Haj vazirligi “Haj – 2020” mavsumi yuzasidan oʻz bayonotini eʼlon qildi

11:27 23 Iyun 2020 Jamiyat
409 0

Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj vazirligi 2020-yil 22-iyun dushanba kuni “Haj – 2020” mavsumi yuzasidan oʻz bayonotini eʼlon qildi. Ushbu Bayonotda:

"Haj ibodatini sogʻliq jihatidan xavfsiz va ehtiyotkorlik talablariga muvofiq, ijtimoiy masofaga rioya qilib, insonlar salomatligini saqlash va koronavirus pandemiyasi xataridan himoyalagan holda oʻtkazishga qaror qildik", deyiladi bayonotda.

Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj vazirligi kecha 22-iyun dushanba kuni 1441-yil haj ibodatini Saudiya Arabistoni ichkarisida mavjud boʻlgan turli millat vakillaridan iborat juda cheklangan sonli guruh uchun oʻtkazilishini maʼlum qildi.

Shuningdek, vazirlik oʻz bayonotida haj ibodatini sogʻliq jihatidan xavfsiz va ehtiyotkorlik talablariga muvofiq, ijtimoiy masofaga rioya qilib, insonlar salomatligini saqlash va koronavirus pandemiyasi xataridan himoyalagan holda, shariatning inson jonini saqlash maqsadini amalga oshirgan holda oʻtkazishga qaror qilinganini maʼlum qiladi.

Dunyoning 180 dan ortiq mamlakatida koronavirus pandemiyasi yuz berayotgani, yarim milliondan ortiq inson vafot etgani, 7 milliondan ziyod odam ushbu kasallikka chalingani, Saudiya Arabistoni Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotiga koʻra, bu kasallikka chalinish xavfi davom etayotgani, bu xastalikka qarshi vaksinaning yoʻqligi, kasalga chalinganlarni davolash uchun dori vositalari yetarli boʻlmaganini eʼtiborga olib, sogʻliq xavfsizligini saqlash maqsadida shunday qarorga kelingan.

Saudiya Arabistoni Harami sharif va Masjidi Nabaviy ziyoratchilarini haj va umra ibodatlarini emin-erkin va xavfsiz ado etishlariga imkon tugʻdirishga boʻlgan doimiy istagidan kelib chiqqan holda, koronavirus pandemiyasi boshlanib, dunyoning bir qancha davlatlarida tarqala boshlaganidan beri Allohning mehmonlari va muqaddas diyorda yashab turgan umra ziyoratchilari sogʻligʻini himoya qilishga boʻlgan katta eʼtiborini namoyish qilib kelmoqda, deb qayd etilgan.

“Haj – 2020” mavsumiga oid mazkur yakuniy qaror yuzasidan Saudiya Arabistoni Ulamolari Kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti, Butun jahon islom uyushmasi, Fors koʻrfazi davlatlari (BAA, Baxrayn, Quvayt va Ummon Sultonligi), Saudiyaga qoʻshni davlatlar (Misr, Sudan, Yaman, Iroq va Iordaniya) munosabat bildirib, unda ziyoratchilarning salomatligini eʼtiborga olingan holda haj boʻyicha eng toʻgʻri xulosa qilinganini qoʻllab-quvvatlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?