Hisob palatasi vakillarining siyosiy partiyalarga aʼzoligi cheklanadi

11:47 27 Fevral 2020 Siyosat
113 0

2020-yil 27-fevral kuni Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Unda Qoʻmita aʼzolari, vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Majlisda Senatning ikkinchi yalpi majlisi doirasida koʻrib chiqish nazarda tutilgan masalalar muhokama etildi. Xususan, Qoʻmita aʼzolari “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini dastlabki tarzda koʻrib chiqdi.

Taʼkidlanganidek, Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sud hokimiyati faoliyatini yana-da takomillashtirish, bank xizmatlari ommabopligini oshirishga qaratilgan qarorlari hamda “Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq ishlab chiqilgan. Qonunga koʻra, bir qator qonun hujjatlariga jarima ixtiyoriy toʻlash muddatini 30 kun etib (amaldagi tahrirda 15 kun) belgilashni, shuningdek jarima solish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibini nazarda tutadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Hisob palatasi aʼzolarining siyosiy partiyalarga aʼzoligini cheklash ham nazarda tutilgan. Bu esa, oʻz navbatida, ushbu nufuzli nazorat tuzilmasi aʼzolarining oʻz ishiga xolis yondashuvini taʼminlaydi.

Shuningdek, qonunchilikda Hisob palatasi raisini Konstitutsiyaviy sudda koʻrib chiqish uchun masalalar kiritish huquqiga ega boʻlgan shaxslar doirasiga kiritish boʻyicha normalar ham belgilanmoqda.

Majlisda koʻrib chiqilgan barcha masalalar boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?