudsman vakolatlarini oshirish kerakdir. Bilmadim...

Eng qizigʻi tizimga nisbatan ijodiy parodiya qilgan ijodkorlarni ham kechirim soʻrattirish darajasiga yetib kelgan “farishta” tizim rahbariyati oʻz xodimlari qonunbuzilishining ogʻir koʻrinishlariga yoʻl qoʻyganda ham hokisor xalq oldida hech boʻlmasa bir bor kechirim soʻramasa. Manmanlik va kibr ham shunchalikmi, axir ularga vakolat bergan, koʻklarga koʻtarib siylagan shu xalq emasmi? Vaholanki tizimni kulguga olgan ijodkorlar ham tanqid qilayotgan boshqalar ham ular kabi “odam oʻldirish” darajasiga borishmayapti.

Istaymizmi yoʻqmi har bir tizimdagi kamchilik yoki yutuq bevosita ushbu sohaga rahbarlik qilayotgan shasxlarning qobiliyati, xalqqa sodoqat, inson huquqlarini himoya qilish yoʻlida ishni tashkil qila olishiga bogʻliq.

Afsuski jamoatchilikka maʼlum boʻlib qolayotgan soʻnggi voqealar (aslida bundan ham koʻp boʻlishi mumkin) ichki ishlar tizimiga rahbarlik qilib kelayotgan shaxslarning faoliyatiga boʻlgan yondoshuvni qayta koʻrib chiqishni taqazo etmoqda. Hozirgi vazirimizni xalqparvar, deb eshitganman. Ammo boʻlib oʻtgan holatlar ularning isteʼfo vaqti yetib kelganini koʻrsatayapti.

Hurmatli vazirimiz xalq oldida tizimning obroʻsi tushishi, odamlarning eʼtirozlari, xodimlarning bosar-tusarini bilmay IIBda qiynoq, oʻldirish kabi ishlarni “tabiiy holga aylanib” borishida eng minimal darajada boʻlsin aybdor. Va biz bu kabi ishlarni ularning rahbarlik davrida koʻproq eshitayapmiz.

Hozir eng muhimi tizimni fuqaro bilan inson sifatida munosabat qila oladigan darajada isloh qilishga tayyor, Prezident tashabbusi bilan inson huquqlarini taʼminlash borasida qilinayotgan ishlarni yuqori darajaga olib chiqishga qodir kadrlar bilan toʻldirish va ortiqcha yuklardan xalos etish zarur.

Bizga xalq bergan vakolat, Prezident bildirgan ishonchni inson huquqlarini buzish emas, taʼminlash yoʻlida ishlatib, xalqni rozi qilish uchun mehnat qiladigan “tili va ishi bir” qonun himoyachilari kerak", deydi Kusherbаyev.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?