Hindistonlik ishbilarmonlar: “Oʻzbekiston tomonidan emin-erkin biznes yuritishimiz uchun qulay sharoitlar yaratib berilyapti”

11:33 18 Yanvar 2019 Iqtisodiyot
255 0

Illyustrativ foto

Bugungi Hindiston faqatgina choy mahsulotlari, kino asarlari yoki innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarish bilan cheklanib qolayotgan mamlakat emas, balki barcha sohada ilgʻor tajribani qoʻllab, taraqqiyot sari dadil ildamlayotgan davlat sifatida nom qozonmoqda.

Aholi soni boʻyicha dunyoda ikkinchi, iqtisodiy salohiyati boʻyicha yetakchi oʻrinlardan birida turadigan Hindiston Oʻzbekistonning istiqbolli va yaqin hamkorlaridan hisoblanadi. Sherikchilik faqatgina iqtisodiy-ijtimoiy yoki gumanitar sohalar bilan cheklanmaydi, balki turli istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish, investitsiyalarni jalb qilish ham ikki davlat aloqalarining manfaatlariga toʻla mos keladi.

Andijon viloyatida oʻzbek — hind erkin farmatsevtika zonasining tashkiletilishi ushbu salohiyatdan unumli foydalanish sari tashlangan ulkan qadam boʻldi. Chunki Gujarat Hindistonning farmatsevtika markazlaridan biri hisoblanadi va shtatning mamlakat dori-darmon bozoridagi ulushi 40 foizni tashkil qiladi.

Amar JUNJUNVALA, “Verigrou Singapur” kompaniyasi prezidenti:

— 2012 yilda Namangan viloyatida ipak mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha ­loyihani amalga oshirish uchun 10 mln. AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritgan edik. Toʻgʻri, oʻsha paytlarda ushbu jarayonda bir qator qiyinchiliklarga duch keldik. Bugungi kunda Oʻzbekiston tez rivojlanib, yanada ochiq davlatga aylanmoqda. Bu islohotlardan biz, investorlar ham behad mamnunmiz. Davlatingiz tomonidan emin-erkin biznes yuritishimiz uchun qulay ­sharoitlar yaratib berilyapti.

Aytish joiz, hind tibbiyoti va farmatsevtika-

sining erishgan yutuqlari oʻzbekistonliklarga yaxshi maʼlum. Mamlakatimizda yaratilgan qulay biznes muhiti sababli Hindistonning tibbiyot muassasalari bizda oʻz klinikalari filiallarini ochish istagini bildirmoqda.

Megxa VATS, “Pratiksha xospital grupp” kompaniyasi ijrochi direktori:

— Oʻzbekiston bilan oʻzaro hamkorlikdagi ishlarimizga juda katta ishonch ila qarayapmiz. Biz Toshkentda oʻz filialimizni ochishni rejalashtirdik. Buning bir qator sabablari bor. Avvalo, mamlakatda Prezident Shavkat ­Mirziyoyev tomonidan xorijlik sarmoyadorlar uchun barcha qulaylik ­yaratib berilmoqda. Eng muhimi, tadbirkorlarning huquq va manfaatlari ishonchli tarzda himoya qilinayotgani bizni quvontiradi.

Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi aloqalar axborot-kommunikatsiya sohalarida ham izchil rivojlanmoqda. Hozirgi kunda Hindiston axborot texnologiyalari va das­turiy ishlanmalar sohasida eng ilgʻor mamlakatlar qatoriga kiradi va dun­yoning yuzdan ortiq davlatlariga sifatli dasturiy mahsulotlar yetkazib beradi.

Mamlakatda dasturiy mahsulotlar eksportining 90 foizi 50 dan ortiq shaharlarda joylashgan texnoparklardagi firma va kompaniyalar tomonidan amalga oshiriladi. Misol uchun, Karnataka shtatidagi Bangalor shahrida telekommunikatsiya, aerokosmik soha uchun yuqori texnologik ishlanmalar va dasturiy taʼminotlar tayyorlanadi.

Shamshod XON, AKT tahlilchisi:

— Hindistonda AKT sohasini rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratiladi. Bu esa hozirgi yuqori darajaga yetishimizga katta turtki boʻldi va natijada mamlakat iqtisodiyoti rivojlandi. Yangi ish oʻrinlari yaratildi, investitsiyalarga keng yoʻl ochib berdi. Albatta, Oʻzbekiston bilan ushbu sohada oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashdan xursandmiz.

Hindiston bilan tajriba almashishga arzigulik yana bir soha borki, u ham boʻlsa — turizm. Sayyohlik industriyasining jadal rivojlanib borayotganini mamlakat yalpi ichki mahsulotida uning hajmi 10 foizdan ortiq ekanligida ham koʻrish mumkin. Eʼtiborlisi, soʻnggi 10 yil ichida Hindiston bu soha ortidan tushayotgan daromadni ikki baravar oshirishga erishdi va hozir turizmdan kelayotgan daromad 230 mlrd. AQSH dollaridan oshmoqda.

Qisqasi, ikki davlat oʻrtasida barcha sohada oʻzaro manfaatlarga birdek mos keladigan aloqalarning yangi bosqichida keng surʼatlarda oʻsish tendensiyasi kuzatilyapti. Davlatimiz rahbarining toʻrt oy ichida ikkinchi bor Hindistonga tashrif buyurayotganining sababi oddiy: ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarning oʻzaro ishonch, manfaatli hamkorlik va istiqbol asosiga qurilayotgani va bu kelajakda turli sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilish borligidan dalolat beradi.

Rahim ShЕRQULOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?