Hokimliklar oʻz faoliyati boʻyicha jamoatchilik oldida elektron hisobot beradi

20:25 17 Iyul 2020 Hujjatlar
219 0

“Elektron hukumat tizimini yana-da rivojlantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining oʻz faoliyati boʻyicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berishi tartibini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, Elektron hukumatning axborot tizimlari va resurslari yagona reyestri (yagona reyestr)ga vazirliklar, davlat qoʻmitalari, qoʻmitalar, agentliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik birlashmalarining axborot tizimlari va axborot resurslari kiritiladi.

Davlat organlari va tashkilotlariga yagona reyestrga kiritilgan axborot tizimlarining funksional vazifalarini takrorlaydigan axborot tizimlarini ishlab chiqish va foydalanish taqiqlanadi.

2020-yil 1-sentyabrdan boshlab davlat boshqaruvi organlari, ularning hududiy boʻlinmalari, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, hokimliklar tomonidan oʻz faoliyati boʻyicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berish tartibi joriy etiladi.

2021-yil 1-yanvarga qadar yagona reyestr va “Elektron hukumatning maʼlumotnomalar va klassifikatorlar registri” axborot tizimi amaliyotga joriy etiladi.

Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi davlat organlari va tashkilotlarining barcha axborot tizimlari yagona reyestrga kiritilishining monitoringini olib boradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?