Hindistonliklar Andijon bilan hamkorlikni rivojlantirmoqchi

17:41 10 Iyun 2019 Jamiyat
195 0

Shu kunlarda Hindistonning Gujarat shtati delegatsiyasi mamlakatimizda boʻlib turibdi.

Mazkur delegatsiya tarkibida Gujarat shtati turizm vazirligi, Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi, shtatning sanoatni qoʻllab-quvvatlash byurosi, farmatsevtika, energetika, innovatsion, startap kompaniyalari vakillari oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini oʻrganmoqda.

10-iyun kuni delegatsiya aʼzolari Andijonda boʻlib, viloyat rahbariyati va xususiy sektor vakillari bilan muzokaralar oʻtkazdi. Uchrashuvlarda turizm, qishloq xoʻjaligi, muqobil energiya manbalari, telemeditsina, startap va boshqa qator yoʻnalishlarda birgalikda loyihalar amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar qoʻshma biznes forumi oʻtkazish masalasini ham koʻrib chiqdi.

Mehmonlar viloyatdagi ishlab chiqarish obyektlari, erkin iqtisodiy zonalarga tashrif buyurib, mavjud iqtisodiy-ijtimoiy salohiyat bilan yaqindan tanishdi.

Qayd etish lozimki, Andijon viloyati va Gujarat shtati oʻzaro hamkor hududlar hisoblanadi. Hamkorlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha Anglashuv memorandumi 2018-yil oktyabr oyida imzolangan.

Oʻtgan vaqt mobaynida Gujarat shtatida joylashgan qator yirik hind kompaniyalari vakillarining Andijon viloyatiga safarlari tashkil etildi va viloyat hududida farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi va boshqa yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq etish boʻyicha amaliy qadamlar qoʻyildi.

Hindiston delegatsiyasining ushbu tashrifidan maqsad Andijon va Gujarat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, ikki tomon uchun ham foydali boʻlgan yangi qoʻshma loyihalar ustida ishlashga qaratilgan.

Mehmonlar Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida ham boʻlib, mamlakatimizning tarixiy-madaniy merosi, turizm salohiyati bilan yaqindan tanishishni rejalashtirgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?