Hindistonning mashhur kompaniyasi Oʻzbekistonda bir nechta zavod quradi

18:21 10 Dekabr 2018 Iqtisodiyot
685 0

Foto: rihongfa.com

Hindistonning mashhur Rising Hongfa Heavy Machinery kompaniyasi Oʻzbekistonda bir nechta zavod qurmoqchi. Bu haqda Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Oʻzbekiston Prezidentining Hindistonga qilgan birinchi rasmiy tashrifi doirasida “Oʻzqurilishmateriallari” AJ va Rising Hongfa Heavy Machinery oʻrtasida zamonaviy beton mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha umumiy qiymati 3 million dollarlik bitim imzolangan edi.

Mazkur investitsiyaviy loyiha 2020 yilgacha qurilish sohasi uchun zarur boʻlgan yongʻinga chidamli, suv oʻtkazmaydigan va issiqlikni saqlaydigan devor betonlar ishlab chiqariladigan zamonaviy zavod barpo etishni nazarda tutadi. U quriladigan dastlabki joy sifatida hozircha Bekobod shahri belgilab olingan.

Ushbu loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlarini koʻrib chiqish maqsadida hind kompaniyasi mutasaddilar yurtimizga tashrif buyurdi. Ishchi safar chogʻida mehmonlar Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, “Oʻzqurilishmateriallari”, “Oʻzmetkombinat”, qolaversa, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi vakillari bilan uchrashdi, Bekobodga bordi. Mehmonlar Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligidagi uchrashuvda Oʻzbekistonda dori vositalarini ishlab chiqarishni ham yoʻlga qoʻyishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Sogʻliqni saqlash vazirligidagi muloqotda esa Hindistonda oʻzbekistonlik shifokorlar va tibbiyot xodimlari uchun oʻquv seminarlari tashkil etish, tibbiyot muassasalarini modernizatsiya qilish boʻyicha hamkorlik qilish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

Eslatib oʻtamiz, Rising Hongfa Heavy Machinery qurilish vositalari va materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan Hindistondagi yirik brendlardan biridir. Mahsulotlarini dunyoning 80 ta davlati, jumladan, AQSH, Rossiya, Avstraliya, Braziliya, Markaziy Osiyo davlatlariga yetkazib beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?