Hotamjon Ketmonov nega isteʼfoga chiqqani maʼlum boʻldi. Partiya rasmiy bayonot berdi

15:23 01 Iyun 2019 Siyosat
1252 0

Bugun Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining navbatdan tashqari XII Plenumi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston XDP Markaziy Kengashi Axborot xizmati xabar berdi.

Unda Oʻzbekiston XDP Markaziy Kengashi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi aʼzolari, hududiy partiya tashkilotlari rahbarlari va vakillari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari hamda partiya faollari ishtirok etdi.

Plenumda kun tartibiga kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Talabalar shaharchasidagi “Innovatsion gʻoyalarni ilm-fan va sanoatga keng tatbiq etish — islohotlar samaradorligining bosh mezoni” nomli maʼruzasidan kelib chiqib, partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama etildi.

Davlatimizning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash ilgʻor ilmiy ishlanmalar va ilmiy-texnikaviy taraqqiyotning soʻngi yutuqlarini amaliyotga samarali joriy etish bilan bevosita bogʻliq.

Shu maʼnoda ilm-fan mamlakat taraqqiyoti va farovonligining asosidir. Ayniqsa, barcha sohada yangiliklarga intilish hamda raqobat kuchayib borayotgan bugungi davr iqtisodiy salohiyatni mustahkamlab borish uchun ilgʻor ilmiy ishlanmalar va texnikaviy yutuqlardan samarali foydalanishni talab etmoqda.

Kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan Plenum aʼzolarining fikr-mulohazalari tinglandi hamda tegishli takliflar olindi. Taqdim etilgan takliflar asosida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilishiga kelishib olindi.

Shuningdek, Plenumda kun tartibidagi tashkiliy masala ham koʻrib chiqildi. Bugungi kungacha Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Hotamjon Abdurahmonovich Ketmonov boshqa ishga oʻtganligi bois, oʻz xohishiga muvofiq partiya yetakchiligidan ozod etilishini soʻrab, arizasi bilan Plenum aʼzolariga murojaat etdi va uning arizasi qanoatlantirildi.

Plenumda Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi aʼzolari, joylardagi partiya vakillarini taklifiga asosan, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi vazifasiga Inoyatov Ulugʻbek Ilyasovichning nomzodi tavsiya etildi. Plenum aʼzolari tomonidan bir ovozdan Inoyatov Ulugʻbek Ilyasovichning nomzodi qoʻllab-quvvatlandi.

Inoyatov Ulugʻbek Ilyasovich Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi etib saylandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?