Haj ziyoratidan qaytganlar aeroportda nega soʻroq qilindi? DXX internetda tarqalgan xabarlarni rad qiluvchi dalillar keltirdi

10:38 31 Avgust 2019 Jamiyat
192 0

29-avgust kuni “Ozodlik” radiosi oʻzbekistonlik ziyoratchilarning bir guruhi Saudiya Arabistonidan Oʻzbekistonga qaytganida, Toshkent xalqaro aeroportida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bir necha soat davomida soʻroq qilingani, ularning pasportlari olib qoʻyilgani haqida xabar tarqatdi.

Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati shunday mazmundagi xabarlarni rad etuvchi dalillarni keltirdi, deb xabar berdi Kun.uz.

Maʼlum boʻlishicha, 2018-yil kuzida Toshkentda ochilgan “Letʻs fly travel” MCHJ oʻtgan vaqt davomida Oʻzbekiston fuqarolarini Saudiya Arabistoniga noqonuniy yoʻllar orqali joʻnatish bilan shugʻullanib kelgan.

Oʻzbekistonga qaytgan ziyoratchilarni soʻroq qilish davomida 10dan ortiq kishi Saudiya Arabistoniga borish uchun xorijiy davlat pasportidan foydalanilgani haqidagi maʼlumotni tasdiqlashgan. Surishtiruv tadbirlari 1 soatdan ortiq davom etmagan (soat 17:20dan soat 18:10gacha), buni ularning aeroportda kutib turgan qarindoshlari ham tasdiqlaydi. Shu bilan birgalikda, ularning goʻyoki Saudiya Arabistoni davlat chegarasini bosib oʻtganini tasdiqlash uchun soxta shtamplar bosilgan Oʻzbekiston fuqaroligi toʻgʻrisidagi pasportlari protsessual tartibda olingan.

Kun.uzʻga taqdim qilingan videoda koʻrish mumkinki, soʻroq qilingan ziyoratchilardan biri ularga “qizil pasport” berilgani haqida gapirgan.

Aniqlanishicha, “Letʻs fly travel” MCHJ 2018-yilning noyabrida Saudiya Arabistoniga “umra” ziyorati uchun 10 kishidan iborat “hojilar guruhi”ning ilk partiyasini joʻnatgan. Keyinroq ushbu uyushgan jinoiy guruh Oʻzbekiston fuqarolarini haj ziyorati uchun ommaviy joʻnatish kanalini yoʻlga qoʻygan, bunda xorijiy davlatning soxta pasportlaridan foydalanilgan. Natijada, 2019-yilning iyun-iyul oylarida uyushgan jinoiy guruhga hech qanday moliyaviy hujjatlarni rasmiylashtirmasdan Saudiya Arabistoniga safar uchun oʻrtacha 10 ming dollardan toʻlagan 40 nafardan ortiq kishidan iborat guruh shakllantirilgan. Bu pullarning bir qismi, 5 ming dollarlik partiyalar xorijga uyushgan jinoiy guruhga yetkazish uchun ziyoratchilarning oʻzlari tomonidan olib chiqilgan, bu guruh aʼzolarining ayrimlari diniy-ekstremistik tuzilmalarga aloqadorligi gumon qilinmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining rasmiy maʼlumotiga koʻra, “Letʻs fly travel” MCHJ turistik xizmatlar koʻrsatish uchun litsenziyaga ega emas.

Asosan Misrdagi shubhali diniy markazlar bitiruvchilari boʻlgan uyushgan jinoiy guruh aʼzolari oʻz xizmatlarini reklama qilish uchun “Telegram” messenjerida “Haj va umra” nomli kanal ochishgan va u yerda “Letʻs fly travel” MJCH orqali Saudiyaga borgan Oʻzbekiston fuqarolarining haj qilish jarayoniga oid video va fotomateriallarni joylashtirib borishgan. Ziyoratchilar Saudiyada boʻlishi vaqtida tibbiy va boshqa xizmatlar bilan taʼminlanmagan, ularning xavfsizligi kafolatlanmagan.

Firma joylashgan bino tintuv qilinganda ashyoviy dalil sifatida 55 ming. AQSH dollari va Oʻzbekiston fuqarolari Saudiya Arabistoniga joʻnatilganini tasdiqlovchi boshqa materiallar, jumladan, moliyaviy operatsiyalar tafsilotlari koʻrsatilgan “buxgalteriya qoralamalari”, shuningdek Saudiya Arabistoni va Misr Arab Respublikasida nashr qilingan shubhali diniy adabiyotlar musodara qilingan.

«Agar bu fuqarolar Oʻzbekiston hududidan tashqarida soxta pasportlar bilan qoʻlga tushganida ular oʻsha davlat qonunlari boʻyicha javobgarlikka tortilar va haj amalini ado etolmas edi. Saudiya Arabistonida pasportlar soxtaligi uchun ziyoratchilar favqulodda vaziyatga tushib qolishganida qandaydir qoʻllab-quvvatlovsiz qolgan boʻlishardi.

“Ozodlik” radiosi esa yana bir marta yolgʻon maʼlumot tarqatib, bu orqali jamoatchilikni chalgʻitishga, ommaviy axborot vositalarini obroʻsizlantirishga urindi», deyiladi DXX maʼlumotnomasida.

28-avgust kuni “Letʻs fly travel” MCHJ masʼul shaxslari - transmilliy uyushgan jinoiy guruh aʼzolariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 228-moddasi, 2-qismi boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?