Holi zabun zabonsiz obidalar. Kundan-kunga tutday toʻkilib bormoqda

17:52 05 Fevral 2020 Madaniyat
1178 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq so`zi ONLINE”

Yaxshidir achchiq haqiqat...

“Xalq soʻzi ONLINE”. Istam Ibrohimov/Buxoro. Buxoroning qadimiy koʻchalarini yayov kezgan kishi har qadamda bir tarixiy obidaga duch keladi. Maʼlumotlarga koʻra, koʻhna shaharda ular soni 600 dan oshadi. Viloyat madaniy meros boshqarmasi mutasaddilarining bildirishlaricha, yaqinda tarixiy yodgorliklar toʻliq kadastr qilindi. Ular davlat muhofazasiga olingan. Baʼzilarining investitsiya kiritish sharti bilan tadbirkorlarga tanlov asosida berilayotgani esa obidalarni asrab-avaylash imkoniyatini kengaytiradi.

Salkam 400-yillik tarixga ega Magʻoki koʻrpa masjidini bunga misol tariqasida keltirish mumkin. Qarovsizlikdan nurab yotgan bu yodgorlik maʼlum bir shartlar bilan “Buxoro nays karpet” (“Buxoroning chiroyli gilamlari”) MCHJga ijaraga berildi. Xorijiy sarmoya evaziga yodgorlik restavratsiya qilindi. Shu tariqa uning umriga umr qoʻshildi.

Istam IBROHIMOV/“Xalq so`zi ONLINE”

Ammo... Agar ayrim tarixiy obidalarga zabon bitganida avvalo Magʻoki koʻrpaga havasi kelayotganini aytar va oʻzining zabun ahvolidan soʻz ochardi. Bu haqda bejiz toʻxtalmayapmiz. Baʼzi yodgorliklar qarovsizlik oqibatida hamda yogʻin-sochin taʼsirida nurab boryapti. Beshafqat vaqt oldida ojiz qolyapti. XVIII asrda bunyod etilgan Mavlono Assiri madrasasi shular jumlasidan.

— 1960-yildan buyon shu madrasaga yondosh hovlida yashab kelyapman, — deydi 87 yoshli onaxon Musharraf Nuriddinova.— Bu yerda ilgari ehtiyojmand uch-toʻrt oila istiqomat qilganini yaxshi eslayman. Xartugul, toza-ozoda joy edi. Keyin esa qarovsiz ahvolga tushdi. Biz yashayotgan Mirdoʻstim koʻchasidagi ushbu yodgorlik hamda Modarixon madrasasining ahvolini koʻrib achinasan, kishi. Mabodo, rahbarlar kelishsa, ularga bu madrasalarni taʼmirlashga yordam beringlar, deb aytgan boʻlardim.

Istam IBROHIMOV/“Xalq so`zi ONLINE”

Afsuski, Mavlono Assiri madrasasi eshigiga qulf urilgani bois ichkariga kirishning imkoni boʻlmadi.Ammo eshik tirqishlaridan qarashning oʻzi kifoya: hovlisi tashlandiq, hujralar vayrona ahvolda. Yodgorlikning tashqi koʻrinishini-ku aytmay qoʻya qolaylik. “Davlat muhofazasiga olingan” degan yozuvni koʻrgan kishi esa taajjubdan yoqa ushlashi tayin.

Istam IBROHIMOV/“Xalq so`zi ONLINE”

Onaxon tilga olgan Modarixon xalq tilida “Qoʻsh madrasa”deb ataladigan ikki yodgorlikning biridir. U XVIasrda qurilgan.Ikki qavatli. Mahobatli. Nozik meʼmoriy yechimga ega. Ellikdan ziyod hujrasi bor. Aksariyati huvullab yotibdi. Baʼzi hujralar omborxonaga yoki axlatxonaga aylantirilgandek taassurot qoldiradi.Taʼmirtalab, abgor ahvolda.

— 1997-yildan buyon shu yerda oilaviy faoliyat koʻrsatib kelyapmiz, — deydi hunarmand Dmitriy Anisimov. — Rahmatli otam ishlagan ustaxonani oʻz kuchimiz bilan taʼmirladik. Ilgari bu yerda ustalar koʻp edi. Lekin inshoot tenderga qoʻyilgan, degan gap-soʻzlardan keyin ularning hafsalasi pir boʻldi. Ketib qolishdi. Agar hujralar xalq amaliy sanʼati ustalariga berilsa, ular bu yerni risoladagidek taʼmirlashgan, madrasa fayziga fayz qoʻshishgan boʻlur edi. Bunga ishonchim komil.

Istam IBROHIMOV/“Xalq so`zi ONLINE”

“Hunarmand” uyushmasi aʼzosi Dmitriyning aytishicha, madrasani tomosha qilgani sayyohlar tez-tez kelib turishadi. Ammo qulf urilgan yoki tashlandiq holda yotgan hujralar oldida turgan sayyohning koʻnglidan qanday oʻylar kechadi? U madaniy merosga boʻlgan bunday munosabatga qanday baho beradi? Oʻz yurtiga qanday taassurotlar bilan ketadi?!

Istam IBROHIMOV/“Xalq so`zi ONLINE”

Aytmoqchi, qadimiy shahardagi qay bir tarixiy yodgorlik eshigida kunduzi ham qulf koʻrsangiz, bilingki, u taʼmirtalab yoki qarovsiz ahvolda. Vaholanki, sayyohlarning shaharda imkon qadar uzoqroq qolishi har tomonlama, ayniqsa, moliyaviy jihatdan foydali. Shunday ekan, taʼmirtalab yodgorliklarni restavratsiya qilish, holatini yaxshilash, eshiklarini lang ochib qoʻyish mavridi keldi. Fikrimizcha,bu umumdavlat miqyosidagi masalaga aylanishi, tegishli tashkilotlar shu maqsad yoʻlida jonini jabborga berib ishlashi zarur. Toki, restavratsiya ishlari keng koʻlam kasb etsin. Soha uchun professional kadrlar tayyorlansin. Qadimiy yodgorliklarning har bir gʻishtini asrab-avaylaylik. Ular toʻgʻrisida chuqur bilimga ega boʻlaylik.

Istam IBROHIMOV/“Xalq so`zi ONLINE”

Yana bir gap: Ayrim davlatlarda yuz, nari borsa, yuz ellik yil muqaddam qurilgan inshootlarni ham tarixiy obida sifatida asrab-avaylashadi, ular bilan faxrlanadi. Bizda esa oʻtmishi salkam ming yilga borib taqaladigan yodgorliklar oz emas. 900-yillik tarixga ega Namozgoh masjidini misol tariqasida keltirish mumkin. Tarixiy manbalarda juda obod, xushmanzara va fayzli maskan,deya taʼrif etilgan bu goʻsha afsuski,hozir achinarli ahvolda. Noyob meʼmoriy yodgorlik tutday toʻkilib boryapti. Darvoqe, bu haqda bundan yetti oycha muqaddam saytimizda maqola ham eʼlon qilgan edik. Ammo ahvol oʻzgargani yoʻq. Holbuki, bunday obyektlar sayyohlikni, xususan, ziyorat turizmini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Istam IBROHIMOV/“Xalq so`zi ONLINE”

Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida shu haqda alohida toʻxtalib, joriy yilda yurtimizga keladigan turistlar sonini 7,5 millionga yetkazish, katta salohiyatga ega ziyorat turizmini ham jadal rivojlantirish zarurligini taʼkidladi. Shunday ekan, ajdodlarimizning aql va zakovati mahsuli sanalgan har bitta masjid va madrasani, boy madaniy merosimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, ular holatini yaxshilash mavridi allaqachon keldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?