Hind kompaniyasi Oʻzbekistonda antibiotiklar ishlab chiqarmoqchi

14:58 24 Dekabr 2018 Iqtisodiyot
379 0

Illyustrativ foto

Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil sentyabr oyida Hindistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida Hindistonning Kusum Healthcare Pvt. Ltd. kompaniyasi va Oʻzbekiston farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi oʻrtasida ogʻriqni qoldiruvchi vositalar, antibiotiklar, zamburugʻ va revmatizmga qarshi dori-darmonlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha umumiy qiymati 5 mln. dollarlik kelishuv imzolangan edi.

Mazkur investitsiya loyihasi ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamda sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan “yoʻl xaritasi”ga kiritilgan edi.

Shu munosabat bilan hind kompaniyasi vakillari yurtimizga tashrif buyurishdi. Ular Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasida uchrashuv oʻtkazishdi. Oʻz navbatida mehmonlar “Boʻstonliq-farm” va “Parkent-farm” EIZga tashrif buyurib, u yerda yaratilgan infratuzilma, boshqa kompaniyalar tomonidan qurilayotgan obyektlar bilan yaqindan tanishishdi hamda qurilajak zavod joyini muhokama qilishdi.

Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Sh.Burnashev bilan muloqot chogʻida hindistonlik ishbilarmonlar dori-darmon vositalari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxona yoki xorij korxonasi tashkil etishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.

Uchrashuvda mazkur investitsiya loyihasini 2020 yilda amalga oshirish rejalashtirilayotgani qayd etib oʻtildi.


Eslatib oʻtamiz, Kusum Healthcare Pvt. Ltd dunyo farmatsevtika industriyasida 20 yillik tajribaga ega. Ishlab chiqarish jarayonlariga JSSTning GMP standartlari joriy etilgan. Mahsulotlari assortimenti ginekologiya, ortopediya, dermatologiya, umumiy tibbiyot, revmatologiya, nevrologiya, gastroenterologiya, nefrologiya, urologiya kabi deyarli barcha asosiy yoʻnalishlar talablariga mos keladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?