Hindistonning birinchi raqamli klinikasi Oʻzbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirmoqchi

11:05 26 Aprel 2019 Jamiyat
734 0

Said Rahmonov, “Xalq soʻzi online” uchun Dehlidan xabar qiladi. Tibbiyot - Hindistonda jadal surʼatda taraqqiy etayotgan sohalardan biri. Bu yerda murakkab operatsiyalar, ayniqsa, ichki organlarni koʻchirishda boy tajriba toʻplangan. “Apollo” shifoxonasi ushbu jabhada yetakchi tibbiyot muassasasi hisoblanadi.

Markaziy Osiyo jurnalistlari uchun tashkil etilgan tanishtiruv tashrifi ishtirokchilari bugun mazkur klinikaga tashrif buyurib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

750 oʻrinli shifo maskani eng zamonaviy tibbiyot uskuna va jihozlari bilan taʼminlangan boʻlib, bu yerda plastik operatsiyalardan tortib, murakkab jarrohlik amaliyotlarigacha amalga oshiriladi. Jigar va buyrakni koʻchirib oʻtkazish, neyro va kardiojarrohlik shular jumlasidandir. Shu bois klinikada nafaqat mahalliy aholi, balki MDH davlatlarida yuzlab bemorlar kelib, shifo topib ketishmoqda.

- Oʻzbekiston bilan oʻn yildan buyon hamkorlik qilib kelamiz, - deydi “Apollo” xususiy shifoxonasining MDH boʻyicha koordinatori doktor Munir Ahmad. - Oʻnta shifoxona bilan mustahkam aloqalar oʻrnatganmiz. Biz munosabatlarimiz yanada mustahkamlash niyatidamiz.

Ayni paytda klinikada toʻrt ming kishi mehnat qiladi. Jarrohlar orasida esa AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya kabi xorijlik mutaxassislar borligi eʼtiborga molikdir.

Muassasa rahbariyatining aytishicha, shifokorlar orasida Oʻzbekistonda tahsil olganlar ham talaygina. Yurtimizdan esa yiliga oʻrtacha 150 nafar bemor kelib, sogʻligʻini tiklab ketayotgan ekan.

Eʼtiborlisi, bu yerda tekshiruvlar tekin, faqat jarrohlik amaliyotlari pulli. Masalan, jigar plantatsiyasi 15 ming dollar ekan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?