Hokimliklar tomonidan biznesni diskriminatsiya qilish holatlari davom ettirilmoqda

17:43 06 Avgust 2019 Jamiyat
328 0

Navbatdagi mana shunday yoqimsiz holat haqida Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi axborot xizmati xabar berdi.

Unda qayd etilishicha, Andijon viloyati Asaka tumani hokimligi “Qishloq Qurilish Invest” injiring kompaniyasi Andijon filiali direktori nomiga joriy yilning 7-yanvarida xat yuboradi.

Xatda Asaka tumani “Xumo” koʻchasida va “Amir Temur” mavzesidagi 2 ta toʻrt qavatli uy-joy binosini qurilishi uchun tavsiya qilingan “Shaxrixon Yulduzi” MCHJ va “Sapfir Boʻstoni” MCHJ oʻrniga “Moxir meʼmor quruvchi” MCHJ va “Ideal Bunyodkor” MCHJni bosh pudratchi sifatida almashtirish soʻralgan va bu bilan raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzilishiga yoʻl qoʻygan.

Yana bir holat Qashqadaryo viloyatida koʻrib chiqildi. Unda Dehqonobod tumani hokimligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasiga joriy yilning 13-aprelida yoʻllagan xatida dolomit qazib olish uchun “KVARTS” AJ geologik qidiruv ishlarini olib borishlari uchun litsenziya olish boʻyicha tanlovda gʻolib chiqqan taqdirda ham, Dehqonobod tumanida soliq toʻlovchi sifatida roʻyxatdan oʻtganidan keyin, yer ajratilishi toʻgʻrisida kafolat xati berilishi “KVARTS” AJ ga ortiqcha, kamsituvchi shartlarni qoʻyilishga olib kelgan.

Bugungi kunga kelib, Qoʻmita va uning hududiy boshqarmalari tomonidan respublikaning 56 ta shahar va tumanida oʻrganishlar oʻtkazilib, 218 ta holatda mahalliy hokimliklar tomonidan raqobatni cheklaydigan hujjatlar qabul qilingani hamda raqobatni cheklovchi xatti- harakatlarni sodir etish alomatlari aniqlangan.

Natijada 37 ta shahar va tuman xokimliklariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini buzish alomatlari boʻyicha ishlar yurituvga olinib, Maxsus komissiyalarda koʻrib chiqildi, tegishli taqdimnomalar kiritildi, raqobatni cheklashga olib kelgan 10 ta hujjat bekor qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?