“Hech nima bermagan Oʻzbekiston” bergan imkoniyatlar

11:40 01 Avgust 2019 Jamiyat
191 0

“Daryo.uz” saytida 2019-yil 25-iyul kuni eʼlon qilingan “Andijondagi koʻzboʻyamachilikda aldangan ayol bir umrga Rossiyaga ketishga qaror qildi” hamda 2019-yil 29-iyul kuni berilgan “Andijondagi koʻzboʻyamachilikda aldanib, bir umrga Rossiyaga ketishga qaror qilgan ayol oʻz joniga qasd qilishga urindi” sarlavhali suhbatni oʻqib baʼzi mulohazalarni, maʼlumotlarni taqdim etishni maʼqul topdik.

Suhbat qahramoni Muyassar Rahimova 1989-yili tugʻilgan, ayni kuchga toʻlgan yoshda. Andijon shahrining “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yigʻinidagi Amir Umarxon koʻchasi, 11-uyda fuqarolik roʻyxatida boʻlgan. hamshahri Sherzod Yunusovga qonuniy nikohni rasmiylashtirmasdan turmushga chiqqan.

Uch nafar farzandi bor. Qizi Abdugʻaniyeva Aidaxon Sherzodbek qizi 2010-yilda tugʻilgan, bu yil shahardagi 2-maktabning 3-sinfini tamomladi. Oʻgʻillari Abdugʻaniyev Asadullo Sherzodbek oʻgʻli 2014-yilda, Abdugʻaniyev Shahboz Sherzodbekovich esa 2017-yilda tavallud topgan. Muyassar oilasidan ajrashgan dastlabki oylarda ota-onasining xonadonida yashab kelgan. 2 oydan buyon Andijon shahar, “Qoʻshariq” MFY 17-uy, 20-xonadonda farzandlari bilan ijara asosida yashamoqda.

Sayt muxbirining “Hayotning turli toʻsiqlariga uchragan, boshidan koʻp savdolarni oʻtkazgan siz kabi ayollarga oldidagi sinovlarni yengib oʻtish uchun Oʻzbekistonda imkoniyat bor, deb oʻylaysizmi?” degan savoliga “menga Oʻzbekiston hech nima bermadi deb oʻylayman”, deya javob qaytargan andijonlik Muyassar Rahimovaga aslida Oʻzbekiston va islohotlarimiz koʻp narsa bergan.

Marhamat, quyidagi faktlar bilan tanishing:

— Muyassar Rahimova hamda uning noqonuniy nikoh asosida yashagan turmush oʻrtogʻi Sherzod Yunusov istiqomat qilgan uy-joy Sherzodning otasi Abdugʻani Yunusovning nomida boʻlgan va 2014-yilning 25-iyun kuni oldi-sotdi shartnomasi notarial tartibda tasdiqlangan. Uy-joy buzilishga tushganidan soʻng bu uy uchun “Xidirsha” massivida yangi barpo etilgan “Mustaqillikning 27 yilligi” MFYdan 106-kottej ajratilgan. Oʻsha paytlarda oilaviy kelishmovchilik sababli Muyassar Rahimovadan ajrashgan Sh. Yunusov boshqa ayolga uylangan va hozirgi paytda shu oilaga ajratilgan kottejda yashab kelmoqda (tushuntirish xati mavjud).

— Oʻz hayotini qurishda qoqilgan, fuqarolik turmushidan soʻng uysiz-joysiz qolish xavfi boʻlgan M. Rahimovani shahar hokimligi, xotin-qizlar qoʻmitasi himoyasiga olib, 2018-yil 12-oktyabr kuni uni Andijon shahrida joylashgan “Andijon mintaqaviy Paxta terminali” MCHJ qoshidagi “Mustaqillik” tikuvchilik majmuasiga tikuvchi sifatida ishga joylab qoʻygan.

— Muyassar ishga kirgan kunidan boshlab jami 70 (yetmish) kun mehnat qilgan xolos. Buni idoraning keldi-ketdi daftari ham tasdiqlaydi. Jumladan, 2018-yil oktyabr oyida 3 kun, noyabr oyida 12 kun, dekabr oyida 19 kun, 2019-yilning yanvar oyida 9 kun, fevral oyida 16 kun, mart oyida esa 5 kun, aprel oyida 6 kun korxonaga ishga kelganligi ishchilarning ish vaqtini hisobga olish jadvali (tabel)da ham qatʼiy belgilab qoʻyilgan.

Uning shu davrda jami ishlagan oylik ish haqi 3 million 427 ming 524 soʻmni tashkil etgan. Shundan 2018-yil noyabr oyida 225 ming soʻm, dekabr oyida 405 ming soʻm, 2019-yil yanvar oyida 200 ming soʻm, fevral oyida 200 ming soʻm, jami 1 million 30 ming soʻm ish haqi olgan. Pensiya jamgʻarmasi uchun jami 171 ming 948 soʻm jamgʻarilgan. Qolgan 2 million 397 ming 524 soʻm miqdordagi ish haqi esa uy-joyga dastlabki toʻlov uchun yigʻib borilgan.

— Muyassar Rahimovaning oʻz roziligi bilan 2019-yilning 15-fevral kuni Andijon shahrida yangi barpo etilgan “Mustaqillikning 27 yilligi” mahalla fuqarolar yigʻinida quriladigan koʻp qavatli uylardan ipoteka krediti asosida 3 xonali kvartira uchun “Qishloq qurilish invest” IK MCHJ bilan 2/5-sonli shartnoma tuzilgan.

— Uy-joyga boshlangʻich badal sifatida uning (ishlamagan) ish haqidan oʻtkazilgan 2 million 397 ming 524 soʻm mablagʻ Muyassarning shu yil 13-iyun kuni oʻzi hamda farzandining salomatligi yaxshi emasligi va moddiy jihatdan qiynalib qolganligi uchun koʻmak soʻrab qilgan murojaatiga asosan qaytarib berilgan.

— Muyassarning uy-joysiz qolib ketmasligi uchun korxona tomonidan 2019-yil 22-may kuni 14 mln. 800 ming soʻm, 28-iyun kuni 1 mln. 200 ming soʻm, jami 16 million soʻm “Mustaqillikning 27 yilligi” mahalla fuqarolar yigʻinida quriladigan koʻp qavatli uylardan ipoteka krediti asosida 3 xonali kvartira sotib olish uchun toʻlab berilgan. Ushbu uy-joylar sentyabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, ayni kunlarda ham bu yerda qurilish ishlari qizgʻin ketmoqda.

— M. Rahimova ishlayotgan davrida uning 2 nafar farzandi 19-maktabgacha taʼlim muassasasida imtiyozli asosda tarbiyalangan.

— Muyassar bir paytlar qonuniy nikohni rasmiylashtirmasdan oila qurgan turmush oʻrtogʻi Sherzod Yunusovdan 3 nafar farzandining moddiy taʼminoti uchun aliment olib kelmoqda. Xususan, joriy yil fevralidan to hozirgi kunga qadar Muyassar sobiq eridan 2 million 772 ming 302 soʻm aliment olgan.

— “Oʻzbekistondan hech narsa koʻrmadim”, degan bu ayol 2018-yil 3-iyul kuni “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida “Oʻzsanoatqurilishbank”ning viloyat boʻlimi tomonidan qandolatchilikni rivojlantirish maqsadida 17 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit olgan. Ammo afsuski, bu mablagʻni maqsadsiz sarflagan va kredit foizi hamda tanini qaytarmay kelmoqda.

— U farzandlarining salomatligi uchun koʻmak soʻraganida viloyat koʻp tarmoqli bolalar tibbiyot markazidan joy tayyorlab qoʻyilgan, lekin keyinchalik u bolalarini davolatishni rad etgan.

— Muyassar Rahimova hozir ham korxona ishchisi hisoblanadi. U bilan tuzilgan mehnat shartnomasi uning oilaviy holatini eʼtiborga olgan holda va uni qoʻllab-quvvatlash nuqtayi nazaridan hali ham bekor qilinmagan.

Gar nolisam...

Oʻzbek ayoli oqilaligi, har qanday muammoni yechishda maʼrifiy yondashuvi, shukronalik tuygʻulari ustunligi bilan dunyo ayollaridan ajralib turadi. Xotin-qizlarimizning ana shu yuksak fazilati hech qaysi zamonda oʻz qiymatini yoʻqotmaydi.

Yana bir narsani unutmaslik kerak, davlat tomonidan qilinayotgan barcha ijtimoiy yordamlar insonning hayotini ozgina boʻlsa-da yengillatishga xizmat qilishi lozim, lekin uni mutlaq va umrbod davlatga yukinib yashashga oʻrgatishi kerak emas. Ijtimoiy himoya borasidagi islohotlardan toʻgʻri xulosa chiqara olgan fuqarolar oʻsha davlatning boyligi hisoblanadi, aksincha boʻlsa, ahvol chigallashadi.

Toʻrt muchasi sogʻlom ayollarimizning bu kabi “ber, ber” munosabatlari imkoniyati cheklangan, yo oyogʻi, yo qoʻlidan ajragan, jismonan ojiz boʻlsa-da “Menga ojizga qaragandek qaramanglar, men oʻz taqdirimni oʻzim yarataman va bu yoʻlda davlatimga suyanaman xolos”, degan soʻzlarni aytayotgan, Hazrat Rumiy bobomiz taʼkidlaganlaridek “Uchmoqqa qanot yoʻq, vale uchgayman” deguvchi yuragida shukronasi bor ayollarni yodingga solaveradi. Shunday ayollardan biri samarqandlik Sohiba Quvonovaning haqiqiy qahramonlik mujassam hayoti barchaga ibrat boʻlsa kerak.


Sohiba Quvonova haqidagi lavha

Andijonlik Muyassarning eng ogʻir xulosasiga izoh:

“...Farzandlarim, mayli, Rossiyada xudbin boʻlib ulgʻaysin, lekin haq-huquqini talab qiladigan inson boʻlsin....Mayli, Rossiyada, yomon boʻlsa ham, oʻzini sevuvchi boʻlib oʻssin. Lekin u yerda oʻzini hurmat qilishni, qadrlashni, xoʻrlatib qoʻymaslikni oʻrganadi”.

Avvalo, bola Rossiyada xudbin boʻlib oʻsadi, degan qarashning oʻzi gʻalati. Qolaversa, biror yurtga borib ishlash — insonning shaxsiy huquqi. Mamlakatimizning esa qonuniy yoʻl bilan, qonuniy asoslarda ishlab pul topish borasida oʻrnatilgan tartiblari mavjud. Shuningdek, noqonuniy asosda xorijga ishlagani chiqib, xoru zorlikda qolib ketayotgan ayrim yurtdoshlarimizning ogʻriqli taqdirlariga ham guvoh boʻlib turibmiz. Bugun Oʻzbekiston oʻz fuqarolari, ayniqsa, ayollari oʻz yurti bagʻrida yashashi uchun imkon qadar barcha chorani koʻrmoqda. Biroq umumiy baxtiyorlikka erishish — murakkab jarayon. Muyassarga tavsiya qilingan ish, maosh uni qoniqtirmayotgan boʻlsa, u ham chetda ishlash huquqidan foydalanishi mumkin. Bu borada ham masʼul tashkilotlar uning yonida turadi.

Muyassarning eng toʻgʻri xulosasi va maslahati:

“... Oila — bu eng katta neʼmat ekan. Hammaga ham ishonmasdan, yetti oʻlchab, bir kesib harakat qilish eng toʻgʻri yoʻl ekan. Har qanday sharoitda boʻlmasin, sharʼiy nikoh bilan turmush qurishni hech kimga maslahat bermayman. Buning ortidan juda koʻp qiyinchiliklar kelarkan”.

Muhimi, Muyassar Rahimova ham oʻz xatosini tushunib yetibdi. Bu eng toʻgʻri xulosa va bunga amal qilish hamma uchun foydadan xoli boʻlmaydi.

Yana bir izoh

“Daryo.uz” saytida 2019-yil 29-iyul kuni eʼlon qilingan “Andijondagi koʻzboʻyamachilikda aldanib, bir umrga Rossiyaga ketishga qaror qilgan ayol oʻz joniga qasd qilishga urindi” sarlavhali suhbatda ham islohotlardan norozilik xulosalari, notoʻgʻri maʼlumotlar berilgan. Bu borada Andijon shahar hokimligi quyidagilarni maʼlum qildi:

—Muyassar Rahimova 2 oydan buyon Andijon shahar, “Qoʻshariq” MFY, 17-uy, 20-xonadonda ijara asosida istiqomat qilayotgan boʻlgan. 2019-yil 23-iyul kuni Muyassar Rahimova ijara asosida yashayotgan mazkur uyida hushsiz holatda topilgan. Shahar prokuraturasi, MFY xodimlari ushbu holat yuzasidan u yashayotgan xonadonga kelganda, 10 yasharlik qizi onasining uzoq soatlar davomida uygʻonmayotganligini bildirgan. Mazkur holat yuzasidan M. Rahimovaning onasi oʻz bildirgisida qizi Muyassar oʻzaro oilaviy kelishmovchilik tufayli onasi bilan arazlashib qolib, ijarada yashayotgan uyiga kelib, turli nomdagi dori vositalarini birdaniga ichishi natijasida hushini yoʻqotganligini bayon etgan (Bildirgi mavjud). Shahar prokuraturasi ushbu vaziyat yuzasidan surishtiruv ishlarini boshlagan, ayni paytda M. Rahimovaning sogʻligʻi qoniqarli.

— Muyassar Rahimovaning holidan xabar olish hamda unga maʼnaviy va moddiy yordam koʻrsatish maqsadida 2019-yil 29-iyul kuni Andijon shahar hokimi D. Raxmatullayev u yashayotgan xonadonga tashrif buyurdi. Hokim tomonidan M. Rahimovaga oziq-ovqat mahsulotlari berilib, bandligini taʼminlash yuzasidan Andijon shahridagi “Dinar tekstil” korxonasiga tikuvchi vazifasiga ishga joylashtirish hamda 1 million 700 ming soʻmlikdan 2 million soʻmlikka qadar kafolatlangan oylik ish haqiga ega ish oʻrni tavsiya etildi. Shuningdek, 2017-yilda tugʻilgan farzandi Abdugʻaniyev Shahboz Sherzodbekovichni Andijon shahridagi 69-maktabgacha taʼlim muassasasiga imtiyozli joylash uchun hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.

— M. Rahimovaning turmush oʻrtogʻi Sherzodbek Yunusov bilan shahar hokimligi mutaxassislari suhbatlashib, 3 nafar farzandining moddiy taʼminoti uchun aliment pullarini doimiy toʻlab borayotganligi, oilasidan xabar olib turishi yuzasidan soʻralganda, Sh.Yunusov hozirgi paytda ishlayotgan 45-umumtaʼlim maktabidan farzandlari uchun aliment pullari toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻnaltirib qoʻyilganligini bildirdi. Shuningdek, M. Rahimova rozi boʻlgan taqdirda 2 nafar farzandi — 2014-yilda tugʻilgan Abdugʻaniyev Asadullo Sherzodbek oʻgʻli va 2017-yilda tugʻilgan Abdugʻaniyev Shahboz Sherzodbekovichlarni oʻz tarbiyasiga olish uchun tayyorligini bildirdi.

— “Mustaqillik tikuvchilik majmuasi”ning sobiq kadrlar boʻlimi boshligʻi vazifasida ishlagan Mavluda Nishonova bilan ham shahar hokimligi mutaxassislari suhbatlashib, M. Rahimovaning uyiga nima uchun borganligi, unga shahar uy-joy boʻlimi boshligʻi vazifasida ishlayotganligi yuzasidan maʼlumot berganligi M. Nishonovadan soʻralganda, u M. Rahimovaning onasi bilan oʻrtadagi shaxsiy masalasi yuzasidan chaqirib, unga tegishli boʻlgan koʻrpa (matras)ni olib ketishini aytganligini va shu tufayli Muyassar Rahimovaning onasini uyiga uning taklifi bilan kelganligini, tashrif chogʻida hech qanday uy-joy boʻlimi hamda boshqa gap-soʻzlarni aytmaganligini bildirib, oʻz tushuntirish xatida bayon qilgan (Tushuntirish xati mavjud).

— M. Rahimova “Daryo.uz” saytida bayon etgan Andijon shahar hokimligi huzuridagi hokimiyat balansidagi munitsipial turarjoy fondlari va yotoqxonalarini boshqarish xizmati davlat unitar korxonasi direktori etib, shahar hokimining 2008-yil 2-apreldagi 389-K sonli qaroriga asosan, Parpiyev Dilmurodjon Rustambek oʻgʻli tayinlangan hamda hozirgi kunga qadar ushbu vazifada D. Parpiyev faoliyat yuritib kelmoqda.

Bugungi kunda mazkur unitar korxonaga 17 900 nafar uy-joyga muhtoj fuqarolar ariza bilan murojaat etgan boʻlib, ulardan 3117 nafari eng ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan hamda uy-joyi yoʻq boʻlgan xotin-qizlarni tashkil qilsa, 1-guruh nogironligi bor yoki surunkali kasallikka chalingan oila aʼzosi boʻlgan, 3 va undan ortiq voyaga yetmagan farzandlarini yolgʻiz oʻzi tarbiyalayotgan, boquvchisini yoʻqotgan 97 nafar (nogiron) uy-joysiz xotin-qiz 2019-yil davomida alohida roʻyxatga olingan.

Koʻrinib turibdiki, koʻmakka muhtoj yurtdoshlarimiz ham, qilinadigan ishlar ham koʻp.

Xulosa

Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, bugun chindan ham oʻz Vatanidagi islohotlar rivojiga yordam beraman degan soʻz odamlari Muyassarxon kabi qiynalgan ayollarga uni yurtida qolishidan koʻra ketishiga daʼvat qiladigan, odamda yaxshi turmush uchun kurashuvchanlikdan koʻra, boqimandalikni, islohotlardan norozilikni uygʻotadigan kayfiyatni singdirmasdan, “tanganing har ikki tomoni”ga adolat koʻzi bilan qarasalar, foydadan xoli boʻlmasdi.

Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi Matbuot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?