«Home stay», elektromobillar va axborot markazi — sayyohlar uchun qulaylik

18:08 12 Dekabr 2018 Jamiyat
554 0

Joriy yilning toʻqqiz oyida Xorazm viloyatiga 90 mingdan ziyod turistlar tashrif buyurdi. Bu oʻtgan yildagidan qariyb 2 barobar koʻpdir.

Hozirgi kunda xorijlik hamda mahalliy sayyohlar uchun keng qulayliklar yaratish va natijada hududning turizm salohiyatini rivojlantirish hamda sayohatchilar oqimini yanada kuchaytirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada, shubhasiz, Prezidentimizning joriy yil 29-30 noyabr kunlari viloyatga tashrifi chogʻida bildirgan taklif va tavsiyalari muhim ahamiyat kasb etyapti.

Darhaqiqat, bugun mintaqa boy moddiy-maʼnaviy merosi va yaratilgan infratuzilmalari, xalqaro aviareyslarni qabul qila oladigan zamonaviy aeroporti bilan sayyohlarni oʻziga jalb etmoqda. Yaqinda Urganchdan Xivaga temir yoʻl liniyasining ochilishi hamda Xiva shahrida zamonaviy vokzal ishga tushirilishi ular uchun yanada katta qulaylik yaratadi. Quvonarlisi, Buyuk Ipak yoʻli oʻtgan bu ajoyib zaminga kelayotgan turistlarda qayerda toʻxtash, milliy taomlardan tatib koʻrish, qanday yoʻnalishni tanlash masalasida savollar deyarli paydo boʻlmayapti. Zero, mehmonxona, kafe va restoranlar ular xizmatidadir. Xivadagi temir yoʻl vokzalida axborot markazi tashkil etilgan. U orqali avtotransport vositalari ijarasidan tortib, oʻtkazilayotgan madaniy dam olish tadbirlarigacha boʻlgan har qanday zarur maʼlumotga ega boʻlish, avia hamda temir yoʻl chiptalari narxi haqida bilib olish, mehmonxona bron qilish mumkin.

Yana bir eʼtiborli jihati, “Home stay” uslubi joriy etish orqali turistlarda mehmon uylarida hudud madaniyati va urf-odatlari bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratildi. Binobarin, hozirgi kunda Urganch shahri hamda tumanlarda oilaviy mehmonxonalarni tashkil qilish boʻyicha 24 ta loyiha ishlab chiqilgan boʻlsa, ulardan 4 tasi amalga oshirildi, 3 tasi koʻrib chiqilmoqda.

“Ichan-Qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasi boʻylab elektromobillarda turistik yoʻnalishlar ochilgani sohadagi yana bir yangilikdir. Bu piyoda sayr qilishning qulay usuliga ham aylandi.

Oʻz navbatida, muntazam oʻtkazib kelinayotgan madaniy tadbirlar sayyohlarning mazmunli hordiq chiqarishlarida muhim ahamiyat kasb etyapti. Pirovardida ular milliy qadriyatlar, hudud aholisi madaniyati va udumlari bilan bevosita tanishishmoqda.

Shu maqsadda Xorazm viloyati turizmni rivojlantirish departamenti musiqali teatr bilan “Tosh Hovli”, “Koʻhna Ark”, “Nurullaboy” hamda “Ulli hovli” majmualarida tomoshalar namoyish etish uchun yaqindan hamkorlik oʻrnatgan. Bundan tashqari, mehmonlarga milliy bayramlar va festivallarga tashrif buyurish, esdalik sovgʻalar xarid qilish uchun barcha sharoit muhayyo etilgan.

— Mamlakatimizda turizm industriyasining jadal rivojlanishi yangi sayyohlik yoʻnalishlarini oʻzlashtirishga xizmat qilayotir, — deydi Xorazm viloyati turizmni rivojlantirish departamenti boʻlimi boshligʻi Rayhon Davletova. — Ulardan biri sanoat turizmidir. Shu orqali mehmonlar obyektlar, ishlab chiqarish yoki maxsus muhandislik inshootlari bilan yaqindan tanishtiriladi, taʼbir joiz boʻlsa, ularning tadqiqotchilikka boʻlgan qiziqishi qondiriladi. Vohada industrial turga kiritilgan yangi zamonaviy korxonalar koʻplab topiladi. Kelajakda mehmonlarni oʻnlab yuqori texnologiyali sanoat korxonalari joylashgan “Hazorasp” EIZ faoliyati bilan tanishtirishni ham rejalashtirganmiz. Bogʻot, Xiva, Hazorasp, Shovot, Urganch tumanlari va Amudaryo sohillarida esa ekoturizm izchil rivojlanmoqda.

Umuman, vohada turizm jabhasini yanada rivojlantirish uchun umumiy qiymati 152 milliard soʻmlik 85 ta loyihani hayotga tatbiq etish moʻljallanyapti. Turistlar oqimi yildan-yilga oʻsib borayotganini inobatga olib, kelgusida yana 14 ta mehmonxona, 11 mehmon uyi quriladi, 16 ta sayyohlik avtobusi va mikroavtobus sotib olinadi, yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Zero, ekspertlarning prognoziga koʻra, kelgusi yilning oʻzidayoq hududga keladigan turistlar soni kamida 40 — 50 foiz oʻsadi.

Gavhar DURDIYEVA,
Xorazm Maʼmun akademiyasi laboratoriya mudiri, arxitektura fanlari doktori:

— Prezidentimiz Xiva shahrida turizmni yanada rivojlantirishga qaratilgan loyihalar, bu borada amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish jarayonida Maʼmun akademiyasi faoliyatiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Ushbu ilm maskaniga xorijlik sayyohlarni jalb qilish, bu yerda yurtimiz qadimiy sivilizatsiya markazlaridan biri ekani, davlatchilik anʼanalari haqida toʻliq maʼlumot aks etgan loyihalarni roʻyobga chiqarish yuzasidan takliflar bildirildi. Faoliyatimizni shu asosda tashkil etsak, albatta, maqsadga erishamiz, yaʼni bu yerga keluvchi sayyohlar soni bir necha baravar koʻpayadi.

Davlatnazar RAJABOV,
“Ulli hovli” sayyohlik majmuasi rahbari:

— Tarixdan maʼlumki, Xivaga temir yoʻl olib kelishni oʻz davrida Feruz, Islomxoʻja kabi maʼrifatparvar bobolarimiz orzu qilishgan. Ularningezgu niyatlari oradanyillar oʻtib bugun roʻyobga chiqdi. Qiymati 35,9 million AQSH dollariga teng boʻlgan Urganch — Xiva temir yoʻli va Xiva shahrida zamonaviy vokzal binosi foydalanishga topshirildi. Bu yerda sayyohlar uchun barcha qulaylik yaratilgan. Prezidentimiz faollar yigʻilishida xorijliklarni yanada koʻproq jalb etish yuzasidan taklif hamda tavsiyalarini bildirdi. Bu bejiz emas. Xivaning sayyohlik imkoniyatlari juda baland. Endi barchamiz hamjihat boʻlib, ana shu salohiyatni toʻliq yuzaga chiqarish yoʻlida tinmay mehnat qilishimiz, izlanishimiz, oʻz faoliyatimizda yangiliklar va innovatsiyalarni muntazam joriy etib borishimiz zarur.

Odilbek ODAMBOYEV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?