Haziniy uy-muzeyi eʼtiborga muhtoj. Mutasaddilar esa jim? (+Foto)

16:30 17 Sentyabr 2018 Madaniyat
710 0
Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”.

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Elyorjon EHSONOV/Fargʻona.​ Ziyovuddin Doniyolxon oʻgʻli Haziniy 1867 yilda Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumani Katta Kenagas qishlogʻida tugʻildi. Yosh Ziyovuddin boshlangʻich maktabni oʻz qishlogʻida tamomlagach, Qoʻqondagi Jomeʼ madrasasida Qurʼon, tafsir, hadis, fiqh, kalom, adabiyot ilmlarini chuqur oʻzlashtirdi. Diniy mushohada va ijodda yetuk boʻlgan Ziyovuddin Haziniy1904 yilda shoir va hofiz sifatida shuhrat topdi. Xalq uni“Eshon buva”, “Haziniy toʻra” nomlari bilan eʼzozlay boshladi.

Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”.

 

Haziniy XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr birinchi choragida oʻlkamizda murakkab tarixiy vaziyat hukm surgan bir davrda yashab ijod qildi. Bu davrda Qoʻqon, Xiva hamda Buxoro adabiy muhitida yangicha maʼrifatparvarlik yoʻnalishlarida asarlar yaratgan Ahmad Donish, Furqat, Ibrat, Komil kabi ijodkorlar oʻzbek adabiyotida yangi bir bosqichni boshlab berdi. Ammo gap shundaki, Haziniy merosida yangicha maʼrifatparvarlik va jadidlik yoʻnalishidagi asarlar deyarli uchramaydi.

XX asrning dastlabki oʻn yilliklarida sheʼriyat ixlosmandlari orasida Ziyovuddin Haziniy shu qadar shuhrat qozonganki, birgina “Bayozi Haziniy” kitobi 1910-1913 yillar davomida 7 marta chop etilgan.

Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”.

Oʻzbek mumtoz adabiyotining yirik vakili Ziyovuddin Haziniy nomini abadiylashtirish maqsadida 1995 yilda u yashab ijod qilgan Katta Kenagas qishlogʻida muzey tashkil etilgan. Muzeydagi 251 dona eksponat Haziniy davrini yoritib beruvchi uy-roʻzgʻor buyumlari, rang tasvir asarlari, mehnat qurollari bilan birga shoir va uning zamondoshlari ijodiga mansub kitoblar, maqolalar hamda toshbosma kitoblardan iborat boʻlgan.

Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”.

Shoir tugʻilib oʻsgan qishloq markazidagi qabristonga keluvchilar bu yerning obodligi, saranjom-sarishtaligidan dili yayraydi. Haziniy qabrini ziyorat qiluvchilar uchun 300 yillik archa yon bagʻrida alohida oʻrindiqlar hozirlanib obod maskanga aylantirilgan. Shu yerlik 80 yoshli Sayfiddinxoʻja ota Shamsiddinovning aytishicha, shoir qabrini ziyorat qilgani qoʻshni Qirgʻiziston, Qozogʻistondan ham tez-tez mehmonlar kelib turarkan. Biroq qabristondan bir mahalla naridagi Katta Kenagas qishlogʻi markazida joylashgan Haziniy uy-muzeyi tomon yaqinlasharkansiz, kayfiyatingiz xira tortadi. Muzey kiraverishida peshtoqlar buzib olingan. Shoirning buyumlari saqlanadigan xonalarning barchasiga qulf osilgan. Biror bir xodim yoki keluvchilarga koʻzingiz ilinmaydi. Hayratdan xona ichkarisiga anchadan buyon artib tozalanmagan oynadan qaraysizu, eksponatlarning allaqachon qayergadir olib ketilganligidan hayron boʻlasiz. Tashqarisi begona oʻtlardan tozalanmagan va hatto kuzdagi xazonlarning qoldiqlari olib chiqib tashlanmaganiga ensangiz qotadi. Hovlidagi uch kishining qulochi yetmaydigan, shoirning qanchadan-qancha bedor tunlariga guvoh boʻlgan 200 yillik azim chinorlardan uyalgandek boʻlasiz. Beixtiyor oʻzingizga savollar bera boshlaysiz: Haziniy shoirga Uchkoʻprik xalqining, mutasaddilarning, fargʻonaliklarning hurmati shumi?! Bu dargoh nega shu ahvolga tashlab qoʻyildi?!

Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”.

Muzey madaniyat ishlari boshqarmasining (1995 yil) ichki buyrugʻi bilan 2012 yilgacha Fargʻona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyining ichki imkoniyatidan kelib chiqqan holda 2 ta shtat birligi bilan faoliyat koʻrsatgan. Biroq shu yili Respublika hisob palatasi tekshiruvi natijasiga koʻra, ushbu muzeyni tutib turish uchun huquqiy asos — mahalliy hokimlikning tegishli qarori va kadastr hujjatlari mavjud emas, deb topilgan va moliyalashtirish toʻxtatilgan.

Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”.

— 1995 yilda Haziniy muzeyi tashkil etilganda viloyat muzeyidan jami 128 dona eksponat olib kelingan edi, — deydi Fargʻona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi rahbari Bahodir Hoshimov. — Huquqiy asos yetarli emas, deb topilgandan soʻng eksponatlarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida qaytarib olib kelishga majbur boʻldik. Filial sifatida faoliyatini davom ettirishga esa qonuniy asos yetarli boʻlmadi.

Uy-muzeyning jamoatchilik asosidagi rahbari, Haziniyning evarasi Nargiza Vahobovaning muzeyga qonuniy baho berish yoʻlidagi yelib- yugurishlari besamar ketmadi. 2014 yilda muzey qayta roʻyxatdan oʻtkazildi. 2016 yilda tuman hokimining qarori bilan bino “Haziniy” uy-muzeyi sifatida hujjatlarda qayd etildi. Biroq masalaning boshqa tomoni bor. Nega endi vakolatli idoralar tomonidan qoʻyilgan talab — qonuniy asoslar yaratilgan boʻlsa-da, 2016 yildan shu kunga qadar Haziniy uy-muzeyi uchun Fargʻona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi rahbariyati tomonidan koʻzda tutilgan shtatlar ajratilmadi?! Bunga vakolati boʻlmasa, bu borada nega hammaslak boʻlishmadi? Har tugul filial sifatida eʼtirof etilishi kerak emasmidi?!

Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 12-13 iyun kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida bergan topshiriqlari va Oltiariq tumanida kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan majlis bayonining 122 bandida ham Katta Kenagas qishlogʻidagi Xaziniyuy-muzeyini qonuniy asosda yoʻlga qoʻyish, shu yerda joylashgan Haziniy maqbarasini obodonlashtirish muhim vazifa sifatida belgilangan. Shunga koʻra,shoir maqbarasi taʼmirlanib, ziyoratchilar uchun goʻzal maskanga aylantirildi. Biroq, belgilangan vazifalar hali oxiriga yetkazilgani yoʻq. Avvalo, uy-muzeyining toʻliq taʼmirlanishi uchun moliyaviy manbalar aniqlanishi zarur. Eksponatlar xilma-xilligini taʼminlash juda muhim.

Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”.

— Maqbaradan uy-muzeyga olib boradigan qisqa yoʻl negadir katta beton plitalar bilan toʻsib qoʻyilgan, — deydi Nargiza Vahobova. — Aholi va ziyoratchilar beton tirqishidan oʻtishyapti. Yoʻl ochilib asfaltlash zarur. Uy-muzeyda avvallari shoir-yozuvchilar va yosh isteʼdod sohiblari bilan uchrashuvlar, yirik yubiley tadbirlari uyushtirilardi. Hozir esa inshoot huvullab qolgan. Maqsadimiz, bobomning uy-muzeyini yana fayzli dargohga aylantirish.

Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”.

Shoirning uy-muzeyi Katta Kenagas qishlogʻining qoq markazida joylashgan. Bu muqaddas dargohning qonunda talab etilgan hujjatlari tayyor boʻlguncha, nahotki, qishloq va mahalla faollari hech boʻlmaganda xarobaga aylanib qolgan uy-muzeyini saqlab turish, uning ozodaligini eʼtibordan chetda qoldirmaslik masalalarida tashabbus koʻrsatmadilar? Jamoatchilik eʼtiborini tortib, hamqishloqlar bilan oʻziga xos yechim izlash payidan boʻlmadilar. Bizningcha, hali ham bizda biroz boʻlsa-da, vatanparvarlik, tashabbuskorlik yetishmayapti. Bu kabi savollarni mutasaddilar uchun ochiq qoldiramiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?