Hindistonlik Mukesh Ambani dunyo milliarderlari roʻyxatida beshinchi oʻringa koʻtarildi

17:59 25 Iyul 2020 Dunyo
756 0

Uzoq yillar davomida dunyoning eng boy odamlari beshligidan amerikaliklar, yevropaliklar va baʼzida meksikaliklar oʻrin olib kelishadi. Ammo bu anʼana shu haftada buzildi.

Gap shundaki, hindistonlik milliarder Mukesh Ambani 24-iyul kuni Stiv Balmerni ortda qoldirib, dunyo boylari roʻyxatining beshinchi oʻrniga koʻtarilib oldi. Hozirda Ambanining umumiy boyligi 77,4 milliard AQSH dollarini tashkil qilmoqda.

25-iyul juma kuni Ambanining boyligi yana 3.5 milliardga koʻpaydi va bu bilan u Mark Sukerbergga yaqinlashib oldi. Bu oʻsish 63 yoshli Ambanining soʻnggi muvaffaqiyatlaridan boʻlib, uning boyligi 2020-yilning boshidan beri 22.3 milliardga koʻpaygan.

"Reliance Industries LTD” kompaniyasi rahbari Mukesh Ambani yil boshidan beri “Bloomberg”ning boylar roʻyxatidan toʻqqiz pogʻona yuqoriladi. Unga tegishli kompaniyalarning aksiyalari martdan beri 145 foizga oshgan.

Ambani eng boy odamlar roʻyxatining oʻntaligiga oʻtgan oyda kirgandi. U ikki hafta oldin Varren Baffetni ortda qoldirdi. Shundan keyin hindistonlik milliarder birin-ketin Ilon Mask va Google asoschilaridan boʻlgan Sergey Brin va Larri Peijni quvib oʻtdi.

Ayni paytda Osiyoning ikkinchi eng boy odami boʻlib turgan “Tencent Holdings Ltd” asoschisi Poni Ma esa dunyo boylari orasida 18-oʻrinni egallagan.

Dunyodagi eng boy boʻlgan 500 kishining roʻyxatini tuzuvchi “Bloomberg” maʼlumotlariga koʻra, bu yili Osiyo milliarderlari boylik toʻplash boʻyicha Avstraliyadan boshqa barcha qitʼalardagi boylardan ancha oʻzib ketishmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?