Hokim tashabbusi bilan Andijonda bepul kutubxona tashkil etildi

11:29 27 Iyun 2018 Madaniyat
903 0
Foto: “Xalq so‘zi”

Andijon shahrida bepul kutubxona tashkil etildi. Uning ilk namunasi viloyat markazidagi Z. M. Bobur nomli viloyat drama teatri oldiga o‘rnatildi. Viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov tashabbusi bilan yuzaga kelgan bu xayrli ish uchun hokimning o‘zi shaxsiy jamg‘armasidan 200 dona kitob sovg‘a qildi.

Viloyatdagi muxbirimiz Saminjon Husanovning ma’lum qilishicha, maxsus javondan iborat mazkur kutubxona ertalab soat 8.00 dan kechki soat 21.00 ga qadar faoliyat yuritadi. U aynan aholi ko‘p to‘planadigan, dam oladigan joyda barpo etilganligi bois ilk kunlarning o‘zidayoq kitobxonlar bilan gavjum bo‘ldi.

Foto: “Xalq so‘zi”

“OAV orqali chet ellarda shunday kutubxonalar mavjudligini ko‘rgandim. Andijonda ham shunday tashabbus yuzaga chiqqanidan xursandman. Ushbu kutubxonaning menga ma’qul tomoni shundaki, undagi kitoblarni xohlasangiz shu yerning o‘zida o‘qiysiz, xohlasangiz uyga olib ketishingiz mumkin. Buning uchun hech qanday haq to‘lamaysiz”, - deydi Andijon mashinasozlik instituti talabasi Nargizaxon Tojiddinova.

Kutabxona faoliyatini boshlagan dastlabki birinchi soatda 10 ta kitob o‘quvchisini topganligi yoshlarning bu kabi xayrli ishga nechog‘li chanqoq ekanligidan dalolatdir. Viloyatda xuddi shunday kutubxonalarning sonini 500 taga yetkazish rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?