Hokimning xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomi nima boʻladi?

09:39 14 May 2019 Jamiyat
163 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi Qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 28-bandida hokimning xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilish masalasi nazarda tutilgan.

Davlat dasturining ushbu bandi ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining 2019 yil 3 apreldagi Qoʻshma qarori bilan viloyat, tuman, shahar hokimlarining xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanib, Oliy Majlis palatalari, tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat tarkibda ishchi guruhi tuzildi.

Joriy yilning 13 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ishchi guruhning navbatdagi yigʻilishi oʻtkazildi. Unda parlament quyi palatasi deputatlari va Senati aʼzolari, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi. Yigʻilishda viloyat, tuman, shahar hokimlarining xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilish boʻyicha chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi koʻrib chiqildi.

Xususan, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan Koreya, Yaponiya, Kanada, Gruziya, Turkiya, Rossiya

va Qozogʻiston kabi qator davlatlarning mahalliy vakillik va ijro organlari rahbarlari maqomi va vakolatlari boʻyicha tajribasi oʻrganilib, ushbu mavzularda olib borilgan fundamental va amaliy-ilmiy tadqiqotlar oʻrganildi, amaldagi qonun hujjatlarining toʻliq inventarizatsiyasi oʻtkazildi.

Ishchi guruh tomonidan hokimning xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilinishi munosabati bilan kelib chiqishi mumkin boʻlgan masalalar – Kengashlar faoliyatini takomillashtirish, shtat birliklariga boʻlgan ehtiyoj va boshqa masalalar joylarga chiqib oʻrganildi, ushbu masala yuzasidan ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazildi hamda tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Oʻrganishlar va amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida Ishchi guruh tomonidan “Hokimning xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomi bekor qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining dastlabki varianti ishlab chiqildi.

Qonun loyihasida hokimlarining mahalliy vakillik organlari rahbarlari sifatidagi vakolatlarini bekor qilish va alohida xalq deputatlari Kengashi raisi lavozimini joriy qilish, Kengashlarda doimiy asosda ishlovchi deputatlar faoliyatini tashkil etish, xalq deputatlari Kengashi raisi va uning oʻrinbosarini saylash tartibi kabi kompleks masalalar oʻz yechimini topgan.

Shu bilan bir qatorda, qonun loyihasida Kengash raisi va uning oʻrinbosari maqomi, Xalq deputatlari Kengashlari faoliyatiga tashkiliy, moddiy-texnik va axborot-tahliliy jihatdan koʻmaklashuvchi kotibiyatlar faoliyatini tashkil qilish masalalari ham oʻrin olmoqda.

Ishchi guruh yigʻilishda tayyorlangan qonun loyihasi atroflicha muhokama qilindi va maʼqullandi. Yigʻilish yakunida qonun loyihasi boʻyicha jamoatchilik muhokamasini oʻtkazish va natijasi asosida maromiga yetkazish, loyihani tegishincha Qonunchilik palatasi va Senat Kengashlari muhokamasiga kiritish toʻgʻrisida tegishli qaror qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?