Hokim nega bizni xush koʻrmadi? Yoxud loqaydlik soyasidagi manmanlik

10:59 24 Oktyabr 2019 Jamiyat
107 0

Olmaliq shahri Toshkent viloyatining muhim sanoat hududi hisoblanadi. Doimo barqaror ishlovchi Olmaliq kon-metllurgiya kombinati (OKMK) necha yillardan buyon nafaqat shahar yoki viloyat balki, mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirishga salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda. Ayni kunlarda kombinat ishchi xizmatchilari korxonaning 70 yilligini nishonlashga katta tayyorgarlik koʻrishyapti. Buni Olmaliq shahriga kirib kelishingiz bilan his etasiz. Chor-atrofda bu bayramga ishora qiluvchi targʻibot yozuvlariga koʻzingiz tushadi. Biz ham korxona jamoasining ushbu tantanasiga bir ijodkor sifatida hissa qoʻshishdek samimiy niyatlar bilan OKMK maʼmuriy binosi eshigiga yaqinlashamiz. Korxona rahbari Abdulla Xursanov qabulxonsasiga qoʻngʻiroq qilish uchun navbatga turamiz. Haftaning seshanbasi, aynan, u kishi aholini qabul qiladigan kun. Ruxsatnoma yozib beradigan chogʻroqqina xonada toʻrt-beshta oʻrindiq qoʻyilgan xolos. Odam esa tumonot. Shu bois, koʻpchilik tik oyoqda turibdi. Bu yerga sigʻmaganlar tashqarida navbat kutishmoqda. Hamma korxona rahbari qabuliga kirish ishtiyoqida. OKMK mutasaddilaridan biri oynavand eshik ortidagi xonada fuqarolar bilan gaplashmoqda. Ichkaridagi rahbar vakili va shikoyatchilardan birining asabiylashgan baland ovozi eshitiladi. “Men direktorga kirishim kerak! Yana qancha qatnashim mumkin”,-deydi notanish kimsa. Mutaxassisning javobidan qoniqish hosil qilmadi shekilli, jahl bilan tashqariga chiqib ketdi. Birozdan soʻng navbatimiz keldi. Telefon goʻshagini koʻtarib OKMK AJ boshqaruvi raisi A.Xursanov qabulxonasi bilan bogʻlanish uchun 50-59 raqamini teramiz. Avvalliga hech kim javob bermadi Oradan 20 daqiqa oʻtib, yana navbatmiz kelganda raqamni takror teramiz. Xayriyat bu safar goʻshakni koʻtarishdi. Oʻzini Zulfiya deb tanishtirgan kotibaga “Xalq soʻzi” gazetasining viloyat boʻyicha maxsus muxbiri ekanligimni bildirdim.

—Nima masalada keldingiz,-dedi u.

OKMKning 70 yilligi bayrami munosabati bilan maqola yozmoqchi ekanligimizni, imkon qadar rahbar qabuliga kirishimiz lozimligini tushuntirdik.

- U kishi yoʻqlar. 58-11 raqamiga qoʻngʻiroq qiling. Direktorning referenti Rasulov Aleksandr Maxamat Shukurovich,-deya uqtiradi kotiba. Berilgan raqamni qanchalik takror termaylik, goʻshakni hech kim koʻtarmaydi. Bunday munosabatdan asta-sekin hafsalamiz oʻla boshladi.

—Hali koʻp kutasiz uka. Yetti oydan buyon qatnaymiz lekin Abdulla Xursanovning yuzini koʻrmadik. Biz eshitgan choʻpchaklarni oʻndan biriga duch kelganingiz yoʻq!-deydi bu yerdagi ayollardan biri, meni nima uchun navbatda turganligimni soʻrab bilgach.

—Eshitmadingmi, jurnalist ekan, balki u kishini qabul qilar,-deydi unga sherigi.

— Kim direktormi? Yoki Rasulovmi? Koʻrasan! Bizga aytilgan choʻpchaklardan birini eshitib ketaveradilar-da!-deya pisanda qiladi haligi ayol.

Kutishdan boshqa choramiz yoʻqligi fahmladik. Shu bois, koʻpchilik qatori hovliga chiqaman. Atrofga razm solaman. “Tavba” deyman oʻzimcha. Shunchalik mahobatli korxonaning qabulxonasidagi ahvol shu boʻlsa-ya! Ruxsatxona eshigiga koʻtarilishdagi zinalarga qarab achinasan kishi. Oyoq ostidagi chinni qoplamalar qoʻporilib yotibdi. Ehtiyotsizlik tufayli surilib ketishing hech gapmas.

Ruxsatxona ichkarisiga kirishingiz bilan eng avval zarurat sezadiganingiz devordagi “Telefonnыy spravochnik ispolnitelnogo aparata” degan yozuvli lavhdir. Uni koʻrib hayratdan yoqa ushlaysan kishi. Sobiq ittifoq davridagi nufuzli idoralardagi xuddi shunday roʻyxatlar koʻz oldimizdan oʻtadi. Axir u paytlarda erkimiz va tilimiz tutqun edi-ku! Rasmiy oʻzga tildagi bunday yozuvlarga chidashga majbur edik! Xoʻsh bugun-chi? Mamlakatimiz mustaqil davlat sifatida dunyoga tanilganiga oz emas, koʻp emas, 28 yil boʻldi-ya! Oʻzbek tiliga davlat maqomi berilganligiga esa oʻttiz yil toʻldi! Nahotki shunchalik loqaydlik boʻlsa?-deya, oʻz-oʻzimga savol beraman. Qolaversa, shu yilning 4-oktyabar kuni mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida“gi Qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi qarorni imzoladilar. Oʻzbekiston davlatchiligi tarixida ilk bor qabul qilingan bu muhim tarixiy hujjatni mamlakatimiz aholisi,ziyolilari, keng jamoatchilik, hattoki, chet el elchixona va vakolatxonalari jamoalari katta mamnuniyat va hayajon bilan qarshilashdi.

OKMK ishchi-xizmatchilari qadrdon korxonasining yetmish yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrayotgan, mamlakatimiz aholisi, ziyolilari, yoshlari hamda keng jamoatchilik oʻzbek tiliga davlat maqomi berilganligining oʻttiz yilligini katta bayram sifatida kutib olayotgan bir paytdagi bunday manzaralar kishini afsuslantiradi. Katta ayyom arafasida shaharning qoq markazidagi kombinat maʼmuriyati joylashgan bino atroflari chinniday toza tutilmaydimi? Aholining eʼtirozlari, shikoyatlari sansolarliksiz qabul qilinmaydimi? Hoynahoy OKMK rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonunining yangi tahriri 20-moddasidagi: “Lavhalar, eʼlonlar, narxnomalar va boshqa koʻrgazmali hamda ogʻzaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va eʼlon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin”-degan soʻzlarni oʻqishmagan shekilli.

Kutishdan charchadik. Soat millari 11:30ni koʻrsata boshladi. Ertalab soat 9:00 kelganligimizni hisobga olsak, anchagina kutibmiz. Kombinat rahbari qabuliga kirishdan umidimizni uzib, shahar hokimiyati sari yoʻl olamiz. Rejadagi ishlarimizni nihoyalab soat kechki toʻrtdan oshganda yana korxona maʼmuriy binosi ruxsatxonasiga kelamiz. Oʻsha raqamga qoʻngʻiroq qilamiz. Kotiba Zulfiya bizni haliyam shu yerda ekanligimizdan ajablandi: “Sizni Aleksandr Rasulovga aytgandim-ku! Qabul qilmadimi?”-deydi u. Kotibaga oqshomgacha shaharda boʻlishligimizni, imkoni boʻlsa, rahbarlardan biriga uchrashib ketishimiz lozimligini, korxonaning 70 yilligiga tayyorgarlik ishlari doirasida maqola yozishimiz zarurligini aytamiz. Qabulxona bekasi OKMK boshqaruvi raisiga tashrifimiz xabarini albatta yetkazishligini bildirdi. Agar janob A.Xursanov lozim koʻrsalar, bizni chaqirishini aytib, telefon raqamimizni yozib oldi. Bunga ham oradan bir necha kun oʻtdi. Biroq OKMKdan hech kim bizga qoʻngʻiroq qilmadi. Tahririyat rejasiga kiritilgan mavzu esa shu tariqa barham topdi.

Balki janob Abdulla Xursanov uchun bizning tashrifimiz arzimas koʻringandir. Biroq, “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo” gazetasi tahririyati jurnalistlari OKMK ishchi-xizmatchilari faoliyatini yoritishlikni doimo ijobiy qabul qilishgan. Kasb taqozosi yuzasidan har doim xizmatga tayyor turishgan. Korxonada oʻtkaziladigan turli xil tadbirlar gazeta sahifasida zudlik bilan chop etilgan.

Yaxshi eslayman, 1990-yillar oxirida ham men shu nufuzli gazetaning viloyat muxbiri edim. Kombinatda katodli mis ishlab chiqarishning samarasi, Olmaliq oltinining jahon bozoridagi nufuzi, korxona rahbariyatining shahar va uning yon-atrofidagi qishloqlar aholisini yoʻldosh televideniye aloqasi bilan taʼminlashdagi xayrli ishlari haqidagi yangilikni respublikada birinchi boʻlib “Xalq soʻzi” gazetasi kattagina maqola qilib bergandi (“Davr bilan hamnafas”—“Xalq soʻzi”gazetasi, 1998-yil, 6-may, №91(1872)). Oʻshanda bizga hech kim bepisandlik bildirmagan. Bugungi mutasaddilar kabi: “Oldindan pasportingiz nusxasini joʻnatasiz, keyin direktor qabuliga kirish kirmasligingiz masalasini koʻrib chiqamiz”-demagan. Aksincha, oʻsha paytdagi rahbarlar taklifimizni ijobiy baholab, sunʼiy byurokratik toʻsiqlarsiz qabul qilishgan. Korxona faoliyatiga doir barcha maʼlumotlarni sansolarliksiz taqdim etishgan. Tahririyat jurnalistlarining jonkuyarligidan doimo mamnun boʻlishgan. Qaytaga oʻsha paytlari hali biz sobiq shoʻro tuzumi tazyiqlaridan toʻliq qutila olmagandik. Korxonaning bugungi dimogʻdor rahbarlari “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo” gazetasi tahririyati OKMK faoliyatiga doimo samimiy munosabatda ekanliklarini inobatga olishlarini istardik.

Korxonaga kelgan kunimiz 16-oktyabr edi. Kech kirganda, OKMKning maʼmuriy binosiga kiraverishdagi peshtoqda: “C 70 LETNIM YUBILEYEM KOMBINAT!” degan yozuvli lavh paydo boʻldi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mutasaddilarini Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuniga, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 4-oktyabrdagi Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida“gi Qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi qaroriga bu qadar loqaydligidan ajablandik..

Hokim nega bizni xush koʻrmadi?

Kech kirgan boʻlishiga qaramay, Ohangaronga yoʻl oldik. Shahar hokimligi binosiga yetib kelganimizda soat millari 18:30 daqiqani koʻrsatardi. Bir kun oldin kelganimizda, rahbarlardan hech kimni topolmagandik. Eshik oldida turgan ayol hokimni faqat kech soat yettidan keyin kelishligini aytgandi...

Binoga kiraverishda bizni shahar hokimligi tashkiliy-nazorat guruhi rahbari Jasur Ergashev kutib oldi. Hokimiyatda hech kim yoʻqligini aytdi. Hokim bilan uchrashish uchun, ertalab soat yettida kelishimiz maʼqulligini tavsiya qildi. Ertasi kuni, 17-oktyabrda, J.Ergashev aytgan vaqtdaOhangaron shahar hokimiyatiga yetib keldik. Eshikda turgan oʻsha kungi ayoldan boshqa hech kim yoʻq edi. Oradan oʻttiz daqiqalar oʻtgach, shahar hokimining yoshlar siyosati-ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Shuhrat Sotvoldiyev quloqchinda telefon tinglagan holda kirib binoga kirib keldi. U kishiga oʻzimizni tanitib, birga-birga ikkinchi qavatga koʻtarildik. Gazetalarga obuna masalasidagi fikri bilan tanishmoqchi boʻldik. Sh.Sotvoldiyev masalani mohiyatiga eʼtibor berish oʻrniga: “Majburiy obuna yoʻqotilganligini” bizga eslatdi. Aslida biz u kishidan shahar aholisining, aynan Sh.Sotvoldiyev rahbarlik qilayotgan xalq taʼlimi, ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy tizimidagilarning, qolaversa, shahardagi yoshlarning matbuot nashrlariga munosabati haqida qimmatli fikrlarini bilmoqchi edik xalos. Chunki, poytaxtda chiqadigan kattayu kichik gazetalar obunasining ertangi taqdiri hokimiyatlardagi aynan Sh.Sotvoldiyev lavozimida ishlayotgan muovinlarning xayrixohligiga, gʻayratiga, qolaversa himmatiga bogʻliq emasmi? “Majburiy obuna yoʻq” degani, umuman gazeta oʻqish mumkin emas degan xulosa emas-ku! U kishining soʻzlarini tinglab, yaqinda viloyatdagi tashkilotlardan birining rahbari aytgan soʻzlar yodimga tushdi. Emishki, u kishi uchun gazetadan koʻra internet tarmogʻi tezkor va foydali ekan. Shu bois, bu yilgi obunadan tamoman voz kechmoqligini bildirdi. Barcha yolgʻon maʼlumotlar, fisqu fasodlar, uydirmalar janobimiz ogʻzining tanobi qochib maqtagan aynan shu internetdagi ijtimoiy tarmoqlar orqali ongimizni zaharlashga yoʻnaltirilmayaptimi?

Sh.Sotvoldiyev bilan suhbatimiz uzoqqa choʻzilmadi. U bizga: “Agar Gorono bilan Royono kerak boʻlsa, orqamizdagi binoda”-dedi. Xonadagi sherigiga: “Bu kishiga taʼlim idoralari yoʻlini koʻrsatib qoʻyarsiz” deganicha tashqariga chiqib ketdi. Bunday muomaladan soʻng bu yerda turishimiz ortiqcha edi. Shu bois, shahar hokimini koʻchada kutishdan boshqa ilojimiz qolmadi.

Oradan bir soat oʻtib shahar hokimi Odiljon Joʻrayevni hovlida uchratdik. U kishi biz bilan tanishgach: “Qabulxonaga chiqib kutib turing”-dedi. Ikkinchi qavatga koʻtarilib shahar hokimini kuta boshladik. Birozdan soʻng Odiljon Jurayev shahar soliq idorasi rahbari Anvar Turdiboyev bilan xonasiga kirib ketdi. Suhbat choʻzilgandan choʻzildi. Rosa bir soat kutdik. Kotiba qiz Dilafroʻzga har gal murojaat qilganimizda: “Oʻzlari chaqirmasa kiritolmayman” degan javobni oldik.

Qabulxona bekasidan “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo” gazetalari toʻplami bor-yoʻqligini soʻraymiz. Dilafroʻz: “Bu ish bilan umumiy boʻlimimiz shugʻullanadi”,-deydi. Umumiy boʻlim mudiri Hamza Madrahimov esa bizga birorta ham gazeta topib berolmadi. Bu yilgi obunaning ahvoli bilan qiziqqanimizda, bu masala hokim muovini Sh.Sotvoldiyevga tegishli ekanligini aytdi. Hattoki oʻtgan yili hokimiyat xodimlari uchun “Xalq soʻzi”gazetasiga necha dona obuna boʻlinganligi haqidagi savolimizga hisobxonadagilar ham aniq javob aytisholmadi.

Yana shahar hokimi qabulxonasiga koʻtarilamiz. Kotiba O.Joʻrayevning hali ham bandligini aytdi. Chamasi hokim bizni qabul qilishni xohlamadi.

Hokimlik binosidan chiqib koʻchaning narigi yuzidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasiga kiramiz. Bu yerdagilar bir kunda Ohangaron tumani va shahridan kelgan oʻnlab shikoyatchilarni qabul qilishligini aytishdi. Afsuski, Prezidentning Farmon va qarorlari, hukumatning barcha rasmiy hujjatlari birinchi boʻlib chop etiladigan “Xalq soʻzi” gazetasini bu yerda ham bir dona boʻlsa-da topolmadik. Shikoyatchilarda, yoki qabulxona xodimlarida gazetaning bugungi soniga, qaysidir biror rasmiy hujjat yoxud maqola bilan tanishishga ehtiyoj sezilsa “Xalq soʻzi”ni qanday topishlarini soʻradik. Obuna bilan shahar va tuman hokimligidagi mutasaddilar shugʻullanishini aytishdi. U yerdagi ahvol esa bizga maʼlum edi. Chunki, Ohangaron shahar va tuman hokimlarining qabulxonasida ham, muovinlar qabulxonasida, hattoki bevosita ish stolida ham “Xalq soʻzi”ni koʻrmadik.

SUVNING ISROFI UVOL EMASMI?

Shahar hokimligi bilan tuman hokimligi binosi oʻrtasida ikki yuz metrcha masofa bor. Yulakdan borarkansiz shaffof suv otilib turgan yonma-yon favvoralarga koʻzingiz tushadi. Aftidan bu yerga hech kim eʼtibor qaratmagan. Bir necha kundan buyon ahvol shunday. Oldingi gal kelganimizda ham afsuslanib ketgandik. Favvoralar hovuzchasiga quyilayotgan suvning chiqish yoʻli bekilib qolgan shekilli, zilol suv mogʻorlab ifloslangan. Hovuzchadan toshib pastga oqarkan, piyodalar yuradigan, naqshin toshlar bilan bezatilgan yoʻlak boʻylab oʻzan topgan. Shu tufayli yoʻlakni butkul suv bosganligini koʻrasiz. Muttasil suv oqqanligidan hattoki yoʻlak ham mogʻorlab ketgan. Nahotki kunlar davomida oqib isrof boʻlayotgan suv hech kimni bezovta qilmasa? Axir bu yerdan bir kunda yuzlab aholi, ikkala hokimiyatning oʻnlab xodimlari oʻtib qaytishadi-ku! Yoʻlak chetiga bir paytlar xayrli niyatlar bilan oʻtqazilgan archalarning koʻpchiligi qurib qolgan. Tuman hokimligi oldidagi “Motamsaro ona” haykali atrofiga ekilgan gul koʻchatlari ham ayanchli ahvolda. Yashil maydon oʻrnida sargʻayib qurib bitgan “gazon”ni koʻrasiz. Shahar hokimligi hovlisidagi ahvol ham bundan pesh emas. Ekilgan gullar allaqachon sargʻayib qurigan. Uni yangisi bilan alishtirishga hech kim hafsala qilayotgani yoʻq. Boʻlmasa, kishi dilini qishda ham xushnud etuvchi gul koʻchatlarini topish qiyin emas. Buning uchun ozgina ishtiyoq boʻlsa bas.

Ohangaron shahar obodonlashtirish boshqarmasi bosh muhandisi Kamoliddin Abdullayev bu boradagi eʼtirozlarimizga: “Qurigan archalarni koʻrmabmiz, yangisiga alishtiramiz. Gullarga qarash ham bizning vazifamizga kiradi”-deya, sovuqqonlik bilan javob qaytardi. Favvoralarga, suv bosgan yoʻlaklarga davlat hisobidan qancha mablagʻ ajratilganligini bilish uchun loyiha hujjatlarini soʻraganimizda, sarflangan mablagʻlar allaqachon yopilib ketganligini aytishdi.

Esiz davlatning shahar aholisi obodonchiligi uchun sarflagan mablagʻlari! Favvoralar hovuzchasida va ikki hokimiyat oʻrtasidagi yoʻlak chetiga tashlab ketilgan har xil chiqindilar nahotki bu yerdagi rahbarlarning gʻashiga tegmayotgan boʻlsa. Axir Har ikki hokimiyat va Xalq qabulxonasi binosiga aynan shu yoʻlakdan oʻtiladi-ku!

Olmaliq va Ohangarondagi rahbarlar bizni qabul qilmaganligidan balki gʻururlanishgandir. Nima boʻlganda ham ular oʻz loqaydliklari soyasidagi manmanligi tufayli Oʻzbekiston Respublikasining “Jurnalistlik faoliyatni himoya qilish toʻgʻrisida”gi va “Davlat tili haqida“gi Qonuni talablaridan chetga chiqishdi. Chunki, “Jurnalistlik faoliyatni himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonuning 5-moddasida jumladan bunday deyiladi: “Jurnalist oʻz kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chogʻida:

axborotni toʻplash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash va tarqatish;

axborot olish uchun davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga murojaat etish;

jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish yuzasidan mansabdor shaxs qabulida boʻlish huquqlariga ega”.

Biz qadrimizga emas, kasbimiz huquqi toptalganiga achindik xalos.

Shodiyor Mutaharov,

“Xalq soʻzi”ning

Toshkent viloyati boʻyicha maxsus muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?