Hokimlarning vakolati qisqarmoqda

14:09 21 Avgust 2020 Siyosat
505 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020-yil 21-avgust kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida deputatlar “Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlari yana-da kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining loyihasini birinchi oʻqishda muhokama qildilar.

Parlament quyi palatasida joriy etilgan yangi amaliyotga muvofiq, parlamentda qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanayotgan subyekt vakili tegishli mazkur qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qilish uchun maʼruza bilan chiqib, uni konseptual jihatdan asoslab berdi hamda deputatlar oldida himoya qildi. Ushbu masala yuzasidan Oliy sud raisining oʻrinbosari B.Isoqov soʻzga chiqdi.

Taʼkidlanganidek, yer uchastkalarining hokimlar tomonidan olib qoʻyilishiga taqiq belgilash, yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish, shuningdek, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini tugatish boʻyicha vakolatlarini cheklash qonun loyihasi normalarida oʻz aksini topmoqda.

Shuningdek, loyiha bilan yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish vakolati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga berilyapti.

Korxonalarni (tashkilotlarni) davlat tasarrufidan chiqarish hamda mol-mulkni xususiylashtirish natijalarining qayta koʻrib chiqilishi va bekor qilinishiga yoʻl qoʻyilmasligini nazarda tutuvchi normalar ham qonun loyihasiga kiritilishi nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Repspublikasi Qonunlari va Yer kodeksiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladi.

Deputatlar taʼkidlashicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mulkdorlar huquqlarini, ularni mulk huquqidan asossiz ravishda mahrum etishdan himoya qiladi. Shuningdek, yer uchastkalari olib qoʻyilishi munosabati bilan mulkdorlarga yetkazilgan zararlarining oʻrni (shu jumladan davlat tomonidan) toʻliq qoplanishi, mulkdorlarning davlatga va uning organlariga boʻlgan ishonchi ortishiga xizmat qiladi.

Qizgʻin muhokamalardan soʻng, qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?