Hollivud va Bollivud kinoyulduzlariga libos tikib bergan dizayner Oʻzbekistonning Hindistondagi turizm boʻyicha elchisi etib tayinlandi

17:17 19 Mart 2019 Jamiyat
283 0

Mashhur hind modeler-dizayneri, oʻz brendiga asos solgan Ritu Beri Oʻzbekistonning Hindistondagi turizm boʻyicha elchisi etib tayinlandi. Bu haqda yaqinda Deli shahrida tashkil etilgan “Oʻzbek musiqasi va modasi festivali” chogʻida maʼlum qilindi.

Ritu Berini koʻpincha “Moda malikasi”, “Hind modasining birinchi xonimi” deb atashadi. Zero, u Parijda taqdimot oʻtkazgan hindistonlik dastlabki dizayner hisoblanadi.

Nikol Kidman, Letitsiya Kasta, Madxuri Diksit kabi butun jahonga taniqli boʻlgan kinoyulduzlar Ritu Beri tikkan liboslarni kiyishadi.

U zebu ziynat industriyasida kreativlik va innovatsiyalarni ilgari surish bilan shugʻullanadigan The Luxury League notijorat tashkiloti asoschisi hamdir.

Hindiston poytaxtida tashkil etilgan “Oʻzbek musiqasi va modasi festivali”da Ritu Beri ushbu tadbir uchun maxsus tayyorlangan liboslar toʻplami bilan ishtirok etdi. Ushbu sanʼat asarlari oʻzida oʻzbek ikati(jozibali bezaklar berilgan mato)ning anʼanaviy elementlari(chizmalari)ni yorqin aks ettirgani bilan barchaning hayratiga sabab boʻldi.

Eʼtiborlisi, mazkur oʻziga xos madaniyat forumida Ritu Beri Oʻzbekistonning Hindistondagi “Turizm boʻyicha elchisi” etib tayinlangani eʼlon qilindi. Unga Oʻzbekiston turizmini rivojlantirish davlat qoʻmitasining rasmiy sertifikati va esdalik sovgʻasi topshirildi.

Festivalda soʻzga chiqqan R.Beri bildirilgan yuksak ishonch uchun Oʻzbekiston tomoniga katta minnatdorlik bildirdi. Yaqinda Oʻzbekistonga qilgan safarini eslar ekan, u mamlakat sayyohlik va madaniyat sohasida noyob salohiyatga ega ekanligini alohida taʼkidlab oʻtdi. Dizayner Oʻzbekistonning madaniy va turizm salohiyatini Hindistonda ilgari surish uchun bor kuch-gʻayratini ishga solishga vaʼda berdi.

Ayni chogʻda Ritu Beri oʻzbek madaniy-tarixiy merosining ashaddiy ishqibozi ekanligini ham bildirdi. Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi madaniy yaqinlik oʻzaro munosabatlarni har tomonlama mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim omil ekanligini eʼtirof etdi.

U Oʻzbekiston tom maʼnoda hind oilalari uchun eng mashhur(ommabop) sayyohlik yoʻnalishlaridan biri hisoblanishini aytib, barchani ushbu diyorga tashrif buyurishga chaqirdi.

Festival ishtirokchilari Mursak va Anoratelier modalar uyi asoschilari boʻlgan oʻzbek dizaynerlari mualliflik kolleksiyalari bilan ham tanishdilar.

Tadbir doirasida “Surxon” milliy folklor guruhi rang-barang konsert dasturi bilan chiqish qildi.

Umuman olganda, ushbu festivalga kelganlar taqdim etilgan madaniy dasturdan katta zavq olganini yashirib oʻtirishmadi. Uzingiz ularning fikrlarini oʻqib, bunga ishonch hosil qilishingiz mumkin.

Ritu Beri, Oʻzbekistonning Hindistondagi “Turizm boʻyicha elchisi”:

- Oʻzbekiston turizmni rivojlantirish boʻyicha davlat qoʻmitasiga meni Oʻzbekistonning Hindistondagi “Turizm boʻyicha elchisi” etib tayinlashdek yuksak ishonch koʻrsatgani uchun ulkan minnatdorlik bildiraman. Oʻzbekistonning madaniyat va sayyohlik salohiyatini Hindistonda ilgari surish uchun oʻz tomonimdan bor kuch-gʻayratimni ishga solaman. Hindiston va Oʻzbekistonni madaniyat va sanʼat birligi bogʻlab turishini qayd etishni istardim. Mamlakatlarimiz oʻrtasida tarixiy doʻstlik aloqalari qaror topgan. Oʻzbek-hind modalar koʻrgazmasi hamtashkilotchisi boʻlish menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi. Bu kabi madaniy tadbirlarning oʻtkazilishi ikki davlat xalqlarini yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Sandip Marva, Marwah Studio kinokompaniyasi prezidenti:

- Bugungi tadbir bizga katta xursandchilik bagʻishladi. Tashkil etilgan oʻzbek-hind modalar koʻrgazmasi mamlakatlarimiz madaniyatlari uygʻunligini namoyon etdi. Yosh oʻzbek dizaynerlari tomonidan yaratilgan ayollar liboslari va milliy matolar namunalari festival mehmonlarida katta qiziqish uygʻotdi.

Unda yana bir tarixiy voqea roʻy berdi. Ritu Berining Oʻzbekistonning Hindistondagi “Turizm boʻyicha elchisi” etib tayinlangani rasman eʼlon qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?