Hisob palatasining o‘tgan yildagi faoliyati ko‘rib chiqildi

10:08 16 May 2018 Siyosat
583 0
Foto: Norma.uz

Siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ularda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2017 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti atroflicha ko‘rib chiqildi.

Chunonchi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida taqdim qilingan axborotda Hisob palatasining o‘tgan yilgi faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga muvofiq, Davlat byudjetining samarali ijro etilishiga, moliyaviy mablag‘lardan maqsadli foydalanilishiga, iqtisodiyot barcha sohasining barqaror taraqqiy topishini ta’minlash uchun mo‘ljallangan davlat hamda mintaqaviy rivojlanish dasturlarining ijrosini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi.

Hisob palatasi tomonidan mahalliy byudjetlarga qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash maqsadida respublika hududida o‘tkazilgan o‘rganish va tahlillar natijasida qariyb 120 mlrd. so‘mlikdan ortiq qo‘shimcha daromad manbalari aniqlanib, bu borada hududiy moliya hamda soliq idoralariga 50 dan ortiq yo‘nalishlarda tahliliy ishlarni amalga oshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Prezidentimizning poytaxtimiz Chilonzor tumanida sanoat va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida istiqbolli loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha takliflarni tayyorlash hamda Samarqand va Xorazm viloyatlarida sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga oid loyihalar va ularning “yo‘l xarita”lari parametrlari, moliyalashtirish manbalari, tashabbuskor-investorlari hamda amalga oshirish muddatlari asosli ekani yuzasidan Hisob palatasi tomonidan o‘rganishlar o‘tkazilgan. Natijada Chilonzor tumanida umumiy qiymati 568,4 mlrd. so‘mlik 90 ta qo‘shimcha loyiha saralanib, har bir loyiha bo‘yicha tarmoq jadvallari ishlab chiqilib, tasdiqlangan. Xorazm va Samarqand viloyatlari bo‘yicha 743 ta investitsion loyihaning moliyalashtirish manbalari, summasi hamda amalga oshirish muddatlari qoniqarsiz darajada ishlab chiqilgani aniqlanib, ularning “yo‘l xarita”larini rasmiylashtirilishi bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan va investitsion loyihalar soni 387 tagacha kamaytirilgan.

Fraksiya a’zolari ta’kidlaganlaridek, mavjud muammolarni, byudjet intizomiga rioya qilish holatini har tomonlama o‘rganish muhimdir.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari mazkur hisobot yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, Davlat dasturida belgilangan madaniy hamda arxeologiya merosi ob’ektlarini asrab-avaylash, ulardan oqilona foydalanish va infratuzilmani rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarning tizimli ravishda bajarilishi ustidan Hisob palatasi nazoratni yanada kuchaytirishi lozimligini alohida ta’kidladilar.

Yig‘ilishda o‘tgan yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Hisob palatasi xodimlari hamkorligida sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar ijrosini ta’minlash va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida joylarda qator o‘rganishlar o‘tkazilgani qayd etildi. O‘rganishlar davomida qishloq oilaviy poliklinikalari hududida “Dori-Darmon” AK tizimining dorixonalarini joylashtirish hamda joylarda tez tibbiy yordam shoxobchalarini tashkil qilish ishlari qoniqarsiz darajada ekani, birlamchi tibbiyot muassasalarida umumiy amaliyot shifokorlari va tor mutaxassisliklar shtat birliklari shifokorlar bilan to‘ldirilmagani aniqlangan. Tibbiyot sohasiga 2017 yilda 2016 yildagiga nisbatan ko‘p mablag‘ ajratilganiga qaramay, onalik hamda bolalikni muhofaza etish holatida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmagan. Mazkur masalalar yakuni bo‘yicha Hisob palatasining ko‘rsatmasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim qilingan.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ta’kidlanganidek, 2017 yilda Hisob palatasiga yuklatilgan vazifa hamda topshiriqlar ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan tekshirish va o‘rganishlar (audit) natijalari yuzasidan davlat rahbariga 66 ta, Vazirlar Mahkamasiga 3 ta ma’lumotnoma hamda tahliliy materiallar kiritilgan. Natijada 10 ta normativ-huquqiy hujjat va bayonnomalar qabul qilingan.

Deputatlar tomonidan kommunal sohadagi tekshirishlar natijalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Qayd etilganidek, “Toshissiqquvvati” davlat unitar korxonasi ishlab chiqarish birlashmasining 2010 yil 1 yanvaridan 2015 yil 1 iyuligacha bo‘lgan davrda Davlat byudjeti mablag‘larining to‘g‘ri sarflangani, soliq hamda boshqa to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblab to‘langani, shuningdek, moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish uchun nazorat tadbirlari o‘tkazilib, jami 516 mlrd. so‘mlik xato-kamchiliklar aniqlangan.

Prezidentimizning 2017 yil 8 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi Andijon viloyatida, Toshkent viloyatining Bekobod tumani va Olmaliq shahrida hamda poytaxtimizning Shayxontohur, Uchtepa, Sergeli, Olmazor va Bektemir tumanlarida o‘rganilgan. Asosiy e’tibor joylarda 4 ta sektor rahbarlari tomonidan qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda ish faoliyati qanday tashkil etilgani va yo‘lga qo‘yilganiga qaratilgan.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari muhokamalar davomida Hisob palatasi tomonidan soliq hamda bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi va bunday holatlarga olib kelayotgan sabab hamda shart-sharoitlarni tahlil qilish, ularni takomillashtirish, soliq va bojxona imtiyozlarini bekor qilish hamda ularning stavkalarini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar tayyorlanganini e’tirof etishdi.

Ayni chog‘da sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari hamda tijorat banklari rahbarlari tomonidan hisobot yilida barcha hududda korrupsiyaga qarshi kurashish, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy sohalarda yuzaga kelayotgan muammolar bo‘yicha sayyor qabullarda aniqlangan korrupsion holatlar yuzasidan tegishli qonuniy choralarni kuchaytirish hamda bu borada profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini oshirish zarurligini ta’kidladilar.

Shu bilan birga, deputatlar Hisob palatasi tomonidan qonun hujjatlari ijrosini “qog‘ozsiz” nazorat etish elektron tizimidan yanada samarali foydalanish, respublikamizdagi barcha ijro organi, xo‘jalik boshqaruvi organlarining ushbu tizimga ulanishlarini ta’minlash zarurligi yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar.

Yig‘ilishlarda ushbu hisobot fraksiyalar tomonidan ma’qullandi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
* * *
Hisob palatasining mazkur hisoboti Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar, Agrar va suv xo‘jaligi masalalari hamda Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitalarining kengaytirilgan yig‘ilishlarida ham ko‘rib chiqildi.

Deputatlar hisobot davrida aniqlangan kamchiliklar, byudjet intizomini buzish holatlarini chuqur tahlil etdilar. Hisob palatasiga kelajakda mavjud muammolarning yuzaga kelish sabablarini aniqlash hamda oldini olish bo‘yicha tegishli vazirlik, idora va mahalliy hokimliklar rahbarlarining hisobotini muntazam eshitib borish, moliyaviy sohada joylarda huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishda Qonunchilik palatasi hamda Hisob palatasining hamkorligini yanada kuchaytirish, joylarda byudjetdan mablag‘ oluvchi tashkilot xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlaridagi uzilishlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratish tavsiya qilindi.

Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan bildirilgan fikr hamda mulohazalar inobatga olingan holda, tegishli qaror qabul qilindi.

Ziyoda ASHUROVA.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?