Hisor davlat qoʻriqxonasida qor barsi 10 yildan beri ilk bor koʻrinish berdi

19:08 04 Iyun 2020 Jamiyat
1000 0

5-iyun — Butun jahon atrof muhitni muhofaza qilish kuni munosabati bilan “Biologik xilma xillikni muhofaza qilish” shiori ostida Hisor davlat qoʻriqxonasi hududida mediatur tashkil etildi.

Hisor davlat qoʻriqxonasi 1983-yilda Qashqadaryo viloyatidagi ikki mustaqil Miraki va Qizilsuv qoʻriqxonalarining birlashtirilishi natijasida, Hisor togʻ tizmalarining janubiy-sharqiy qismidagi tabiiy komplekslarning tipik uchastkalarini asl xolida muhofaza qilish, ulardagi tabiiy jarayonlarning borishini oʻrganish xamda shu hududda yoʻqolib borayotgan flora va fauna vakillarini saqlab qolish maqsadida tashkil qilingan boʻlib, Oʻzbekistonning janubiy-sharqiy qismi, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Yakkabogʻ va Qamashi tumanlari hududida, Hisor togʻ tizmasining gʻarbiy yonbagʻirlarida, dengiz sathidan 1750 metrdan 4421 metrgacha balandlikda joylashgan.

Tadbir ishtirokchilari qoʻriqxonada oʻsimlik va hayvonot olamini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Bugungi kunda qoʻriqxonada 1500 ta umurtqasiz hayvonlar, sudralib yuruvchilardan ilonlarning 10 turi, Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qoʻngʻir ayiq, Oʻrta Osiyo qor qoploni, Turkiston silovsini kabi hayvonlar hamda ming dan ortiq oʻsimlik turlari bor.

Qoʻriqxona ilmiy xodimi Baxtiyor Oromovning taʼkidlashicha oʻsimliklarning 200dan ortigʻi dorivor giyohlarni tashkil etadi. Qoʻriqxonada yashayotgan hayvonot olamining hayot tarzini oʻrganish maqsadida videokameralar qoʻyilgan boʻlib, 10 yildan beri koʻrinish bermayotgan qor barsi ilk marta koʻrinish berdi. Shu kungacha qor barsining 3 ta bolasi hamda 2ta ona qor barsi videosyomkada koʻringan.
 

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, har yili 5-iyun kunini Butunjahon atrof muhitni muhofaza qilish kuni sifatida nishonlashdan maqsad butun jahon hamjamiyati eʼtiborini atrof-muhitni muhofaza qilish muammolariga jalb qilishdan iborat. Mazkur bayram 1972-yil 5-iyunda atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha Stokgolmda oʻtkazilgan konferensiya rezolyutsiyasiga asosan qabul qilingan boʻlib, bu kunning nishonlanishi har bir insonni atrof muhitni muhofaza qilish uchun oʻz hissasini qoʻshishga daʼvat etadi.

Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmatining taʼkidlashicha Hisor davlat qoʻriqxonasi hududida oʻtkazilgan mediaturdan koʻzlangan asosiy maqsad diyorimizning goʻzal betakror tabiati, dorivor koʻzni qamashtiradigan oʻsimlik olami va noyob hayvonot olamini fuqarolarga koʻrsatish hamda bu bilan ona tabiatga atrof muhitga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda boʻlish tuygʻusini shakllantirishdan iborat.

Ahad Muhammadiyev,
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?