Hindiston oliy taʼlim muassasalari va Oʻzbekiston viloyatlari oʻrtasidagi hamkorlik koʻlami yana-da kengayadi

20:24 19 Oktyabr 2020 Jamiyat
241 0

Maʼlumki, soʻnggi bir necha yillarda Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida koʻplab yoʻnalishlardagi hamkorlik munosabatlari tobora rivoj topmoqda. Xususan, taʼlim sohasi bunga yaqqol misol boʻla oladi.

Bu boradagi amaliy hamkorlik koʻlamini yana-da kengaytirish maqsadida mamlakatimizning Dehlidagi Elchixonasida Hindistonning Uttar-Pradesh shtatida joylashgan “Integral” universiteti prorektori Sayid Nadim Axtar bilan muzokara oʻtkazildi.

“Integral” universiteti 2004-yilda tashkil etilgan boʻlib, oʻtgan qisqa vaqt davomida mamlakatdagi yetakchi oliy taʼlim muassasalari qatoridan joy olgan. Hindiston Fan va texnologiyalar vazirligi tomonidan ushbu universitet Ilm-fan va sanoat tadqiqoti instituti sifatida tan olingan. Ayni vaqtda universitetda 12 mingdan ortiq talaba, shu jumladan, 10 dan ortiq xorijiy davlatlardan kelgan yoshlar tahsil olmoqda. Universitetda 14 ta fakultet va 50 ga yaqin kafedra faoliyat yuritadi.

Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida taʼlim, ilm-fan sohalarida hamkorlik uchun mavjud ulkan salohiyat eʼtirof etildi. “Integral” universiteti vakillariga Oʻzbekistonda taʼlim tizimini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar, xususan bu yoʻnalishda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istagida boʻlgan hamkorlar uchun mamlakatimiz viloyatlaridagi taqdim etilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar toʻgʻrisida maʼlumotlar yetkazildi.

“Integral” universiteti vakillari bilan oʻzaro talabalar almashish, qoʻshma fakultetlar ochish, va universitetning Oʻzbekiston viloyatlaridan birida filialini tashkil qilish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvda kelishilgan yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni boshlash uchun yaqin kunlarda “Integral” universiteti va Buxoro viloyati hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi vakillari bilan onlayn muloqotlar tashkil etishga kelishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?