Hokim oʻrinbosari va kadastr boʻlimi mutaxassisiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

17:09 16 Oktyabr 2018 Jamiyat
841 0

Fargʻona viloyati Quva tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari X.R. pora olayotib qoʻlga tushdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Fargʻona shahar boʻlimi xodimlari tomonidan DXX Fargʻona viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda “G.S.” MCHJ rahbari U.ning murojaatiga asosan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Quva tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari X.R. va tuman kadastr boʻlimi mutaxassisi Sh.Q. tumandagi maktabgacha taʼlim muassasalaridagi taʼmirlash ishlarini bajarish majburiyatini “G.S.” MCHJ zimmasiga yuklash evaziga “G.S.” MCHJ rahbari U.dan kelishilgan 1500 AQSH dollaridan 1000 AQSH dollarini pora tariqasida olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan tuman hokimi oʻrinbosari X.R. va kadastr boʻlimi mutaxassisi Sh.Q.larga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?