Hind investorlari Uchqoʻrgʻonda zamonaviy klinika ochib, Kosonsoyda farmatsevtika korxonalari quradi

12:18 02 Dekabr 2019 Jamiyat
171 0

Amaliy tashrif bilan Namanganga kelgan Hindiston Respublikasining “Uzind Healthcare Private Limited” kompaniyasi raisi Gaurav Gupta va “Precise Chemipharma Private Limited” kompaniyasining ishlab chiqarish boʻyicha vitse-prezidenti Manojkumar Dumal boshchiligidagi delegatsiya viloyat hokimligida qabul qilindi.

Uchrashuvda Namangan viloyati hamda Hindistonning har ikki kompaniyasi oʻrtasida tibbiyotning barcha sohalari xususan, tibbiy diagnostika, dori-darmon ishlab chiqarish, aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishni tashkil etishdagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

-Hindiston – jadallik bilan rivojlanib borayotgan salohiyatli davlat, - dedi viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Ayubxon Kamalov. - Sizlarning tibbiyot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kosmosni tadqiq qilish borasida erishayotgan yutuqlaringiz eʼtirofga sazovor. Oʻzaro hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish uchun biz har qanday yordamni koʻrsatamiz. Hindiston va Oʻzbekiston aloqalari bugun paydo boʻlib qolgani yoʻq, Bu rishtalar tarixi uzoq yillarga borib taqaladi. Bizning Axsikentda tavallud topgan Boburning nabirasi dunyoning yetti moʻjizalaridan biri hisoblanadigan Toj Mahalni barpo etgan.

-Ayni paytda biz uchta loyiha boʻyicha amaliy ishlarni boshlab yuborganmiz. Uchqoʻrgʻonning Qayqi qishlogʻida bizga zamonaviy klinika bunyod etish uchun tayyor bino ajratilgan. Yaqin kunlar ichida binoni moslashtirish va jihozlash ishlariga kirishamiz. Rejaga koʻra 2020-yil martidan klinika aholiga xizmat koʻrsatishi koʻzda tutilgan. “Kosonsoy-Farm” erkin iqtisodiy zonasida esa ikki alohida loyiha asosida dori-darmon vositalari ishlab chiqaruvchi zavod quramiz. Bitta loyiha toʻligʻicha Hindiston investitsiyasi evaziga ishga tushirilsa, ikkinchisi mahalliy hamkorlar bilan birgalikda amalga oshiriladi, - dedi “Uzind Healthkare Private” kompaniyasining boshqaruv direktori Raju Svami.

Shuningdek, uchrashuv chogʻida oʻzaro tajriba almashish, hind shifokorlarining Namanganda muntazam qabullarini uyushtirish, oʻzbek bozoriga endi kirib kelayotgan “Precise Chemipharma Private Limited” kompaniyasi amalga oshirishni rejalashtirgan istiqbolli loyihalar muhokama etildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?