Hokim yoshlarni viloyatning drayverlari, deya eʼtirof etdi

21:15 29 Oktyabr 2020 Jamiyat
232 0

Namangan shahridagi “Yoshlar markazi”da “Hokim va yoshlar” uchrashuvi boʻlib oʻtdi.Tadbir arafasida BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi (UNODC ROCA) nomidan yuridik klinika — huquqiy klinika markazi ochildi. Mazkur klinikani ochilishi boʻyicha viloyat adliya boshqarmasi va Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi rahbarlari ishtirokida memorandum imzolandi.

“Hokim va yoshlar” uchrashuvida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkatjon Abdurazzoqov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi (UNODC ROCA) rahbari Ashita Mittal, BMT Taraqqiyot Dasturining (UNDP) Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska ishtirok etdilar.

Ularning chiqishlaridan soʻng tadbir ochiq muloqot shaklida davom etdi. Ayni jarayonda joylarda yoshlar markazlari, inklyuziv taʼlim maktablari ochish, Yoshlar parlamenti aʼzolarining mahalliy kengashlar faoliyatidagi ishtirokini taʼminlash, imtiyozli asosda yoshlar uylaridan xonadonlar olish va boshqa masalalar yuzasidan takliflar tinglandi, savollarga javob qaytarildi.

—Yoshlar bandligini taʼminlash ustuvor vazifalarimizdan. Bunda ularni biznes yuritish va tadbirkorlikning boshqa sohalariga jalb etish imkoniyatlaridan keng foydalanyapmiz. Ayni maqsadda maxsus kichik sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Uning 30 gektarli hududida 65 ta loyiha joylashtiriladi, 3,5 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi. IT park, kasb-hunarga oʻrgatish markazlari ochilmoqda. Bularning barchasi viloyatimiz aholisining 60 foizini tashkil etadigan yoshlar uchun va ularga barcha sharoitlarni yaratishga tayyormiz. Ularni bemalol viloyatimiz drayverlari deb atasak boʻladi, — dedi Sh.Abdurazzoqov.

Tadbir yakunida bir guruh faol yoshlarga viloyat hokimligining tashakkurnomasi va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?