Hindiston va Pokiston oʻrtasidagi vaziyat nega keskinlashmoqda?

11:02 06 Avgust 2019 Dunyo
248 0

Hindiston hukumati oʻz boshqaruvi ostiga Kashmir hududini maxsus imtiyozlardan mahrum qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilayotgani maʼlum boʻldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Bundan bir hafta muqaddam Hindiston hududga minglab harbiylarni yuborgan va nazoratni kuchaytirgan edi.

Hindiston hukumatining bunday keskin amallariga nima sabab boʻlgani hozircha nomaʼlum qolmoqda.

Jammu va Kashmir Hindiston shtatlari ichida eng koʻp mustaqillikka ega boʻlgan hudud hisoblanadi. Kashmir aynan shunday mustaqillik sharti bilan Hindistonga qoʻshilgan edi.

Endilikda, hudud mustaqilligini tortib olish ortidan keng koʻlamli norozilik harakatlari va zoʻravonliklar boshlanishi kutilmoqda.

Kuzatuvchilar Hindistonning hududga qoʻshin joylashtirayotganiga Kashmirda oʻrnashib olgan jangari kuchlarning ehtimoliy faollashgani turtki berayotgan boʻlishi mumkinligini aytadi.

Hindiston bunday kuchlarni qoʻllab-quvvatlashda Pokistonni ayblaydi, ammo Pokiston buni inkor etadi.

Har ikki davlat Kashmirni toʻliq boshqarishga daʼvogarlik qilib keladi.

Kashmir bilan bogʻliq yangi qaror Pokiston tomonidan keskin kutib olingan. Ushbu davlat TIV “Jammu va Kashmir xalqaro tan olingan mojaroli hudud ekanli”gi haqida bayonot bergan. Hindiston esa qurolli kuchlarini yuqori darajada tayyor holatga keltirgan.

Ikki davlat oʻrtasida yana mojaro kelib chiqishi mumkin.

Maʼlumot uchun, ushbu hududdagi vaziyat BMT tomonidan kafolatga olingan. Ushbu tashkilot harbiy missiyasi 1949-yildan buyon Hindiston va Pokiston oʻrtasidagi chegara chiziqlari monitoringini amalga oshirib keladi.

Pokiston oxirgi holat boʻyicha BMTga murojaat qilgan. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa Hindiston va Pokiston hukumatlarini maksimal darajada bosiq boʻlish talabi bilan murojaat etgan.

Xabaringiz bor, yadro quroliga ega Hindiston va Pokiston oʻrtasidagi qarama-qarshilik dunyoda bezovtalik uygʻotib keladi.

Hozirgacha ushbu ikki davlatda maxsus yadro qurollari miqdori nomaʼlum. Ammo Stokgolm tinchlik muammolari tadqiqotlari institut(SIPRI) maʼlumotlariga koʻra, Hindistonda 120-130 ta yadro quroli bor va mamlakat ularning zaxirasini koʻpaytirib boryapti. Pokistonda esa bu son 140 tani tashkil etadi. U ham bu boradagi ishlab chiqarishni intensiv koʻpaytirib boryapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?