Hokim byudjetga pul tushgunga qadar o‘g‘lidan arzon narxda «Kaptiva» sotib olgani aytildi

00:12 20 Sentyabr 2020 Jamiyat
863 0

Parkent tumani hokimligi tomonidan xarid qilingan “Kaptiva” bilan bogʻliq vaziyat yuzasidan Toshkent viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Behzod Qobulov izoh berdi.

“Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Parkent tumani hokimligi tomonidan xarid qilingan ”Kaptiva” avtomashinasi boʻyicha xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan qoʻshimcha fikr, mulohaza yoki qandaydir izoh berishga ham hojat yoʻqdek tuyuladi.

Haqiqatan ham, tuman hokimligi “Kaptiva” rusumli avtomashina uchun shu kunlarda mablagʻ oʻtkazgan. Vositachi korxona taʼsischilaridan biri tuman hokimining oʻgʻli ekanligi ham toʻgʻri. Ammo, oʻrganishlarimiz natijasida qoʻshimcha tafsilotlar yuzaga chiqqach, vaziyat haqida jamoatchilikka axborot berishga jazm etayapman.

Oʻzingizga yaxshi maʼlumki, Parkent – togʻ va togʻoldi hududlardan tarkib topgan. Shundan kelib chiqib, 2019-yilda tuman hokimligi “Kaptiva” yoʻltanlamas mashinasini xarid qilishni rejalashtirgan. Biroq, oʻsha vaqtda tuman byudjetida yetarli mablagʻ boʻlmagani tufayli, tuman hokimining farzandi, yaʼni “MEGA KARER” MCHJ taʼsischilaridan biri otasi foydalanishi uchun mazkur mashinani berib turgan.

Ogʻzaki kelishuvga koʻra, tuman byudjetida yetarli mablagʻ boʻlgan paytda pul oʻtkazib beriladigan boʻlgan. Yaʼni, mashina tuman hokimligi ixtiyoriga berilgan paytda yangi boʻlgan. Oradan bir yildan koʻproq vaqt oʻtgach, toʻlov qobiliyati shakllanganidan keyin bu mablagʻlar firmaga baholovchi tashkilot tomonidan belgilangan narxga koʻra oʻtkazib berilgan.

Yanayam aniqroq aytganda, tuman hokimining farzandi tuman hokimligiga yangi “Kaptiva”ni keyinroq toʻlab berish shartiga rozi boʻlgan holda topshirgan. Qarindosh-urugʻchilik rishtasidan, bu oʻrinda, manfaat koʻzda tutilmagani, qaytaga avtomashinani real narxidan past bahoga xarid qilinganiga eʼtibor qaratishingizni istardim.

Shu xabar internetda eʼlon qilingach, ataylab qiziqib oʻrganib koʻrdim. Pandemiya davrida Parkentda mahalliy byudjetdan 1 milliard 200 million soʻm mablagʻ koronavirusga qarshi kurashish maqsadiga yoʻnaltirilgan (dori-darmon zaxirasi, kerakli jihozlar uchun). Shuningdek, tuman SEOMga zarur turdagi jihozlarni xarid qilishga 200 million soʻm mablagʻ ajratilgan. “Changi” MFYdagi qishloq oilaviy poliklinikasida koronavirus kasalligi bilan ogʻrigan bemorlarni qabul qilishga ixtisoslashgan 40 oʻrinli zaxira joy tayyorlanib, kerakli jihozlar bilan taʼminlandi. Bugungi kunda u bemorlarni qabul qilishga shay. Yaʼni, tuman byudjeti aniq hisob-kitoblar, maʼlum rejalar asosida taqsimlanadi. Jaydari qilib aytganda, byudjetning puli koʻchada qolmagan va bu borada oʻta kuchli nazorat tizimi mavjud.

Yana bir raqam. Pandemiya davrida parkentlik tadbirkorlar “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisobiga 300 million soʻm homiylik tariqasida pul oʻtkazgan. Bundan tashqari, mahalliy tadbirkorlar tomonidan ehtiyojmand oilalarga naqd pul, oziq-ovqat, boshqa ehtiyoj mollari koʻrinishida 2 milliard 900 million soʻmlik homiylik yordami koʻrsatilgan. Xususan, oʻsha “MEGA KARER” MCHJ tomonidan aholiga 60 million soʻm qiymatidagi oziq-ovqat va boshqa ehtiyoj mollari aholiga tarqatilgan.

Quyidagi maʼlumotni yozishdan oldin esa koʻp oʻyladim. Minnat yoki nokamtarlik koʻrinmasmikan, degan oʻylar koʻngildan oʻtdi. Ammo, hozir, shu vaziyatda bu haqda maʼlum qilish joiz koʻrindi. Tuman hokimi Nigʻmat Muhamedov oʻz oylik maoshidan jamgʻargan puliga 10 ta sunʼiy nafas olish uskunasini tuman shifoxonasiga bergan. Bu oʻrinda gap hokimning alohida bir fazilatini boʻrttirish haqida ketmayapti. Binobarin, Parkent tumanini sevgan, uning xalqi sogʻligʻi uchun qaygʻurgan har bir parkentlik singari Nigʻmat Muhamedov ham umumiy xayriya marafonida munosib ishtirok etganini taʼkidlash maʼnosida misol keltirdim.

Yana bir gap. Parkent tumani byudjeti va uning toʻlov qobiliyati haqida. Yaʼni, muhtaram oʻquvchilarda bir ishtiboh tugʻilishi mumkin. Yaʼni, nechuk poytaxtning biqinidagi katta bir tumanda “Kaptiva” olishga yetgulik mablagʻ boʻlmasa, degan fikr ham bor. Shaxsiy fikrim va oʻrganishlarim natijasidagi xulosam bunday. Pul oʻsha vaqtda yetarli boʻlmasa ham keyinroq boʻlgan va mahalliy byudjetda toʻlov qobiliyati avvalroq ham mavjud edi. Yaʼni, eʼtiborda tutish lozimki, mahalliy byudjetning orttirib bajarilgan qismi miqdori har chorakda maʼlum boʻladi. Bu mablagʻni tasarruf etish hokimning ixtiyoridagi ish edi. Ammo, rahbar sifatida Nigʻmat Muhammedov, imkoniyat boʻlganda ham, avvalo eng zarur soha va tarmoqlarga mablagʻ yoʻnaltirishni maʼqul koʻrgani bugungi kunda oʻziga qimmatga tushayapti – ijtimoiy tarmoqlarda masala muhokamalar markazida.

Xulosa qilib aytganda, bu vaziyatda byudjet mablagʻi talon-taroj boʻlgani haqida pisandalar baquvvat asosga ega emas. Qolaversa, hozir davlat xaridlari qachon va qayerdan amalga oshirilgani internet tarmogʻida eʼlon qilinayapti. Rahbarning farzandi taʼsis etgan firma orqali texnika xarid qilingani – bu xarid asossiz, oʻz navbatida, moliyaviy nayrang, deb baholash uchun yetarli asos boʻladimi-yoʻqmi, degan savolga har kim turlicha javob berishi mumkin. Bu borada hech kim bilan bahsga kirishish niyatida emasman. Men vaziyatga ichkaridan turib nazar tashladim, xolos.

Alohida taʼkidlashni istardimki, men davlat xaridining bunday shaklini oqlash niyatida emasman, mutlaqo! Binobarin, bu vaziyatga huquqiy baho beradigan, qonun buzilishi aniqlanganda chora koʻradigan tashkilotlar bor...“, deyiladi B.Qobulov izohida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?