Hey, qachon uygʻongaysan? (Jurnalist doʻstlarimga)

16:45 11 Yanvar 2019 Madaniyat
776 0

Abdusaid Koʻchimov

Eh!.. Bugun yosh bola ham senga kulib qaraydi,
Amaldor qoshin kerib, masxaralab yayraydi,
Vazir ogʻam xeshlarin tinmay tezlab, qayraydi —
Sorlochin, sorburgutdek koʻzing qayoqda qoldi,
Shamshir tigʻidek keskir soʻzing qayoqda qoldi?

Nega qalam sanchmaysan loʻttivozning tiliga,
Qachon kishan boʻlgaysan poraxoʻrning qoʻliga,
Qoyadek turmaysanmi korrupsiya yoʻlida —
Sorlochin, sorburgutdek koʻzing qayoqda qoldi,
Shamshir tigʻidek keskir soʻzing qayoqda qoldi?

Ne bois chiqmas sasing, duch kelganda olchoqqa,
Razilni koʻrgan chogʻing aylanmaysan sirtmoqqa,
Qachon kuyib-yongaysan, aylangaysan chaqmoqqa, —
Sorlochin, sorburgutdek koʻzing qayoqda qoldi,
Shamshir tigʻidek keskir soʻzing qayoqda qoldi?

Jurnalist degan, axir, el gʻamini yemasmi,
Gʻururing shuncha vayron, nargaying shuncha pastmi,
Davlatboshim daʼvati, senga daʼvat emasmi —
Sorlochin, sorburgutdek koʻzing qayoqda qoldi,
Shamshir tigʻidek keskir soʻzing qayoqda qoldi?


Duvuring qani sening, oriyat-oring qani,
Mardona jasoratni kutmoqda-ku Vataning,
Qachon qaddin koʻrsatgay qadimiy sharaf-shoning —
Sorlochin, sorburgutdek koʻzing qayoqda qoldi,
Shamshir tigʻidek keskir soʻzing qayoqda qoldi?


Haqsizlikni koʻrganda ne bois choʻgʻlanmaysan,
Sherdek tortib naʼralar, ajdarday toʻlgʻanmaysan,
Qachongacha mudraysan, hey, nega uygʻonmaysan —
Sorlochin, sorburgutday koʻzing qayoqda qoldi,
Shamshir tigʻidek keskir soʻzing qayoqda qoldi?

Adolat vaqti keldi — adolatni yoz endi,
Haqiqatni qanchalar eʼzozlasang oz endi,
Haqqi kalom qoʻrgʻoni muqaddas, mumtoz endi —
Sorlochin, sorburgutdek koʻzing qayoqda qoldi,
Shamshir tigʻidek keskir soʻzing qayoqda qoldi?

Qachongacha shaʼningni sargʻaytib, soʻldirgaysan,
Ichingdagi qoʻrquvni ayt, qachon oʻldirgaysan,
Qachon qalb qoʻrgʻoningni jurʼatga toʻldirgaysan, —
Sorlochin, sorburgutdek koʻzing qayoqda qoldi,
Shamshir tigʻidek keskir soʻzing qayoqda qoldi?

Qutlugʻ yoʻldan bormoqda ona yurt, ona xalqing,
Xudbindir bu zamonda gar yonmasa kimda-kim,
Ey, sohibi qalamlar, ummonday joʻshing, qalqing —
Sorlochin, sorburgutdek koʻzing qayoqda qoldi,
Shamshir tigʻidek keskir soʻzing qayoqda qoldi?

Men ham sizga qavmman, ich-etimni yegayman,
Qachongacha maydakash kaslarga bosh egay man,
Bugun yoqamni tutib, oʻz-oʻzimga degayman:
— Sorlochin, sorburgutdek, koʻzing qayoqda qoldi,
— Shamshir tigʻidek keskir, soʻzing qayoqda qoldi?!


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?