Hokim oʻrinbosarini yoqib yuborgan yakkabogʻlik tadbirkor – ozodlikda!

10:30 31 Avgust 2019 Jamiyat
208 0

Bahriddin Isomovning “jinoiy qilmishni sodir etish chogʻida affekt holatida boʻlganini” tasdiqlash uchun ikki marta psixologik ekspertiza oʻtkazishga toʻgʻri keldi. Jinoyat ishi qayta malakalanib sudga oshirilgan, tadbirkor sudga oʻz uyidan qatnaydi. Bu haqda advokatnews.uz xabar berdi.

Unga koʻra, Yakkabogʻ tumani hokimi oʻrinbosarini ustiga benzin sepib yoqib yuborgan tadbirkor Bahriddin Isomov qayta sud-psixologiya ekspertizasi xulosasidan soʻng 29-avgust kuni qamoqdan ozod etildi. Bu haqda bizga tadbirkorning advokati Muzaffar Abidov maʼlum qildi.

Advokatning soʻzlariga koʻra, Qarshi universiteti psixologiya fakulteti olimlaridan iborat ekspertlar guruhi 24-avgust kuni B.Isomov toʻgʻrisida “oʻsha xatti-harakatni sodir etgan vaqtida affekt holatida boʻlgan” deb xulosa bergan. Ushbu xulosa asosida, Yakkabogʻ tumani prokurori sanksiyasi bilan ayblov Jinoyat kodeksining 97-moddasi (“Qasddan odam oʻldirish”)dan 98-modda (“Kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam oʻldirish”)ga qayta malakalanib, ayblov yengillashgani munosabati bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi bekor qilingan.

Advokatning aytishicha, B.Isomov shu bilan uchinchi marta ruhiy ekspertiza qilingan. Avvalroq, jinoiy ish qoʻzgʻatilgach, u sud-psixiatriya ekspertizasidan oʻtkazish uchun Toshkentga joʻnatilgani haqida xabar qilingan edi. Respublika sud-ekspertiza markazida oʻtkazilgan sud-psixiatriya tekshiruvida, protsessual qonunchilikka asosan uning umumiy ruhiy ahvolini oʻrganilib, ijobiy xulosa berilgan. Shundan soʻng ayblanuvchining jinoiy qilmishni sodir etish chogʻida affekt holatida boʻlgan-boʻlmaganini aniqlashtirish maqsadida sud-psixologik ekspertiza tayinlangan.

Advokat M.Abidov ushbu ekspertiza masalaga yuzaki va bir tomonlama qarab, ayblanuvchining ruhiy ahvolini hisobga olmaganini aytadi.

– Psixolog mutaxassislar himoyamdagi shaxs bilan hatto biror marta suhbatlashmagan ham. Uning ayblanishiga sabab boʻlgan xatti-harakatning sodir etilishidagi vaziyat, motivlar puxta oʻrganilmagan. Shunchaki, tergov materiallari nari-beri varaqlanib, “bu odam oʻz xatti-harakatlariga javob bera oladi”, degan mazmunda xulosa tayyorlashgan!.. – deydi advokat.

Bundan xabar topgan Muzaffar Abidov viloyat prokuroriga iltimosnoma yozib, himoyasi ostidagi shaxsga qayta ekspertiza tayinlanishiga erishadi. Bu safar Qarshi universiteti psixolog olimlaridan tashkil topgan ekspertlar Isomovning ruhiyatini va tergov materiallarini sinchiklab oʻrganib chiqishgach, jamiyatda katta rezonans keltirib chiqargan “Yakkabogʻ voqeasi” asosiy ishtirokchilaridan boʻlgan mahalliy tadbirkorning oʻsha vaqtda affekt, yaʼni kuchli ruhiy hayajonda boʻlganini tasdiqlagan.

Ish qayta malakalanishi bilan birga tergov tugatilib, materiallar sudga taqdim qilingan.

Eslatib oʻtamiz, JKning 98-moddasida kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam oʻldirganlik uchun 2 yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi koʻzda tutilgan.

Advokatdan Bahriddin Isomov qamaladimi deb soʻralganda u “Sud jamiyatning voqeaga nisbatan reaksiyasini hisobga olib, yengilroq jazo tayinlaydi, deb umid qilaman. Qolaversa, oʻsha mashhur “snos” mojarolariga hukumat va Prezident qanday munosabat bildirganini, keyin qanday oʻzgarishlar boʻlganini yaxshi bilasiz. Bu yogʻini koʻramiz” , deb javob qaytargan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?