Hech kim e’tibordan chetda qolmaydi

19:42 02 May 2018 Jamiyat
658 0

Mamlakatimizda aholining ehtiyojmand qismini manzilli ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. Keksalar, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan bolalar va kattalarga tibbiy-ijtimoiy yordam berishning barqaror tizimi yaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan anjumanda shu haqda so‘z bordi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni jamiyatimizda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Birgina 2017 yilning o‘zida aholining ehtiyojmand qatlamlaridan 100 ming nafar fuqaroga turli xildagi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatildi. O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar, pensioner va nogironligi bo‘lgan shaxslarga uylariga borib, ijtimoiy xizmat ko‘rsatilmoqda. 19,5 ming nafar ehtiyojmand fuqarolar reabilitatsiya texnik vositalari va protez-ortopediya mahsulotlari bilan ta’minlandi. Nogironligi bor shaxslarning bemalol harakatlanishi uchun bino va inshootlarda pandus va tutqichlar o‘rnatilmoqda. Shuningdek, 35 ming nafar pensioner va nogironligi bo‘lgan shaxslar sanatoriyalarda sog‘lomlashtirildi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining sog‘lig‘ini tiklashlari uchun sihatgohlarga bepul yo‘llanmalar berilmoqda.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar jamiyatimizda inson manfaatlariga yo‘naltirilgan islohotlarni chuqurlashtirish, aholining ehtiyojmand toifalarini huquqiy, tibbiy-ijtimoiy muhofazalashni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, inson manfaatlari ustuvor mamlakatda hech kim e’tibordan chetda qolmaydi. 

Mavjuda XOLMATOVA.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?